Islom karimov nomidagi toshkent davlat texnika universiteti nodira nishonova


Tushunish va uning bilish bilan o‘zaro nisbati



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə37/120
tarix19.10.2023
ölçüsü0,53 Mb.
#157494
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   120
Кулланма ов 230523 MUNDARIJASI BILAN2

Tushunish va uning bilish bilan o‘zaro nisbati. Tushunish va uning bilish (va tushuntirish) bilan o‘zaro nisbati muammosi ko‘pdan beri muhokama qilinadi. Masalan, Diltey tushunishni matn muallifining ma’naviy dunyosiga kirish sifatida tavsiflagan bo‘lsa, Xaydegger uchun tushunish insonning borliqqa o‘ziga xos munosabati, insonning dunyoda mavjud bo‘lish usulidir. Gadamer fikriga ko‘ra, o‘tmish madaniyatini tushunish talqin qiluvchining o‘zini tushunishi bilan uzviydir. Shu sababli tushunish predmetini muallif matnga joylagan ma’no emas, balki mazkur matn orqali anglab yetilishi lozim bo‘lgan moddiy mazmun («ishning mohiyati») tashkil etadi. Bunda, Gadamer fikriga ko‘ra, har qanday tushunish til muammosidir: unga «til mediumi»da erishiladi (yoki erishilmaydi) va isbotlashni taqozo etmaydi.
Hozirgi adabiyotlarda tushunish turlari, tiplari va darajalarining har xil tasniflari mavjud. Masalan, G.I.Ruzavin tushunishning uch asosiy turini farqlaydi:
A) Dialogda til vositasida aloqa qilish jarayonida yuzaga keladigan tushunish. Tushunish yo tushunmaslik natijasi bu yerda suhbatdoshlar o‘z so‘zlariga qanday ma’no yuklashiga bog‘liq.
B) Bir tildan boshqa tilga tarjima qilish bilan bog‘liq tushunish. Bu yerda o‘zga tilda ifodalangan ma’noni ona tili so‘zlari va gaplari yordamida ifoda etish va saqlash nazarda tutiladi.
V) Matnlarni, badiiy adabiyot va san’at asarlarini, shuningdek odamlarning turli vaziyatlardagi qilmishlari va harakatlarini talqin qilish bilan bog‘liq tushunish. Bu yerda ma’noni intuitiv tushunishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Bu tushunishning birinchi darajasi. Tushunishning ikkinchi darajasi tadqiqotning boshqa, xususan: mantiqiy-metodologik, aksiologik, kulturologik vosita va metodlarini jalb qilishni taqozo etadi46.
Fransuz germenevtikasining vakili Pol Rikerning fikricha, tushunish hech qachon bilishdan ajralmaydi, balki «ma’noni o‘zlashtirish faoliyatining bosqichi» hisoblanadi. Tushunish – fikr yuritish orqali simvolda yashirin ma’noni aniqlash demak. Bunda Riker quyidagi holatlardan kelib chiqadi:
a) germenevtika – izchil talqin qilish jarayoni;
b) talqinlarning xilma-xilligi germenevtikaning mohiyatini tashkil etadi;
v) tushunish – bir ong tomonidan uzatiladigan, ikkinchi ong esa uni tashqi ifodalar orqali qabul qilib oladigan belgilar ma’nosini tushunib yetish jarayoni;
g) ayni bir matn bir nechta ma’noga ega va bu ma’nolar bir-biriga qo‘shilib, qatlam hosil qiladi.
Shunday qilib, tushunish - muayyan hodisaning ma’nosini, uning dunyodagi o‘rnini, yaxlit bir butun tizimdagi funksiyalarini tushunib yetish demak. U borliqning ma’nolarini teran anglab yetishga ko‘maklashadi.
