Itolmasov e. R



Yüklə 440,35 Kb.
səhifə25/37
tarix07.01.2024
ölçüsü440,35 Kb.
#201265
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   37
Futbol Maqola

4.1. Kuchni tarbiyalash


Insonning kuchi mushaklar kuchi orqali tashqi qarshiliklarni yengishi yoki ularga qarshi tura olishida aniqlanadi.
Futbolchi o’z vazni va to’p og’irligi bilan ish tutadi. Boshqacha qilib aytganda, u, asosan, gavdasi va to’pning inersiyasini bartaraf qilish uchun o’z kuchidan foydalanadi. Harakatning boshlanishi, uni tezlashtirish, to’xtatish, harakatning yo’nalishini o’zgartirish, sakrash, to’pga zarba berish - mana shu aytib o’tilganlar futbolchilarning kuchini namoyon qiladigan sifatlardir. Ko’rinib turganidek, hamma holatlarda dinamik xarakterga egadir. Shunday qilib, o’yin faoliyatining xarakteri o’yinda namoyon qilinadigan kuchning rivojlanish darajasi va xususiyatlarini belgilaydi. Ko’p yillik tadqiqotlar yengib o’tiladigan qarshiliklarning miqdori qanchalik kam bo’lsa va mushaklarning qisqarish tezligi qancha ko’p bo’lsa, maksimal kuch kattaligining qiymati shuncha kam bo’lishini ko’rsatmoqda.
Futbolchiga muayyan miqdordagi kuch zarur bo’ladi va u bu kuchdan qandaydir qisqa vaqt ichida foydalanishi kerak. Mazkur kuch "dinamik kuchdir".
Kuchning darajasini ikki omil: mushakning ko’ndalang kesimini kattalashtirish va nerv-mushak boshqariluvini yaxshilash hisobiga oshirish mumkin ekanligi ma’lum.
Shu pozisiyadan turib futbolchilarda kuchni oshirishning maqsadga muvofiqligini ko’rib chihamiz. hamma mushaklar morfologik jihatdan qaraganda, bir qator bog’lamlardan tuzilgan koplekslardan iborat bo’lib, ularning har biri juda ko’p tolalardan tarkib topgan. Har bir tola nerv o’simtasi - akson shoxchasi bilan bog’langan bo’lib, bu harakat birligini tashkil qiladi. Ana shu morfologik xususiyati tufayli mushaklar but-butun holda ham, alohida tomirlar guruhi holida ham qisqara oladi. Mushaklar but-butun holda qisqarmay, balki bir nechtagina harakat birligi hisobiga qisqara olishi harakatlarni koordinasiya qilishda mushaklar tizimining muhim xususiyati hisoblanadi. Mushaklararo va mushaklarning ichki koordinasiyasini futbolchi qanchalik differensial olib borsa, o’z gavdasi va to’pni shunchalik yaxshi boshqara oladi.
Aytaylik, biz kuchimizni mushakning ko’ndalang kesimini kattalashtirishga yo’naltirilgan maxsus mashqlar yordamida rivojlantirishni mo’ljalladik. Bunday holda maksimal vaznning kamida 60-70% miqdorida og’ir snaryadlarni ko’tarishdan foydalanish kerak. Og’irliklarni ko’tarishni 2-6 oy mobaynida haftasiga 4-5 marta bir yarim-ikki soatdan mashq qilish lozim.
Futbol amaliyotida, odatda, maksimum vaznning 40-50% miqdoridagi shtanga va shu singari asboblar yordamida kuchni tarbiyalash 1-1,5 oy davom ettiriladiki, bu amalda kuchni oshirmay, mushaklararo koordinasiyaning yomonlashishiga olib keladi. To’g’ri, bunday trenirovkada absolyut kuch oshadi, ammo u ba’zi salbiy oqibatlarga ham olib keladi. Birinchidan, futbolchilarning o’z vazni ortib ketadi, bu esa yaxshi ko’rsatkich sanalmaydi. Ikkinchidan, mushaklarning ichki va o’zaro koordinasiyasi yomonlashadi. Og’irlik snaryadlari bilan mashqlar bajarish jarayonida mushaklarning o’zida morfologik o’zgarishlar sodir bo’ladi. Doimo kuchli tashqi ta’sirga duch keladigan mushak tolalari bu ta’sirga qarshi turadi. Shu munosabat bilan, bir tomondan, tolalarning bir guruhga "birlashishi" ro’y beradi: ikkinchi tomondan esa uzoq muddat davom etgan trenirovka ta’siri ostida alohida tolalar har qanday tashqi qo’zg’atishga javoban birgalikda harakat qiladi. Shunday qilib, futbol-chi uchun juda zarur bo’lgan qobiliyat, ya’ni javob harakatlarini nozik differensiyalash qobiliyati yo’qoladi.
U yoki bu harakatda ishtirok etuvchi harakatlar birligi miqdorini aniq yozib olish imkoniga egamiz, deylik. Kuch mashqlari boshlanguniga qadar futbolchiga
"chapga soxta harakat qilib, o’ngga to’p bilan ketib qolish" texnik usulini bajarishni taklif qilamiz. Usul nihoyatda to’g’ri bajarilganda, bu harakatda oyoq mushaklari harakat birligining 50% ishtirok etgani ma’lum bo’ladi. Og’irliklar ko’tarish bilan o’tgan uzoq davom etgan mashg’ulotlardan keyin unga yana o’sha usulni bajarishni topshiramiz. Endi usulni bajarishda 50% ko’proq harakat birligi ishtirok etar ekan. Bundan texnik usulning o’zi ham qo’polroq bajarilar, kuch ham ko’proq sarf bo’lar ekan. Binobarin, kuchni oshirib, to’pni olib yurish texnikasini, ya’ni futbolning eng asosiy komponentini yomonlashtirar ekanmiz.
