G‘arbiy Afrika Sahroyi Kabir va Gvineya qo‘ltiqlari oralig‘ida joylashgan bo‘lib, hududi tropik cho‘llar, savanna, hamda nam ekvatorial mintaqaga to‘g‘ri keladi. Ushbu subregionda Afrikaning aholi soni jihatidan yetakchi davlati-Nigeriya joylashgan. Aholisining milliy tarkibi ancha murakkab. Mustamlakachilik davrida qulchilik eng avj olgan mintaqa hisoblanadi. Subregionning zamonaviy qiyofasini, birinchi navbatda, bu yerda qadimdan rivojlanib kelgan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashuv belgilaydi. Plantatsiya xo‘jaligining rivojlanishi bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan subregion davlatlari, asosan, texnik ekinlar yetishtirishga ixtisoslashgan. Qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan monokultura ekinlarining (yeryong‘oq, turli mevalar, tabiiy kauchuk, kakao, kofe) asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi. Konchilik sanoati asosiy rivojlangan sanoat tarmog‘i hisoblanadi. Asosan, temir va uran rudalari, boksit, qalay, neft, olmos, oltin qazib olinadi. Nigeriya G‘arbiy Afrikaning iqti- sodiyoti nisbatan rivojlangan davlatlariga misol bo‘la oladi. Markaziy Afrikamamlakatlari materikning markaziy qismida, nam ekvatorial o‘rmonlar hamda savanna mintaqalarida joylashgan. Subregion mineral resurslar turi va zaxirasiga ko‘ra, nafaqat Afrikada, balki jahonda oldingi o‘rinlarning birini egallaydi. Bundan tashqari, mintaqa suv, biologik (asosan o‘rmon) resurslariga ham boy bo‘lsada, mavjud tabiiy resurs imkoniyatlaridan to‘lig‘icha foydalanilmaydi. Markaziy Afrika ishlov berilmagan olmos, mis, kobalt, marganes, qalay, neft kabi mineral resurslarning asosiy qismini jahonning turli davlatlariga eksport qiladi. Bundan tashqari, subregion eksportida o‘rmon resurs- larining salmog‘i ham katta. Asosiy sanoat tarmog‘i konchilik sanoati bo‘lib, so‘nggi yillarda yirik shaharlarda asta-sekinlik bilan qayta ishlovchi sanoat tarmoqlari ham rivojlanmoqda. Aholisi, asosan, bantu oilasiga mansub xalqlardan tashkil topganligi bilan ajralib turadi. Kongo Demokratik Respublikasi subregion bo’yicha iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan davlat hisoblanadi.