Qadimgi Mesopotomiyaning madaniy yutuqlari Mesopotamiya – jahon sivilizatsiyasi va qadimgi shahar madaniyatining ilk o’choqlaridan biri. Bu madaniyatning ilk asoschilaridan biri shumerlar bo’lib, ularning yutuqlarini bobilliklar va Ossuriyaliklar o’zlashtirib, davom ettirdilar.
M.a. IV ming yillikda shumer yozuvi paydo bo’ldi. Taxminlarga ko’ra bu yozuv shumerlar Mesopotamiyaga kelganga qadar noma’lum xalq tomonidan kashf qilingan. Shumerlar bu yozuvni sivilizatsiya xizmatiga qo’ydilar. Ilk yozuv namunalari Uruk IV qatlamidan topilgan1. Dastlab 1500 ga yaqin belgidan iborat shumer yozuvi juda sodda piktografik shaklda bo’lib, alohida buyumlar, tasvirlar tarzida ifodalangan. Shunday yozuvdan m.a. III ming yillikdan boshlab akkadlar ham foydalanishgan.
S ekin-asta bu yozuv mixxatga aylandi. Dastlabki shumer mixxatlari tarixiy hodisalar yoki hukmdorlar hayotini emas, oddiy xo’jalik hisob-kitoblarini qayd etgan. Shumerliklar foydalangan mixxat dastlab 800 atrofidagi belgilardan iborat bo’lib, ular so’z yoki bo’g’inni tasvirlagan. Ularni eslab qolish qiyin edi, biroq shumerlar mixxati ko’plab qo’shni xalqlar tomonidan qabul qilingan. Yangi Bobil davriga kelib mixxat belgilar 300 dan salgina ortiq bo’lgan.
Akkad tili janubiy Mesopotamiyada m.a III ming yillikning ikkinchi yarmida paydo bo’ldi. Shumer va akkad tillari bir-biridan ko’pgina so’zlarni o’zlashtirib oldi. M.a. III ming yillikning oxirida qadimgi Shumer–akkad lug’atlari tuzilgan. Akkad tili Old Osiyo xalqaro diplomatiya tiliga aylandi. M.a. VII asrdan boshlab oromiy tili va yozuvi kirib kelgan paytda mixxat yozuvlari muomaladan chiqa bordi.
Mesopotamiya sivilizatsiyasi ma’lumotli kishilarni tayyorlash bo’yicha ilk tajribalarni amalga oshirdi. Yirik ibodatxonalar, hukmdorlar saroylari, maktablar, shuningdek xususiy shaxslar qo’lida sopol taxtachalardan iborat kitoblar to’plangan. M.a. II ming yillikdan boshlab Ur, Nippur shaharlarida adabiy va ilmiy matnlardan iborat ilk kutubxonalar paydo bo’ladi. Qadimgi Sharqning eng mashhur kutubxonasi Oshshurbanipalning (m.a. 669-635 yillar hukmronlik qilgan) Nineviya shahrida to’plangan 30.000 taxtachadan iborat kutubxonasi bo’lgan.
Savodli va ma’lumotli kishilar Ikkidaryo oralig’ida juda qadrlangan. Yozuvning murakkab xususiyatiga qaramasdan jamiyatda savodxonlik darajasi ancha yuqori bo’lgan, ayniqsa Bobilda. M.a. III m.y. o’rtalarida alohida talim maskani sifatida shakllangan Shumer maktablari - edubalar bunda katta rol o’ynagan. Dastlab ulardagi ta’lim amaliy maqsadnigina ko’zlagan. Maktablarda asosan davlat va ibodatxonalar uchun kotiblar tayyorlangan. Biroq, bora-bora edubalar Mesopotamiyaning ilm va madaniyat markazlariga aylandi.
Maktablarda asosan shumer tili va adabiyoti, arifmetika elementlari o’qitilgan. Yuqori sinf o’quvchilari kelajakda mutaxassislashuvga qarab astronomiya, geometriya, matematika, huquq, tibbiyot va meditsinadan bilim olganlar. O’qitish metodikasi o’qituvchining savollari va ta’lim oluvchilarning javoblaridan, bir tildan ikkinchisga tarjimalar, yozuv mashqlari va yodlashdan iborat bo’lgan. Shunisi ibratli-ki, maktablarda nafaqat o’g’il bolalar, balki qizlar ham tahsil olgan.
Bizgacha etib kelgan eng qadimgi huquqiy yodgorlik podsho Shul-ga qonunlaridir (m.a.III ming yillikning oxiri). M.a. XX asrga oid Eshnunna qonunlari, m.a. II ming yillik boshlariga tegishli Larsa va Issin qonunlari parchalari, Lipit-Ishtar nomli hukmdorning kirish, xulosaning bir qismi va 40 ga yaqin qonun moddalari bizgacha etib kelgan.
