Ikkinchi qadam, real pedagogik maqsadni shakllantirish. Bunda, birinchi qadam doirasida
aniqlangan pedagogik muammoni bartaraf etish uchun aniq maqsad shakllantiriladi va pedagog ta’lim
jarayoniga jalb etganlar uchun (pedagogik jamoa, talabalar jamoasi, ota-onalar kengashi va b.) o‘zining
faoliyatini baholaydi. Baho, “qoniqtiradi” va “qoniqtirmaydi” mazmunida belgilanadi.
Uchinchi qadam, pedagogik faoliyatda shaxsiy muvaffaqiyat mezonlarini belgilash. Pedagog
faoliyati davomida amalga oshiradigan harakatlarini qanchalik mazmundor ekanligini bilib olish,
pedagogik faoliyatining mahsuldorligini ta’minlaydi. Gohida, bu ko‘rsatkich pedagogik maqsadni
shakllantirganda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Agarda bunday bo‘lmasa, pedagog uchun baholash
mezonini belgilab olish tavsiya etiladi. Buning uchun, quyidagicha yondashish mumkin:-pedagog,
o‘zining kasbidan qanchalik qoniqqanligini baholash lozim (“qoniqtiradi” yoki “qoniqtirmaydi” tarzida);
pedagog o‘tadigan fani doirasida talabalarni dars mazmunidan qanchalik qoniqish hosil qilganligini
aniqlashi lozim (talablar “qoniqdi” yoki “qoniqmadi” tarzida); pedagog, kasbiy faoliyatining
natijalaridan kutishlarini belgilab, ularga yetganligini baholashi lozim bo‘ladi.
To‘rtinchi qadam, pedagogik axborotni jamlash. Pedagogik muammoni hal etish uchun, uni
kelib chiqish sababi, kechishi, ta’sir ko‘rsatish darajasi va omillarini aniqlash lozim bo‘ladi. Buning
uchun pedagogik axborotni jamlashi lozim bo‘ladi. Masalan: kuzatuv asosida alohida voqea-hodisa,
inson va uning hayoti haqida axborotga ega bo‘lish. Masalan, “Kasbiy faoliyatini baholash” testi asosida
yoki obyektiv testlarning natijasi asosida axborotlarni jamlash (masalan, intellekt testlari, qobiliyat
testlari, shaxs testlari kabilardan). Barcha axborot, kasbiy faoliyatda samaradorlikka erishish g‘oyasi
asosida tahlil etiladi va belgilangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida pedagog o‘zi uchun reja
tuziladi.