Zamonaviy adabiyot va tarjima masalasi.Tarjima zamonaviy dunyo uchun bag‘oyat muhim masala. Chunki tarjima - muloqotning eng ta'sirchan va uzoq yashovchan shakllaridan biri, u nafaqat bir insonning o‘zga bir inson bilan, balki butun boshli bir millatning boshqa bir millat bilan diydor ko‘rishuvidir. Bugungi axborot asrida, har tomonlama integratsiyalashuv tig‘izlashgan, tezlashgan zamonda madaniyatlararo muloqotsiz oldinga xotirjam bir odim ham qo‘yib bo‘lmasligini tobora chuqurroq tushunib borilayotgani - haqiqat. Jahon adabiyoti ham tarjima bilan tirik. Faqat har qanday tarjima emas, balki millat ko‘nglining, millat botiniy qiyofasining tarjimasigina o‘zini oqlaydi. “Har bir odamning yuragida o‘z xalqining jajji qiyofasi yashaydi”, degan ekan A. Freytag. Millat guli hisoblanmish ijodkor ziyolilar faoliyatida esa (ya'ni ijodlarida) bu qiyofa o‘zining butun qirralari bilan, ayniqsa, to‘liqroq namoyon bo‘ladi. Bu qiyofa, avvalombor, millatning o‘zgarmas, barqaror tabiatini, har bir xalqning o‘zigagina xos o‘zak xususiyatlarini o‘zida mujassam etadi. Tarjima orqali mana shu o‘zlikni tanitish kerak bo‘ladi. Bunday tanishuv esa o‘zga tillarga tarjimasiz, xorijiy tillarni mukammal bilishsiz mumkin emas. Zero, “Til robitai vositai olamiyondir” (Avaz O‘tar). Mana, nima uchun tarjima bugun hayotu mamot masalasiga aylanib borayapti ekan. Aksi taqdirda, o‘z javharidan, turlanmaydigan asos-mohiyatidan mahrum bo‘lgan millat qiyofasiz bir holga tushib, globalizmning ayovsiz girdobiga tortiladi-da, o‘z ildizidan, bora-bora esa o‘zligidan ham ayrilib o‘zi bor-u, nomi va shoni yo‘q odamlar to‘dasiga aylanadi. Bunday qismatni hyech bir xalq aslo o‘ziga ravo ham ko‘rmaydi. Demak, jahonga so‘z bilan o‘zlikni namoyon qilishning birdan bir yo‘li - baland saviyali, asliyatga muqobil badiiy tarjima yo‘lidir.
Biroq tarjimada ham tarjima bor. Tarjima bor - asliyatning “panjasiga panja uradi”, tarjima bor – asliyat mohiyatini to‘la yetkazib berolmaydi. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, dunyoda har bir katta ijodkorning o‘z tarjimon(lar)i bo‘ladi. Ana o‘sha tarjimon(lar) paydo bo‘lmaguncha ijodkor o‘zga millat uchun noma'lumligicha qolaveradi. Hatto uning yuzlab tarjimonlari bo‘lib, har yili bittadan kitobi o‘nlab tillarga tarjima qilinsa ham, foydasi kam bo‘ladi. Aksincha, nomarg‘ub tarjima ijodkor haqidagi tasavvurni buzib, o‘quvchining nazaridan tushiradi. Ana o‘sha munosib tarjimon (lar) paydo bo‘lmaguncha u - “hyech kim!”. Uning faqat nomigina davralardayu kitoblardagi sanoqlarda aylanishi mumkin. Lekin hyech qachon tarjima etilgan millat vakillarining yuraklariga kirib, onglarida e'zoz topmaydi. Shu ma'noda rassom yoki bastakorga havas qilish mumkin. Chunki ularning biri rang, boshqasi esa ohang tilida ijod qilishadi. Rang va ohang tili esa universal tillar hisoblanib, hamma davrlarda va barcha ellar uchun tushunarli bo‘lib qolaveradi. Ya'ni bu “til”lar tarjimaga ehtiyoj sezmaydi. Bu “til”lar tarjima hodisasidan ustun hodisalardir. (Harakat san'ati - ayrim dramatik asarlar ham shunday. Ya'ni, masalan, so‘zsiz, mimika asosiga qurilgan spektakllarni oling). So‘z san'ati esa ayni shu yerda yuqoridagi san'atlar bilan bellasha olmay qoladi. Ayni shu yerda adabiyotning hududiga chegara uriladi. U tarjima bo‘lgandan so‘nggina “bojxona”dan chet mamlakat hududiga o‘tishi mumkin. Biroq u endi kattaroq boshqa bir davonga duch keladiki, uning ismi o‘zga tilli, boshqa tafakkurli o‘quvchidir. So‘z san'ati namunasi muvaffaqiyat bilan tarjima etilgandagina o‘zga mamlakat o‘quvchisining yuraklariga kirishi mumkin. Shu ma'noda, asliyatda hatto har tomonlama durdona hisoblangan asar ham tarjimadagi o‘z muvaffaqiyatini yuzlab yillar kutishi mumkin. Ungacha esa u “yopiqliq qozon”dek sirini ichida yashirib turaveradi.
Tarjima og‘ir yumush. O‘zbek shoiri Erkin Vohidov yozadi:
Oy o‘rtanar, ko‘zlarida yosh,
Ko‘ksi dog‘u yuragi qiyma:
“Ey falak, men edim quyosh,
Nega meni qilding tarjima?”