Shumerliklarning filologiya sohasidagi yutuqlari ham ahamiyatli bo’lgan. Shumer tili muomala vositasini bajarmay qo’ygandaham maxsus maktablarda adabiy til sifatida o’rganilgan. O’rta asr Yevropasida lotin tili kabi, shumer tili u so’zlashgan xalq boshqa xalqlarga singishib ketgach ham to Ossuriya davriga qadar o’lk til sifatida saqlanib qoldi.
Qadimgi Mesopotamiya arxivlar makoni bo’lgan. Eng qadimgi arxivlar m.a. III ming yillikning birinchi choragiga tegishli. Bu davrda arxiv ma’lumotlari yozilgan taxtachalar namlikdan saqlash uchun mumlangan savatlarda saqlangan. M.a. XIX asrga oid Ur shahri arxivi, m.a. XVIII asrga oid arxiv Mari podshosi saroyidan, Uruk shahridan m.a. VIII-VI asrlarga oid 2500 xo’jalik hujjatlari arxivi topilgan.
Shumer adabiyotiga oid epik asarlar, afsonalar, madhiya, doston, ertak va maqollar to’plami bizgacha yetib kelgan. Shumer shahrini qo’shni qabilalar hujumlari natijasida halokati to’g’risida ma’lumot beradigan asarlar alohida o’rin tutadi. “Ur shahri aholisining falokati motam yig’isi” (m.a. XX asr oxiri) asarida ayollar, qariyalar va bolalarning ochlikdan qiynalishi, yong’indan qolgan uylarda halok bo’lganlarni tafsilotlari batafsil tavsiflagan.
Shumer adabiyotining eng mashhur-namunasi afsonaviy qahramon Gilgamesh to’g’risidagi epik afsonalar to’plamidir. Bu asar akkad tilida qayta ishlangan nusxada to’laroq ko’rinishda Oshshurbanipal kutubxonasida topilgan. Bobilda falsafiy, diniy g’oyalar aks etgan asarlar yaratilgan.
Shumerliklar va so’ngra akkadlar dunyoqarashida dehqonchilik uchun muhim ahamiyat kasb etgan tabiat kuchlarini - osmon, yer, suvni ilohiylashtirish muhim rol o’ynagan. M.a. IV-III ming yilliklar chegarasida Shumerda batafsil ishlab chiqilgan, keyinchalik Bobilda o’zlashtirilib, rivojlantirilgan teologik tizim yuzaga keladi. Оsmon xudosi Anu, yer xudosi Enlil, suv xudosi Enki yoki Ea kabi ilohlar tabiat kuchlarini aks ettirganlar. Oliy xudo va Olamning yaratuvchisi Marduk sanalgan. Har bir shahar o’z xudo - homiysiga ega bo’lgan. Dehqonchilik, hosildorlik va farzand tug’ilishining homiysi bo’lgan ona ilohaga katta ehtirom bilan munosabatda bo’lingan. Shumer panteonidagi ayol ilohalar orasida markaziy o’rinni Uruk ilohasi Inanna egallagan. Mesopotamiya aholisining diniy tuyg’ulari pessimistik kayfiyat bilan sug’orilgan. Shumer va akkadlar u dunyoga ishonganlar. Ularning tasavvurida u dunyo soyalar podsholigi, qaysiki, o’liklar ochlik va chanqoqlikdan qiynaladilar, shu sababli ular o’limdan qo’rqishgan.
Mesopotamiya rasmiy va xalq e’tiqodlarida sehrgarlik amaliyoti keng tarqalgan. Folbin-munajjimlar, bashoratchilar, tush ta’birchilarining roli katta bo’lgan.
Qadimgi Bobil sivilizatsiya tarixida ilk bor huquqiy tizimni yaratdi. XX asrda Suzada fransuz arxeologilari tomonidan topilgan va bugungi kunda Luvrda saqlanayotgan Xammurapi qonunlari ikki metrli bazalt ustunga o’yib yozilgan. Ushbu qonunlar insoniyat tarixida ilk bor xususiy mulk himoyasiga qaratildi. Begona mulkiga ko’z olaytirish, patriarxal oila negizlariga daxl qilingandagi kabi qattiqqo’llik bilan jazolangan. Jazoni belgilashda ko’pincha aybdorning ijtimoiy holati hisobga olingan. Qullar ayniqsa shafqatsizlik bilan jazolangan. Xammurapi qonunlari qadimgi Sharq tsivilizatsiyalari qonunchiligi taraqqiyotiga katta ta’sir ko’rsatdi.
