ANIQLOVCHI ERGASH GAPLI QO’SHMA GAP
reja:
1. Aniqlovchi ergash gapning ta'rifi.
2. Aniqlovchi ergash gapli qo’shma gaplarda nisbiy olmoshlar.
3. Aniqlovchi ergash gaplarning bosh gapga biriktiruvchi vositalar
va kompenentlarning o’rinlashish tartibi.
4. Aniqlovchi ergash gapli qo’shma gaplarga doir tahlil namunasi.
Bosh gapdagi olmosh bilan ifodalangan aniqlovchini yoki ifodalan-magan aniqlovchini izohlab, to’ldirib, keluvchi ergash gaplar aniqlovchi ergash gap deyiladi. Masalan, O’zbekiston shunday diyorki, fasllari gulga o’ralgan (U.) gapida ergash gap (fasllari gulga o’ralgan) bosh gapdagi aniqlovchi vazifasida qo’llanilgan shunday so’zini izohlab, aniqlab kelgan. Bu hol qo’shma gapni transformasiya qilganda yaqqol seziladi: bosh gapdagi olmosh bilan ifodalangan bo’lak (shunday) vazifasida endi aniqlovchi ergash gap (fasllari gulga o’ralgan) qo’llanil-gan bo’ladi. Qiyoslang: O’zbekiston shunday diyorki, fasllari gulga o’ralgan. –O’zbekiston fasllari gulga o’ralgan diyor.
Bosh gap birinchi o’rinda kelganda, uning aniqlovchisi sifatida shunday, ba'zi bir xil, ayrim, bir, ba'zi bir, hech bir, shunday bir kabi nisbiy olmoshlar qo’llaniladi va bular ergash gap tomonidan aniq-lanadi.
Shunday: Sahro shunday olamki, ishchi qo’llar bo’lsa, hamma narsa bor. (Asq.M.) Hasad shunday o’tdirki, agar u tutasa, ho’lu quruq birday yonadi. ("K.D.")
Shunday bir: Endi shunday bir hikoya aytib berki, unda doimo shoshiladigan, ishning orqa-o’ngini o’ylamasdan harakat qiladigan bir odamning ahvoli tasvir etilsin... ("K.D.")
Ba'zi, ba'zi bir, ayrim: Ba'zi bir rahbar xodimlarimiz borki, ular tanqiddan to’g’ri xulosa chiqarmaydilar. Ayrim ilmiy muassasalar borki, unda fan yutuqlarini ishlab chiqarishga faol tadbiq etish yomon yo’lga qo’yilgan (gazeta).
Bir: Bir qizlarki, har biri bir parizod deysiz (O.). Bir o’lkaki, tuprog’ida oltin gullaydi. (O.) Bir vatanning o’g’limenkim, har taraf gul, lola, bog’. (G’.G’.)
Dostları ilə paylaş: |