Tushunish jarayoni sodir bo‘lishi uchun quyidagilar zarur: har qanday tabiatli matnda ifodalangan predmet; unda ma’noning mavjudligi; mazkur ma’no to‘g‘risidagi dastlabki tasavvur; matnni talqin qilish, ya’ni matnning mazmunini tushunish; talqin qiluvchida o‘z-o‘zini tushunishning mavjudligi, muloqot, aloqa; «til stixiyasi»; dialog yuritish qobiliyati; o‘z fikrini bildirishga intilish, boshqacha fikrlaydigan odamga so‘z berish, uning aytganlarini hazm qila olish; ayni bir matn (unga muallif yuklagan ma’nodan tashqari) bir nechta ma’noga ega bo‘lishini nazarda tutish; matnning predmet mazmunini hozirgi davrning madaniy tafakkuri tajribasi bilan bog‘lash.47
Tushunish jarayoni insonning o‘zini qurshagan olamni bilish jarayoni bilan uzviy bog‘liq, ammo bunda inson faqat bilish faoliyati bilangina cheklanmaydi. Tushunish muammolari bilish nazariyasi masalalarini chetga siqib chiqara olmaydi, ular keng ijtimoiy-madaniy nuqtai nazardan bilish va predmetli-amaliy faoliyatning dialektik birligi asosida tahlildan o‘tkazilishi lozim.
Tushunish tavsiflash, tushuntirish va talqin qilish bilan bir qatorda, ilmiy bilim faoliyatining asosiy muolajalariga kiradi. Tushunishni tadqiq qilishga nisbatan ko‘p sonli yondashuvlar mazkur jarayon uni boshqa intellektual jarayonlar va gnoseologik operatsiyalardan ajratadigan o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Shuning uchun ham tushunishni bilishga o‘xshatish («tushunish – tushunchalarni mantiqda ifoda etish demak») yoki uni tushuntirish muolajasi bilan (garchi ular o‘zaro bog‘liq bo‘lsa-da) aralashtirish mumkin emas. Ammo tushunish jarayoni ko‘pincha anglab yetish, ya’ni inson uchun ma’lum ma’noga ega bo‘lgan narsalarni aniqlash bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham «tushunish ma’nolardagi real harakat, mazkur ma’nolarga amalda egalik qilish sifatida har qanday bilish faoliyatining ajralmas qismidir»48, degan fikrga qo‘shilish lozim.
Tushunish jarayoni muqarrar ravishda tushunishga harakat qilinayotgan narsaga qo‘shimcha ma’no yuklash bilan bog‘liq. Binobarin, matnni muallif qanday tushungan bo‘lsa, shunday tushunishning o‘zi yetarli emas. Demak, tushunish ijodiy jarayon va u muallif yuklagan ma’noni aynan aks ettirishnigina emas, balki unga tanqidiy baho berish, ijobiy jihatlarini saqlab qolish, ma’noni hozirgi voqelikning mazmuni bilan boyitishni nazarda tutadi.
Tushunish inson faoliyatining ma’nolarini tushunish va ma’no hosil qilish tarzida kelishi mumkin. Tushunish boshqa odamning «ma’nolar olami»ga kirib borish, uning fikrlari va o‘y-kechinmalarini tushunib yetish va ularni talqin qilish bilan bog‘liq. Tushunish – ma’noni qidirish demak, zero, faqat ma’noli narsanigina tushunish mumkin.
Ma’no tushunish muammosini hal qilishda muhim ahamiyatga ega. Ma’no – tildagi iboralar (so‘zlar, gaplar va sh.k.) mazmunining sinonimigina emas, balki murakkab, ko‘p qirrali hodisa.
M. Xaydeggerning fikricha, ma’no birinchidan, har qanday qilmish, xulq-atvor, amal «nimaga» va «nima uchun» sodir etilganini nazarda tutishi kerak. Ikkinchidan, ma’no yo‘nalishga ega, ya’ni u nimaningdir pirovard maqsadi (hayot mazmuni, tarix mazmuni va h.k.)49.
Tushunishning o‘ziga xos alohida xususiyati shundan iboratki, inson o‘zi tahlil qilayotgan narsa va hodisalarning ichki murakkab aloqalari, bog‘lanishlarini aniq sezadi. Oldin mexanik ravishda o‘zlashtirilgan, hatto ma’nosi anglanilmagan ma’lumotlar, sababiy bog‘liqliklar tushunish tufayli mantiqan muayyan tartibga, bir xil mantiqiy tizimga keltirilishi mumkin. Masalan, matematik nazariyani dalillash, formulalarni, tabiatshunoslik bilimlarini tushunish xuddi shu tariqa kechadi.