Nihoyat, kuch oshgani bilan bu spesifik harakatlarni bajarish tezligiga ijobiy ta’sir etmasligi mumkin. Shuning uchun kuch tayyorgarligi vositalarini tanlaganda, bajarilmoqchi bo’lgan harakat uchun rivojlantirilayotgan kuchning xususiyati va shartini juda ham aniq bilib olish kerak. Chindan ham, futbolchilar shtangani qo’lga tutgan holda cho’nqayib o’tirar ekan, shtangani yerdan dast ko’tarib olar ekan, uni oyoqda dam ko’tarib, dam tushirar ekan, katta tashqi qarshilik ostida sur’at jihatidan ham, tuzilishi jihatidan ham musobaqalardagidan farq qiladigan mashqlarni bajaradilar.
Tadqiqotlar mashqlar "tezkor" va "sust" harakat birligidan iborat ekanligini ko’rsatadi. Shuning uchun ham trenirovkaning yo’nalishi u yoki bu guruh nerv tolalari faolliliga ta’sir etishi, oqibatda esa kuch potensiali ortiqcha bo’lib qolishi mumkin.
Nisbiy kuchlarning yuksak darajasi kishi jadal harakatlarda qisqa vaqt mobaynida shu kuchni namoyon qila olgandagina samarali bo’ladi. Futbol amaliyotida bu, ayniqsa, to’pga zarba berilgandagina ko’zga yaqqol tashlanadi. To’pni oyoq mushaklari o’ynab turgan futbolchi mushaklari uncha ko’zga tashlanmayotgan o’yinchiga nisbatan kuchsiz tepadigan hollar uchrab turadi. Bu, aftidan, mushaklararo koordinasiya buzilganligi bilan bog’liq bo’lsa kerak. To’pga zarba berilayotganda, son orqa yuzasidagi mushak (mushak-antogonist) lar son oldi yuzasi mushaklariga oyoq kaftini maksimal tezlik bilan oldinga "uzatib" yuborishiga halaqit bermasligi uchun oyoq kafti to’pga tepish oldidangina harakatga qo’shiladi. Biroq katta salmoq bilan asta-sekin bajariladigan ishda ikkala guruh mushaklarining zo’riqishi to’pga zarb berishdek to’satdan bajariladigan harakatga salbiy ta’sir etadi. U yoki bu ixtisoslik bo’yicha kuchni oshirishda harakat tuzilishi o’xshashi zarur ekanligi yana bir bor tasdiqlanadi.
Shunday qilib, futbolchilarda kuch va tezkorlikni uyg’unlashtirishga erishish va bunda koordinasion imkoniyatlarni yomonlashtirmaslik hamda chidamlilikni so’saytirmaslikka erishish uchun trenirovkaning shunday vosita va uslublaridan foydalanish zarurki, ular futboldagi harakat faoliyati talablariga muvofiq bo’lsin. Futbolchilarda kuch va tezkorlikni tarbiyalashning eng oqilona vositalari bular o’rin bo’shatish - yengib o’tish xarakteridagi kombinasiyalashgan dinamik ishlardir.
Sakragandan keyin yerga kelib tushishdagi amortizasiya bunga misol bo’ladi. Bu ishda son oldi yuzasidagi mushaklar cho’ziladi.
O’yin faoliyati jarayonida futbolchidan qisqa vaqt ichida kuch namoyon qilish talab etiladi. Turli xil sakrash mashqlari (yugurib kelib va turgan joyidan uzunlikka sakrash, klassik uch qatlab sakrash, balandlikka sakrash va, ayniqsa chuqurlikka sakrash (bunda kishi 70-110 sm balandlik-dan sakraydi va shu zahoti qandaydir keyingi harakatlarni bajaradi) futbolchilarning maxsus "portlovchi" kuchlarini oshiruvchi samarali vositalardir.
Trenirovka jarayonida sportchi tayanch bilan qatnashishni tezroq bajarishiga e’tibor qilish kerak. Chunki ko’pchilik harakat birliklari sportchi uchun zarurat tug’ildi deguncha baravar ishga kirishishga "o’rgatilishi", ya’ni mushaklar ichki koordinasiyasi yaxshbilanishi va shu yo’l bilan mushaklarning ko’ndalang kesimini o’zgartirmay turib, ularning kuchliroq bo’lishiga erishish lozim.
Biroq trenirovkada chuqurlikka sakrash qo’llanilar ekan, bunda sakrash balandligini asta oshirib borishni unutmaslik (ammo 110 santimetrdan oshirmaslik) zarur, aks xolda amortizasiya fazasi ancha ortib ketib, kuchning maksimal kattaligiga yomon ta’sir ko’rsatishi mumkin. Tadqiqotlar dinamik kuch trenirovkasi o’rin bo’shatish - yengib o’tish xarakteridagi mashqlar bilan birgalikda statik kuchga nisbatan dinamik kuchning o’sishiga ijobiy ta’sir qilishini ko’rsatadi. Chunki bu holda ham, odatda, mushaklarning musobaqa paytidagiga o’xshash ish rejimi qo’llaniladi. Bu vaqtda kuch potensialigina yuqori darajaga ko’tarilmay, balki futbol o’yiniga xos maxsus morfologik va bioximik adaptasiya ham ta’minlanadi.

