Qonun ustuvorligi – ushbu tamoyilning mazmuni shuni anglatadiki, qonun ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qat’iy hukmron bo’ladi. Ya’ni hech kim, hech bir davlat organi, mansabdor shaxs, tadbirkor yoki boshqa bir fuqaro qonunga bo’ysunmasligi mumkin emas, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy munosabatlar faqat qonun bilan tartibga solinadi uning barcha ishtirokchilari esa, hech bir istisnosiz, huquq normalarini buzganligi uchun javobgarlikka tortilishi kerak. Huquqiy normalarni tatbiq etishda konstitutsiya va qonunlarning normalari boshqa huquqiy normalardan ustun turadi.
Qonunchilik –1) davlat tomonidan o’z funksiyalarini amalga oshirishning asosiy usullaridan biri bo’lib, davlat hukumati organlari tomonidan qonunlar chiqarishda ifodalanadi; 2) ijtimoiy munosabatlarni to’la tartibga soluvchi huquqiy normalar yig’indisi yoki ijtimoiy munosabatlarning bir ko’rinishi.
Qonunchilik palatasi– O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining quyi palatasi. Qonunchilik palatasi saylov okruglari bo’yicha ko’ppartiyaviylik asosida saylanadigan bir yuz ellikta deputatdan iborat. Qonunchilik palatasining ishi palata barcha deputatlarining professional, doimiy faoliyat ko’rsatishiga asoslanadi.
Kon’yunktura – bu bozorda ma’lum bir vaqtda yuzaga kelgan iqtisodiy holatdir (asosan talab hamda taklif nisbati va u bilan bog’liq bo’lgan narxlar darajasi orqali yuzaga keladi).
Kooperatsiya aloqalari – turli soha ishlab chiqarish tarmoqlarida ma’lum mahsulotni tayyorlash bo’yicha uzoq muddatli aloqalarni o’rnatish.
Korxonalarga preferensiya berish – milliy iqtisodiyotda faoliyat ko’rsatuvchi korxonalarni moliyaviy qo’llab-quvvatlash maqsadida ular tomonidan ishlab chiqarishga chet eldan olib kiriladigan xom ashyo va materiallar, yarim tayyor mahsulotlar, shuningdek asbob-uskunalarni olib kirishda boj to’lovlari va boshqa jarayonlar bo’yicha yengilliklar (imtiyozlar) berilishi.
Korxonalarni texnik qayta qurollantirish – alohida ishlab chiqarish turlarini zamonaviy talablarga asosan yangi texnika va texnologiyalarni kiritish, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish, eskirgan qurilma va uskunlarni yangilash va almashtirish, ishlab chiqarish tuzilmasi va tashkil etilishini yaxshilash yo’li bilan, korxonaning texnik darajasini oshirish bo’yicha chora-tadbirlar majmuasi. U ishlab chiqarish intensivligini kuchaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yaxshilashga yo’naltirilgan bo’ladi.