Inson hodisalarning mohiyatini va o‘zaro bog‘liqliklarini mantiqiy vositalarsiz aniq his qila oladi. Bunda hodisa individning maqsadi bilan uyg‘unlashib ketadi, uning maqsadga muvofiq aks etishini ta’minlaydi. Jumladan, boshqa kishining xulqini, uning fikri va harakat motivini tushuna oladi. Ijtimoiy madaniyat, tarixiy voqealar, obidalar, yozma yodgorliklar mohiyatini individ xuddi shu asnoda tushunib yetadi. Hayvonlar tabiati, hodisalar to‘g‘risidagi taassurotlar bilan hozirgisining o‘zaro o‘xshashligini tez tushunish imkonini beradi.
Har qanday matn – uni har xil tushunish va talqin qilishlar manbai. Muallifning matnni tushunishi – mana shunday tushunishlarning biri. Asar bir paytning o‘zida bir nechta ma’noga ega bo‘ladi. Uning ramziyligi ham ana shundadir. Zotan, ramz obraz emas, balki ma’nolar to‘plamidir. Shuning uchun ham matnni tushunish unga asar (matn, san’at asari va sh.k.) muallifi, shuningdek talqin qiluvchi joylagan ma’nolar bilangina cheklanishi mumkin emas.
Tarixiy rivojlanish jarayonida matnning ma’nosi o‘zgaradi. Har bir davr – ayniqsa, buyuk asarlarda – yangi nimadir kashf etiladi. Yangicha tushunish eski ma’noni bekor qiladi, unga qayta baho beradi.
Ijtimoiy bilish matnli xususiyatga ega bo‘lgani tufayli ijtimoiy fanlarda semiotika muammosi alohida o‘rin egallaydi.
Insoniyat tarixini, yashash tarzini, hayotning davomiyligini belgilarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Zero inson, bu dunyoda yashashi, ijtimoiy munosabatlarga kirishishi, qolaversa, o‘zligini namoyon etish uchun ham belgilarni o‘ylab topgan. Shu bois, belgilar haqidagi ilm – semiotikani tadqiq etish, uning shakllanishi, rivojlanishi va mazmunini tahlil qilish har bir davrda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Simvollar nazariyasi hisoblanmish semiotika – yunoncha semeiotisos – belgilar haqidagi ta’limot degan ma’noni bildiradi. U tabiiy, ya’ni inson tili, hayvonlarning belgi tizimlari va sun’iy ya’ni yasama, sun’iy tillar, dasturlash tili, matematika va mantiqdagi ramzlar tizimi kabi belgili tizimlarni o‘rganish, tahlil qilish, yaratish bilan shug‘ullanadi. Ijtimoiy hayotda narsa-hodisalar mazmunini topishda semiotika muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, semiotika turli belgilar tizimidagi axborotni yaratish, saqlash, yetkazib berish hamda tuzilishi va vazifalarini o‘rganuvchi nazariy ta’limotdir. Falsafiy adabiyotlarda semiotika so‘zini birinchi marta Dj.Lokk ishlatgan. Qizig‘i shundaki, XVII asrda Dj.Lokk o‘zining inson aqli haqida tajriba‖ (1690) asarida ong va tabiatni bog‘lovchi vositalar – belgilar bo‘lib, ularni semiotika o‘rganadi, deb e’tirof etgan. Faqat XIX asr oxiri XX asr boshlariga kelibgina ushbu fan tarmog‘i ilmiy doiraga kirib keldi. Lokk semiotikani mantiq faniga o‘xshatadi. U xatto, uchinchi kitob tajribalar‖da tabiat va inson faoliyatini bog‘lovchi bir nechta semiotik muammolarni ham tahlil qilgan. Ijtimoiy hayotda semiotikaning bir necha ma’nolari qo‘llaniladi. Avvalo, u belgilar haqidagi fandir. Ikkinchidan, hozirgi zamon tibbiyotida semiotika tashhis qo‘yishning alohida bo‘limlaridan biri sanaladi. Unda kasallik alomatlari, belgilari aniqlanadi. Aslida semiotika so‘zining kelib chiqishi ham tibbiyot bilan bog‘liq. Chunki qadimgi yunonchada semeiotikon - kasallik belgilarini aniqlovchi soha hisoblangan. Shuningdek, G.Germes o‘zining “Semiotika” (1938) asarida semiotikani matematika asoslariga taalluqli ilmiy yo‘nalish sifatida e’tirof etgan. Semiotika fan sifatida Yevropada XIX asrning oxirlarida vujudga kelgan. Semiotika atamasini fanga amerikalik mantiqchi, faylasuf va tabiatshunos olim Ch.Pirs kiritgan. Pirs belgi xususiyatlarini, dastlabki belgilar (indeks, ikona, ramzlar)ni tasniflagan, fanning maqsadi va tadqiqod doirasiga ko‘ra vazifalarini aniqlagan. Pirsning semiotik g‘oyalari juda murakkab va noan’anaviy uslubda bo‘lganligi bois, uning tadqiqotlari keyingi olimlar tomonidan soddalashtirilgan.