4.2. Tezlikni tarbiyalash


Tezlik deganda juda qisqa vaqtda kishining muayyan harakatni amalga oshirish qobiliyati ko’zda tutilgan. Tezlik to’rt ko’rinishda namoyon bo’ladi:

  • reaksiya vaqti;

  • yakka harakat vaqti;

  • harakatning maksimal chastotasi; - harakatning boshlanish tezligi.

Murakkab harakat paytidagi kishi tezligi tezlikning kompleks namoyon bo’lishi bilan birga boshqa omillarga ham (qadamning kattaligiga, siltanish kuchiga va h.k.) bog’liq. Futboldagi tezlik esa maydonda tez harakat qilishdangina iborat bo’lmaydi, shu bilan birga, fikrlash tezligi, to’p bilan ishlash tezligi hamdir. Futbol nuqtai nazaridan tezkor bo’lgan o’yinchi raqibni ham vaqt, ham ochiq joyga chiqib olish jihatidan yutadi. Bu nisbatan erkin holda taktik vazifani muvaffaqiyatli hal eta oladi, demak.
Futbolda darvozagacha eng yaqin yo’l ko’pincha to’ppa-to’g’ri bo’lmaydi. Maqsadga erishish, ya’ni darvozaga to’p kiritish uchun o’yinchi maydonda sheriklari va to’pning qayerda ekanligiga qarab joyini o’zgartirib, harakatlanib yuradi. O’z navbatida, bu ish yakkama-yakka kurashish asnosida ham amalga oshiriladi. Futbolchi katta tezlik bilan borayotib harakat yo’nalishini birdan o’zgartirib yuborishga, gavdani tutib turish qiyin bo’lgan holatda va ko’pincha yakka tayanch holatida qandaydir texnik usulni va shu singari harakatlarni bajarishga doimo tayyor turishi lozim. Shu munosabat bilan futbolchilar o’z gavdalarining og’irlik markazi iloji boricha pastroqda bo’lishiga harakat qilishlari lozim. Shunday qilib, futbolchining tezligi tarkibiy qismlarning bir butun seriyasidan iboratdir.
Tadqiqotlar futbolchilarning tezkorlik sifatlari quyidagilardan iborat ekanligini ko’rsatadi:

  1. oddiy vaziyatda start tezligi;

  2. murakkab vaziyatda start tezligi;

  3. start olish tezligi;

  4. mutlaq (eng yuqori) tezlik;

  5. siltanish - tormozlanish harakatlari tezligi;

  6. texnik usullarni bajarish tezligi;

  7. bir harakatdan ikkinchisiga o’tish tezligi.

Futbolchilarning o’yin faoliyatida bularning har biri o’z o’rniga ega. Darvoqe, tezlik namoyon bo’ladigan hamma shakllar nisbatan bir-biriga bog’liq emas. Bu demak, tezlikning har bir tashkil etuvchi maxsus yo’nalishdagi ishni talab qiladi.