Darhaqiqat, tarjima qilingan asarlar mohiyatini juda teran bir tarzda ochib beradigan to‘rtlik bu. Chunki oy bir paytlar quyosh edi, tarjima qilingandan so‘ng oy darajasiga tushib qoldi, ya'ni kichrayib, nuri ozaydi. Demak, har qanday asar tarjimadan so‘ng bir daraja quyiga qarab ketadi, degan xulosa yashiringan yuqoridagi to‘rt qator she'rda. Darhaqiqat, ko‘pincha shunday bo‘ladi. Lekin o‘z ishining ustasi bo‘lgan haqiqiy tarjimon asliyatga muqobil tarjima ustida o‘ylaydi, izlanadi. Zero, tarjimadan keyin quyoshning quyosh, oyning oy bo‘lib qolishi eng mukammal tarjima natijasi hisoblanadi. Quyoshning oy darajasiga tushirgan va yoki, aksincha, oyning quyosh darajasiga ko‘tarib qo‘ygan tarjima ham mukammol sanalmasligi lozim. Chunki to‘g‘ri va baland tarjima asliyat ruhini saqlab qola olgan tarjimadir.
Tarjimon asar ruhiga kira olib, asar mag‘zini “o‘ziniki”ga aylantirib olsagina uning o‘girmalari muvaffaqiyatga erishadi. Shunday muvaffaqiyatli tarjimalardan biri o‘zbek shoiri Usmon Nosirga tegishli bo‘lib, u rus shoiri Mixail Lermontovning “Demon” dostonini yuksak darajada o‘zbekchaga o‘girgan. Tarjimon doston mazmunini “o‘ziniki”ga aylantirib olgan. Asar xuddi o‘zbekchada bitilgan kabi, ravon, haroratli o‘qiladi. Ayni chog‘da aytish joizki, tarjimada “Famoningga yig‘lab cho‘kay tiz” degan “ortiqcha” misra paydo bo‘lib qolgan. Bu misra Usmon Nosirda bor-u, Lermontovda yo‘q. Xo‘sh, nega? Tarjimonning bunga nechog‘li haqqi bor? Nazariyaga qarasangiz, haqqi yo‘qdek. Asliyat va tarjimani qiyoslagandan keyin esa anglashiladiki, tarjimon doston ruhiga shu darajada chuqur kirganki, go‘yo uning ijodkoriga aylangan. Xuddi Lermontov kabi. Hamda ijodkor ruh kayfiyatini qog‘ozga to‘kkan:
Dengizlarning tublarin quchay,
Bulutlardan balandga uchay.
yer ne'matin senga tutay qiz,
Farmoningga yig‘lab cho‘kay tiz, Sevgin meni!..
Darhaqiqat, go‘zal, haroratli misralar! Aynan shu misra mamlakatning eng baland tog‘i cho‘qqisiga tikilgan bayroqqa o‘xshaydi. Bu o‘rinda bayroq o‘sha mamlakatning borligiga, kuch-qudratiga yo‘naltirilgan bir ramz bo‘lgani yanglig‘, “Farmoningga yig‘lab cho‘kaytiz” misrasi ham oshiqning sevgilisiga bo‘lgan cheksiz ishqidan bir dalil, nishon. Aynan shu misrada uning ma'shuqasi uchun har narsaga tayyor ekanligini ayonlashadi. Qolaversa, aynan shu misra “Usmon Nosir” deb atalgan tarjimon, ayni paytda ,shoir-mamlakat qudratini ham ko‘z-ko‘z qilguvchi bayroqdir. Birgina shu bayroqqa qaraboq tarjimonning yusak iste'dodiga guvoh bo‘lish, undan hayratlanish mumkin. Bu misralar asliyatda quyidagicha:
Ya opuщus na dno morskoe,
Ya polechu za oblako.
Ya dam tebe vse, vse zemnoe –
Lyubi menya!..
Tarjimadagi ijodkorlik (“Farmoningga yig‘lab cho‘kaytiz”) ni qofiya (“qiz – tiz”) taqozosi deb ham talqin qilish mumkindir, ehtimol. Lekin gap faqat bunda emas. Asliyat qofiyasiga e'tibor berilsa, - u yo‘q (“Morskoe – zemnoe” - qofiya emas). Bu borada (ya'ni qofiya masalasida) tarjima varianti ustun ekanligini e'tirof etmoq kerak. Lekin asliyat o‘zicha go‘zal. U shu darajada go‘zalki, hatto qofiyaga muhtoj emas. “Ya opuщus na dno morskoe, Ya polechu za oblako” misralarining ma'no, ya'ni to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjimasi “Dengizlarning tubiga tushaman (tushay), Bulutlarning ortiga uchaman (uchay)” bo‘lar edi. Usmon Nosir Lermontov chizgan manzarani Lermontov taklif qilgan badiiy gap konstruksiyasiga ko‘ra emas, balki o‘z so‘zlari bilan qayta yozadiki, natijada “Dengizlarning tublarin quchay, Bulutlardan balandga uchay” kabi oltin misralar, chinakam ijod, asliyatga tengma teng ijod namunasi dunyoga keladi. Chunki dengizning tubiga tushish bilan uni quchish, bulutlarning ortiga uchish bilan ulardan balandga uchish o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Xuddi oddiy gap bilan she'riy misra orasidagi tafovut kabi.
Tarjima tarixiga nazar tashlasak, asosan, ikki xili ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Biri - taglamali (podstrochnыy) tarjima, ikkinchisi - mazmun tarjimasi. Aslida, badiiy tarjimaning necha xili bo‘lishiga qaramay, eng muhimi, asar ruhi to‘g‘ri tarjima etilmog‘i shart. Shu ruh berildimi, qolgani katta-kichik tahrirlar bilan tuzatilishi mumkin. Ruh berilmasa-chi, barchasi bekor: chiroyli so‘zlar, silliq gap konstruksiyalari, hikmatli so‘zlarning o‘rinli ekvivalentlari, qo‘yingki, butun “toat-ibodat” suvga oqadi-ketadi.