Tarixan, belgilar haqidagi fan, uning mohiyati xususidagi fikrlarda bir-biriga o‘xshash va yaqin xulosalar ko‘p bo‘lsa-da, biroq ularning ayrimlarida keskin farqlar (jumladan, Ch.Pirs va F.de Sossyurda) ham mavjud. Pirs semiotikani “munosabatlarning universal algebrasi” deb atab, matematikaning bir qismi deb hisoblasa, F.de Sossyur uni psixologiyaga taalluqli bilim sifatida gumanitar fan tarmog‘iga mansub, deb hisoblaydi. 1930 yillarda boshqa bir amerikalik faylasuf Ch.Morris tomonidan semiotikaning sodda strukturasi yaratildi. Biroq Ch.Morris semiotikaning falsafiy bilimlarga emas, balki tabiiy fanlarga, xususan, biologiyaga bog‘liq ekanligini e’tirof etadi. Uning fikricha, semiotika hech qanday falsafaga asoslanmaydi. Bu biryoqlama yondashuv edi. Olim mantiqiy pozitivizm nuqtai nazaridan belgilar tizimini tahlil etganligi bois, uni ko‘proq aniq va tabiiy fanlarning mahsuli deb hisoblaydi. Mantiqiy pozitivstlarning keyingi vakili R.Karnap ijodida ham semiotikaning asosiy jihatlari o‘rganilgan. Yana bir mantiqchi-faylasuf A.Tarskiyning asarlarida ham simvollar nazariyasining muhim xususiyatlari bilan bog‘liq fikrlar uchraydi. Keyinroq shveysar tilshunosi F.de Sossyur semiologiya asoslarining yangicha talqinini ishlab chiqdi. Olimning mashhur “Umumiy lingvistika kursi” asari uning vafotidan so‘ng 1916 yilda shogirdlari tomonidan nashr qilindi. Sossyur jamiyatdagi belgilarni o‘rganuvchi fanni – semiotika deb atagan. Asarda asosiy e’tibor qaratilgan ―semiologiya‖ atamasi semiotikaning sinonimidir. 1923 yilda nemis faylasufi E.Kassirer ramziy shakllar falsafasiga oid uch jildli asarini chop etdi. Unda ijtimoiy hayotning turli belgilardan, ramzlardan iborat ekanligi ta’kidlanib, ularning barchasi falsafiy mushohada yuritishga sabab bo‘luvchi hodisalar sifatida e’tirof etilgan.
Hozirgi semiotika esa, bugungi kunda madaniyat fenomenining belgili xususiyatlarini o‘rganishga e’tibor qaratmoqda. Umuman olganda, bugungi kunda belgi va mazmun dialektikasini o‘rganuvchi – semiotika o‘zining mustahkam metodologik asoslariga ega bo‘ldi. Yuqorida aytilganidek semiotika – belgi va ramzlar haqidagi ta’limotdir. Oldingi mavzularda belgiga biror-bir tasavvur, fikr, holat kabilarni ifodalovchi, yetkazib beruvchi, shu bilan birga, yaratuvchi mustaqil hodisa sifatida ta’rif berilgan edi.