4.3. Epchillikni tarbiyalash


Epchillik - bu murakkab kompleks sifat bo’lib, uni baholash uchun yagona mezon topish qiyin. V.A. Zasiorskiyning fikricha, quyidagilar epchillikni o’lchash imkonini berishi mumkin: vazifalarning murakkabligi, uning aniq va o’z vaqtida bajarilishi (futbolda bu vaqt vaziyatni o’zgartirishdan to javob harakati boshlangan daqiqagacha bo’lgan eng kam vaqtdir).
Futbolchilarning chaqqonligi avvalo futbol maydonida doimo o’zgarib turuvchi vaziyatda to’pni olib yurganda keyin to’psiz qilgan harakatlarda namoyon bo’ladi. To’pni olib yurish, kimga uzatishni tanlash va to’p tepish o’yinchidan juda keng koordinasion imkoniyatlarni ko’rsatishni talab etadi. Agar bunga futbolchilarning harakat va texnik faoliyati yakkama-yakka olushuvlar va turli dastlabki holatlar asnosida o’tishini (o’zidan oshirib urish, dumalatib urish, sakrab turib bosh bilan urib yuborish va hokazolar), o’yin shart-sharoitining doimo o’zgarib turishini (yomg’ir, issiq, o’tli, yerli maydon, tabiiy va sun’iy ravishda yoritilish) ham qo’shadigan bo’lsak, unda o’yin faoliyatining samarali bo’lishi uchun rivojlangan epchillik sifatlari futbolchi uchun qanchalik muhim ekanligi o’zo’zidan tushunarlidir. Usullarni qay darajada tez, aniq va o’z vaqtida bajara olishi o’yinchining o’zidagi harakatlantiruvchi apparatni boshqara olishi va harakat qobiliyatining rivojlanishi darajasiga bog’liqdir.
Epchillik sifatlarini takomillashtirishda rang-barang yangi harakatlar turkumini egallab olish kerak, shundagina ma’lum malakalar bazasida noma’lumlari oson o’zlashtiriladi.
Sport nazariyasida "ekstrapolyasiya", ya’ni (ma’lum harakat malakalariga asoslanib) to’satdan paydo bo’lgan sharoitga javob harakatini darhol tuza olish qobiliyati tushunchasi keng qo’llaniladi. Futbolda oshirib tepish bu tushunchaga misol bo’la olishi mumkin. Odatda, trenirovka chog’ida bu elementga ko’p e’tibor berilmaydi. Biroq, boshqa chora qolmagan vaziyatlarda futbolchilar ko’pincha o’zidan oshirib tepishni qo’llaydilar.
O’yinchilarda boshqa harakat malakalari turkumi serob bo’lganligi uchun yuzaga kelgan vaziyatga bog’liq holda bu harakatdan foydalanishlari mumkin.
Shaxsning koordinasion imkoniyatlari qanchalik ko’p bo’lsa, tatbiq qilish ham shunchalik yuqori darajada bo’ladi. Tabiiyki, muvofiqlashtirish imkoniyatlarining ko’pchiligi bolalik va o’spirinlik yoshlarida yaratilishi kerak. Bu gapdan malakali futbolchilarda epchillikni rivojlantirib va takomillashtirib o’tirishning hojati yo’q ekan-da, degan ma’no chiqmaydi. Biroq, shuni esda tutish lozimki, epchillikni o’rgatish qiyin, chunki u har kimning o’ziga xos sifatdir. Futbolchining trenirovka paytida to’pni oyoq bilan, bosh va gavda bilan ming ohangga solib o’ynatishini, o’yin chog’ida uning eng oddiy vaziyatlarda nochor ahvolda bo’lib qolishini ko’p kuzatish mumkin. Shunga ko’ra, epchillikni shunday vositalar yordamida rivojlantirish ma’qulki, ular futbolchilarning o’yin faoliyatida "orttirgan" malakalari ko’magida foydalanish imkonini bersin.
O’yinchilarda muvofiqlash imkoniyatlarini yaxshilashga akrobatika, chang’ida to’siqlardan o’tish, suv chang’isida suzish, batutdagi sakrash, harakatli va sport o’yinlari ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Vaqt kam bo’lgan sharoitda va muntazam o’zgarib turuvchi vaziyatda texnik mahoratni oshirishga qaratilgan mashqlar epchillikni oshirishga yordam beradi. Bunda analizatorlar faoliyatining ahamiyati kam emas. Sportchilarda harakatni aniq ilg’ab olish va yana uni qaytadan bajarish qobiliyati qanchalik yuqori bo’lsa, yangi malakalarni shunchalik yaxshi egallab oladilar. Epchillikni takomillashtirish uchun shunday mashqlar zarurki, ular harakat, vestibulyar apparatlari, ko’rish analizatorlariga teppa-teng ta’sir etsin.

Yüklə 440,35 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   37




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin