Makroiqtisodiy ko’rsatkichlar – mamlakat yaxlit iqtisodiyoti darajasidagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayon va hodisalarni o’lchash va baholash imkoniyatini beruvchi ko’rsatkichlar. Masalan, yalpi ichki mahsulot, milliy daromad, iqtisodiy o’sish, ishsizlik, inflyasiya darajasi va boshqalar.
Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi –Kadrlar tayyorlash milliy dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirishning muhim sharti sifatida maktab ta’limining orqada qolishiga barham berish hamda maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va uzluksiz ta’limning yagona tizimini shakllantirish bilan bog’liq mavjud jiddiy muammolarni bartaraf etish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 21 maydagi «2004-2009 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi to’g’risida»gi Farmoniga muvofiq kuchga kirgan. Mazkur Farmonga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 20 sentyabrda PF-3661-son Farmoniga muvofiq o’zgartirishlar kiritilgan.
Melioratsiya – yerning unumdorligini tubdan yaxshilashga qaratilgan tashkiliy-xo’jalik, muhandislik va agrotexnik tadbirlar turkumi.
Mehnat bozori – mehnatga qobiliyatli aholining ish bilan band bo’lgan va band bo’lmagan qismlari va ish beruvchilar o’rtasidagi munosabatlarni hamda ularning shaxsiy manfaatlarini hisobga oluvchi shartnomalar asosida ishchi kuchi xarid qilish - sotishni amalga oshiruvchi, shuningdek, unga bo’lgan talab va taklif o’rtasidagi nisbatlarni bevosita tartibga soluvchi, bozor iqtisodiyotining murakkab, ko’p aspektli, o’suvchi va ochiq ijtimoiy-iqtisodiy tizimchasidir.
Mehnat haqi – joriy davrda ish beruvchi tomonidan yollangan xodimga bajargan ishlari uchun berilgan pul yoki natura usulidagi to’lovlar bo’lib, ular hisoblangan summalar yig’indisidan tashkil topadi va ikki qismga bo’linadi: ish haqi va ijtimoiy sug’urtaga ajratmalar.
Mikrokredit – xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va boshlang’ich sarmoyani shakllantirishga beriladigan kreditlar. Mikrokreditlar: a) yuridik shaxs maqomiga ega bo’lmagan tadbirkorlik faoliyati uchun – eng kam ish haqining 50 barobarigacha; b) mikrofirma va dehqon xo’jaliklariga eng kam ish haqining 100 barobarigacha; v) fermer xo’jaligiga eng kam ish haqining 200 barobarigacha beriladi.
Mikrofirma –kichik biznes korxonasining bir turi. Mamlakatimizda sanoat ishlab chiqarishning tarmoqlarida 20 kishigacha, xizmat ko’rsatish sohasida 10 kishigacha, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 5 kishigacha ishlovchi korxonalar mikrofirma hisoblanadi.
Modernizatsiya – obyektni takomillashtirish, yaxshilash, yangilash, uni yangi talab va me’yorlarga, texnik shart-sharoitlarga, sifat ko’rsatkichlariga moslashtirish.