Ramz (simvol) yunoncha "symbolon" – ramz, shartli belgi, tamg‘a yoki nishon degan ma’nolarni bildiradi. O‘z tabiatiga ko‘ra, moddiy yoki ma’naviy hodisa bo‘lib, muayyan mavhum g‘oya yoki tushunchani hissiy obrazli - timsol tarzida ifoda etadi. Ramz oddiy yozma yoki tovushli til belgilaridan farqli o‘laroq, olamning u yoki bu hodisasi emas, balki bilvosita – hissiy yoki mantiqiy obraz vositasida inson uchun muayyan mavhum tushuncha shaklida aks ettiradi. Ramz kelib chiqish nuqtai–nazaridan biron shartli belgini o‘zida ifodalaydi. E.Kassirer ham ramzni hissiyot orqali qabul qilinuvchi belgilar va obrazlardan tashkil topgan, deb hisoblaydi. Ramzni yaratuvchi inson yoki insonlar jamoasi bo‘lib, ular ramzlarga maqsadlari, orzu-umidlari, qarashlarini mujassamlashtiradi. Natijada yaratilgan ramz konkret ob’ektni ifodalaydi va qadriyat darajasiga ko‘tariladi. Bu esa ramzning faqatgina insonlar orasidagi munosabatlardagina ma’lum qiymatga egaligini ko‘rsatadi. E.Kassirer fikricha til, mif, din, fan ramziy shakllar bo‘lib, ularning vositasida inson o‘zini qurshagan muhitni tartibga soladi. Ramz faqat odamlar muloqoti doirasidagi sof ijtimoiy hodisa. Bugungi kunda ramz inson faoliyatining barcha sohalarini qamrab olgan, insonning o‘zi uni muallifi va iste’molchisidir. Inson o‘zaro munosabatlarini ramziylashtirar ekan bundan faqatgina turmush tarzini ma’lum ma’noda yengillashtirishni ko‘zlaydi.
Ramzning quyidagi jihatlarini ajratib ko‘rsatish o‘rinli:
 falsafiy jihat: ramz tafakkur mahsuli va tafakkur ramzda aks etadi (germenevtik aylana tarzida);
 germenevtik jihat: har qanday ramz ma’lum bir ma’noni ifoda etadi, uni tushuntiradi;
 gnoseologik jihat: ramzni ma’lum kishilar (turli ijtimoiy guruh va qatlamlar) o‘z bilim darajasi va bilish miqyoslari darajasida yaratadi va anglab yetadi;
 ontologik jihat: butun borliq ramzlardan tashkil topadi;
 psixolik jihat: ramzda doim muayyan ruhiyat va kayfiyat mavjud;
 sotsiologik jihat: ramz doim ijtimoiy Harakterga ega;
 aksiologik jihat: ramz qadriyat darajasida namoyon bo‘ladi.
Ramzning belgidan asosiy farqi shundaki, unda ob’ekt (yoki element) borliqdagi kabi aynan emas, balki ma’joziy-obrazli shaklda ifodalanadi va insonlar tomonidan yaratiladi hamda u doim konsensus – inson kelishuvi, hamfikrligiga tayanadi. Belgi esa, mavjud bo‘lishi uchun konsensusga muhtoj emas.
Dialog ijtimoiy bilishda (suhbat, so‘zlashuv) muhim rol o‘ynaydi. Ma’lumki, dialog qadim zamonlardayoq muammolarni dialektika yordamida bayon etish uchun foydalaniluvchi adabiy shakl sifatida mashhur bo‘lgan (Suqrot va Platon uni oliy shakl darajasiga ko‘targan).
Yunonchadan tarjimada dialog ikki yoki bir necha shaxs o‘rtasidagi suhbat, ular o‘rtasidagi yozma tarzda qayd etilishi mumkin bo‘lgan og‘zaki muloqot shakli degan ma’noni anglatadi. Dialog murakkab, rang-barang mazmunga boy va tushunish bilan uzviy bog‘liq o‘zaro aloqa shaklidir. Dialogda insonning ikki tabiiy intilishi: aytish va o‘zini eshitishlariga erishish, shuningdek tushunish va tushunilishga intilish ro‘yobga chiqadi.