Qadimgi Mesopotamiyada dunyoni ilmiy bilishda ma’lum yutuqlarga erishildi. Bobilda ayniqsa, matematika fanlari amaliy maqsadlar uchun yuzaga kelib, yuqori darajada rivojlanadi. Qadimdayoq bobilliklar zikkuratlarning yuqori qavatlaridan turib osmon jismlarini muntazam kuzatganlar. Ana shu ko’p asrlik kuzatishlari natijasida matematik astronomiya vujudga keldi. Bobilda ko’p sonli astronomik jadvallar vujudga kelgan. Shu davrda Bobilda mashhur astronomlar Naburian va Kiden yashaganlar. Naburian oy fazalarini aniqlash tizimini ishlab chiqdi. Kiden quyosh yilini 365 kun, 5 soat 41 minut va 41,6 sekund hisobladi. U yil hisobi davomiyligida bor yo’g’i 7 minut, 17 sekundga xato qilgan. Astronomiya astrologiya bilan bog’langan edi.
Qadimgi Mesopotamiya tibbiyoti ham qadimgi diniy e’tiqodlar bilan chambarchas bog’liq bo’lgan. Ma’buda Ninxursag tibbiyot homiysi hisoblanib, bu ma’buda og’izda bo’ladigan kasalliklar, tish og’rig’i, qovurg’adagi kasalliklar va boshqa har xil kasalliklarni davolovchi deb hisoblangan sakkizta quyi darajadi xudolarni yaratgan. Xudo Nunurta va uning «o’likni tiriltiruvchi» rafiqasi ma’buda Gula, «hakimlar piri» bo’lgan xudo Ninazu va uning o’g’li xudo Ningishzidalar ham tibbiyot homiysi hisoblangan. Xudo Ningishzidaning timsoli - hassaga chirmashib turgan ilon bo’lib, u tibbiyotning alomati sifatida shu kunlargacha saqlanib kelmoqda1.
M.a. III ming yillikdayoq mesopotamiyaliklar Hindistonga boradigan yo’lni, m.a. I ming yillikda Efiopiya va Ispaniyaga boradigan yo’lni bilganlar. Bizgacha yetib kelgan xaritalar bobilliklarning o’z geografik bilimlarini tizimga solishga harakat qilganliklarini ko’rsatadi.
Ikkidaryo oralig’idagi tabiiy sharoit va qurilish xomashyosining kamligi me’morchilik taraqqiyotiga o’z ta’sirini ko’rsatgan. M.a. IV m.y. o’rtalarida gidroizolyatsiya maqsadida baland tagkursi ustida barpo etilgan ibodatxona tipi shakllandi. U shumer turar joylarining namunasida yuzaga keldi. Ushbu ibodatxonalar Mesopotamiya aholisining tasavvurida xudolar uyi bo’lgan. Zinopoyasimon ibodatxonalar – zikkuratlar Mesopotamiya me’morchiligining timsoliga aylandi.
Qurilishda asosan xom g’ishtdan foydalanilganligi shumer ibodatxonasi konstruksiyasining rivojlanishida kata rol o’ynadi. Yog’och tanqisligi sharoitida gumbazli tizim shakllangan. Aynan mana shu gumbazli, arkali qurilish uslubi keyinchalik mashhur Rim me’morchiligiga asos bo’ldi.
Qadimgi Mesopotamiyaning san’atini shakllanishi va keyingi taraqqiyotiga ham shumerlarning badiiy an’analari hal qiluvchi rol o’ynaydi. Tosh o’ymakorlik m.a. III ming yillik boshlarida shakllandi. Toshga naqshlar o’yish (gliptika) m.a. I asrigacha yuksak darajada rivojlandi. M.a. XXIV-XXIII asrlarda, Mesopotamiya yagona davlat bo’lib birlashgan paytda podsholarning ideallashtirilgan portret-tasvirlari paydo bo’ladi.
M.a. II ming yillik boshlaridan qurbonlik keltirish, saroy hayoti manzaralari tasvirlangan freska san’ati rivojlanadi. Mesopotamiya san’ati m.a. VIII-VII asrlarda Ossuriya davlatining gullab-yashnagan davrida o’zining yuqori cho’qqisiga chiqadi. Bu asosan relyef san’atida o’z aksini topgan. Bu davrda ulug’vor saroy va ibodatxonalar barpo qilina boshlandi.
M.a. I ming yillikda Mesopotamiyada yirik savdo-hunarmandchilik madaniyat markazlari bo’lgan katta shaharlar paydo bo’ladi. Mesopotamiyaning ilmiy bilimlari, san’ati, me’morchiligi, dini, yozuvi va adabiyoti, qadimda ko’pgina Sharq xalqlari madaniyati ravnaqining o’lchov mezoni bo’lib xizmat qildi.