Telekommunikatsiya – simli, radio, optik yoki boshqa elektromagnit tizimlardan foydalanib signal, belgi, matn, tasvir va tovushlarni yoki boshqa ko’rinishdagi axborotni uzatish, qabul qilish va unga ishlov berish jarayoni. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida ma’lumotlarni masofadan uzatish jarayoni.
Tijorat banklari – sanoat va savdoni qisqa muddatli kreditlar bilan ta’minlash, shuningdek xususiy mijozlarga turli turdagi bank xizmatlarini ko’rsatishga ixtisoslashgan banklar. Turmush darajasi – aholining zaruriy, moddiy va nomoddiy ne’matlar hamda xizmatlar bilan ta’minlanganlik hamda ularni iste’mol qilish darajasi.
To’g’ridan – to’g’ri investitsiyalar –bevosita mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish jarayonini tashkil etish yoki yanada kengaytirish maqsadida xorijiy sheriklar tomonidan uzoq muddatli kapital qo’yilmalar kiritish. To’g’ridan-to’g’ri investitsiyalar investorlarga mazkur ishlab chiqarish jarayonlari ustidan nazorat qilish imkonini beradi.
To’lov balansi –muayyan muddat davomida mamlakatning chet ellarga to’lagan va xuddi shu davr mobaynida mamlakatga chet eldan tushgan to’lovlar summalari nisbatini tavsiflaydi. To’lov turkumiga tashqi qarz, uning foizi, chetdan olingan tovarlar va xizmatlar haqi, xorijiy investitsiyalar, xorijda diplomatik ishlarni, iqtisodiy aloqalarni yuritish xarajatlari, fuqarolar va qo’shma korxonalarning chet elga pul o’tkazmalari va boshqalar kiradi.
Uzoq muddatli depozitlar – jismoniy va yuridik shaxslarning tijorat banklariga bir yildan ortiq muddatga qo’yilgan pul ko’rinishidagi jamg’arma va omonatlar.
Unifikatsiya – turli xildagi mahsulotlar, detallar, uzellar va boshqa qo’llaniladigan materiallar va texnologik jarayonlarni ratsional jihatdan bir xilligini ta’minlash. Uyali aloqa – uyali tarmoqqa asoslangan mobil radioaloqaning bir turi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi –qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitusiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko’radi.