Antik davrda nafaqat boqiy falsafiy masalalar qo‘yilgan, balki bu masalalarni yechish usuli ham yaratildi. Bu usul dialogdir. Dialog muammosining o‘zi ham «boqiy masalalar»dan biri sifatida namoyon bo‘ladi.
Tushunish jarayoni doim dialog ko‘rinishini kasb etadi, chunki tushunish muloqot (ko‘pincha bilvosita muloqot) bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, «sub’ektlar uchrashuvi»ni nazarda tutadi. Tushunish – bu doim shaxslar, matnlar, fikrlar, madaniyatlar va hokazolar dialogidir. So‘nggi yillarda ijodiy fikrlash va tushunish asosi sifatidagi dialog muammolariga qiziqish sezilarli darajada kuchaydi.
Sub’ektlarning bir-birini bilishi va o‘zaro til topishi aynan dialogda amalga oshadi. Bu jarayonda ikki sub’ektiv dunyoning har biri o‘z teran ma’nolarini namoyon etadi. Ijtimoiy fanlarda dialog mantiqi ko‘p jihatdan eksperiment o‘rnini bosadi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Davrimizning ko‘pgina muammolarini yechishda dialog muhim rol o‘ynaydi.
Bugungi kunda dialog mantig‘ini tuzish yo‘li fundamental xususiyat kasb etadi. Dialog mantig‘ini tuzish deganda oqilona dialogning har xil modellari nazarda tutiladi. Bu modellar oqilona bo‘lmagan dialoglarni (va ijtimoiy og‘zaki muloqotning boshqa usullari va shakllarini), ularning ishtirokchilari xulq-atvorini ham o‘rganish va muloqot jarayonlarining normativ kodekslarini shakllantirish imkonini beradi.
Ijtimoiy-gumanitar bilishda dialogning muhim rolini qayd etar ekanmiz, boshqacha yondashuvlar bilan asosli munozarada haqiqiy dialog o‘z nuqtai nazarining ijodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda katta mas’uliyat va o‘ta faollikni nazarda tutishini aniq tasavvur qilishimiz lozim.
Tushuntirish va tushunishning o‘zaro nisbati mavjud. Tushunish va tushuntirish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Ammo tushunish tushuntirishni, ya’ni o‘rganilayotgan hodisani qonunga va sababga bog‘lashni nazarda tutmasligini unutmaslik kerak. Bundan tashqari, tushunishni tushuntirishga qarama-qarshi qo‘yish, shuningdek inson bilish faoliyatining har qanday sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi va bir-birini to‘ldiruvchi bu ikki tadqiqotlarni bir-biridan ajratish mumkin emas.
Ularni farqlab, M.M.Baxtin shunday deb yozgan edi: «Tushuntirishda faqat bir ong, bir sub’ekt, tushunishda esa – ikki ong, ikki sub’ekt qatnashadi. Ob’ektga nisbatan dialogik munosabat bo‘lishi mumkin emas, shuning uchun ham tushuntirish dialogik jihatlarga ega emas (formal-ritorik jihatdan tashqari). Tushunish har doim ma’lum darajada dialogik xususiyatga ega»50.
Tushuntirish va tushunish (talqin qilish)ning o‘zaro nisbati to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, Vrigt mazkur tushunchalarni farqlagan ma’qul deb ko‘rsatadi. Bu farqni u quyidagilarda ko‘radi: «Bu nima?» degan savolga javob berish talqin qilishning natijasidir. Aytaylik, namoyish nima uchun sodir bo‘ldi yoki inqilobga nima «turtki» berdi?, degan savollarga javob berar ekanmiz, biz sodir bo‘layotgan hodisalarni nisbatan tor ma’noda tushuntirishga harakat qilamiz.
Bundan tashqari, bu ikki omil o‘zaro bog‘liq va ma’lum tarzda bir-biriga tayanadi... Bir darajadagi tushuntirish ko‘pincha dalillarni yanada yuqori darajada talqin qilishga zamin hozirlaydi»51.
Ammo ijtimoiy bilishda, avvalambor, uning predmeti xususiyati bilan belgilanuvchi tushunish metodikalari, tabiatshunoslikda esa – tushuntirish metodikalari ustun qo‘yiladi.

Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   120




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin