Jismoniy tayyorgarlik o’quv-trenirovka jarayonining muhim bo’limi hisoblanadi. Jismoniy tayyorgarlik organizmning funksional imkoniyatlari umumiy darajasini oshirish, har tomonlama jismoniy rivojlantirish, sog’liqni mustahkamlash bilan uzviy bog’liq bo’lgan jismoniy qobiliyatlarni tarbiyalash jarayonidir. Jismoniy tayyorgarlik umumiy va maxsus tayyorgarlikka bo’linadi. O’quv-trenirovka ishida umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik vazifalari uzviy bog’liqdir.
Futbolchilarning umumiy jismoniy tayyorgarligi jismoniy qobiliyatlarini har tomonlama tarbiyalash, umumiy ish qobiliyatini oshirish vazifalarini hal qiladi. Umumrivojlantiruvchi mashqlar va shug’ullanuvchilar organizmiga umumiy ta’sir ko’rsatuvchi sportning boshqa turlaridan olingan mashqlar bunda asosiy vositalar sifatida qo’llaniladi. Bunda mushak paylarining rivojlanishi va mustahkamlanishiga, ichki a’zo va tizimlar funksiyasining takomillashishiga, harakatlar koordinasiyasi va harakat sifatlari umumiy darajasining oshirilishiga erishiladi.
Umumiy jismoniy tayyorgarlikni oshirish maqsadida qo’llaniladigan ko’pgina mashqlar organizmga har tomonlama ta’sir ko’rsatadi, ayni chog’da ularning har biri u yoki bu sifatlarni ko’proq rivojlantirishga qaratilgan bo’ladi. Jumladan, baland-past joylarda uzoq muddat yugurish ko’proq chidamlilikni, qisqa masofalarda jadal yugurish esa tezlikni rivojlantirishga, gimnastika mashqlari chaqqonlikni o’stirishga qaratilgandir. Bu mashqlar mashg’ulotning tarkibiy qismiga, ulardan ba’zilari esa ertalabki mashg’ulotga kiritiladi.
Maxsus jismoniy tayyorgarlikning maqsadi - futbolchi uchungina xos bo’lgan jismoniy sifatlar va funksional imkoniyatlarni rivojlantirish hamda takomillashtirishdan iboratdir.
Futbolchilarning faoliyati bajarayotgan harakati intensivligining doim o’zgarib turishi bilan ifodalanadi. Mushaklar ishining yuksak intensivligi faollikning pasayishi va nisbatan tinch holatga o’tish bilan almashib turadi. Jadal yugurish, ilgari tashlanish, sakrashlar yengil yugurish, yurish, to’xtash bilan almashinadi, harakat yo’nalishi, maromi va sur’ati o’zgarib turadi. Bunday faoliyat muayyan jismoniy yuklamani amalga oshirish bilan bog’liq bo’lib, vegetativ jarayonlar, birinchi navbatda, modda almashinuvi, nafas olish va qon aylanishidagi jiddiy funksional o’zgarishlar bilan davom etadi.
Biroq futbolchilarning o’yin faoliyati faqat sakrash, yugurish va yurishdan iborat emasligini ham hisobga olish kerak. Futbolchilar harakati anchagina murakkab. Yakkama-yakka qattiq kurash sharoitida, eng katta tezlikda va uzoq vaqt davomida g’ayri tabiiy (sirpanish, sakrash, bir oyoqqa tayangan holda) bo’lish futbolchiga ayni paytda murakkab taktik vazifani xal qilgan xolda to’pni samarali egallab olishga monelik qilmasligi kerak. Futbolchilar to’pni qanchalik yaxshi olib yursalar, maydonda qanchalik o’ylab ish tutib harakat qilsalar, futbol tomosha sifatida shuncha qiziharli bo’ladi. Shuning uchun futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi ularning o’yin faoliyati harakatini hisobga olgan holda shunday tashkil qilinishi kerakki, bu ularning texnik va taktik mahoratini takomillashtirish uchun asos bo’lsin.
Ko’proq muayyan jismoniy sifatlarni rivojlantirishga qaratilgan maxsus mashqlar yordamida yo’l-yo’lakay ayrim texnik usullar ijrosini takomillashtirish mumkin. Buning uchun, odatda, bajarish xarakteri va tuzilishiga ko’ra u yoki bu texnik usul yoxud uning alohida elementlariga o’xshash bo’lgan maxsus mashqlar qo’llaniladi.
Jismoniy tayyorgarlik mashg’ulotlarida ko’proq takroriy, oralatib o’tkaziladigan, o’zgaruvchan, o’yin va musobaqa uslublari qo’llanib turadi.
Yillik trenirovka siklida avval umumiy jismoniy tayyorgarlik, keyin shu asosda maxsus jismoniy tayyorgarlik ko’rish tavsiya qilinadi. Futbol bilan ko’p yil shug’ullanish mobaynida umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik nisbati, shuningdek, ularning muayyan mazmuni, sport mahoratini o’stirish yuzasidan maxsus tayyorgarlik salmog’i asta-sekin ortib borish tomon o’zgartirilayotir. Futbolchilarning umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarligida kuch, tezkorlik, chaqqonlik, epchillik asosiy o’rin tutadi. Ayni shu jismoniy sifatlar futbolchilarning harakat imkoniyatlari darajasini ifodalaydi.
Jismoniy sifatlarni tarbiyalash yagona trenirovka jarayonining bir qismidir. Futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini takomillashtirish uslubiyatini qarab chihar ekanmiz, bunda biz, avvalo, jismoniy fazilatlarni tarbiyalash uslublarini nazarda tutamiz.