Sivilizatsiyalarning belgilari va tulari Dastlabki sivilizatsiyalarni arxaik davrdan qanday belgilar ajratib turadi? Bu borada olimlarning yakdil fikri yo’q.
A.Fergyusson sivilizatsiyani insoniyat jamiyatining ijtimoiy sinflar, shaharlar, yozuv va boshqa hodisalar xos bo’lgan bosqichi sifatida ta’riflagan. L.Morgan va F.Engels sivilizatsiyaning muhim belgilaridan biri sifatida yozuvni ko’rsatishgan. Ko’pchilik olimlar sivilizatsiyani sinfiy jamiyat, siyosiy va ijtimoiy tabaqalashuv tizimi, ma’muriyat va hududiy bo’linish, davlatchilik, shuningdek, mehnat taqsimoti bilan bog’lashadi.
Ingliz olimi G.Chayld tomonidan sivilizatsiyaning quyidagi 10 ta belgisi ilgari surilgan: shaharlar, mahobatli jamoatchilik binolari, soliqlar yoki boj, intensiv iqtisodiyot, shu jumladan, savdo, hunarmandlarning ajralib chiqishi, yozuv, ilm kurtaklari, san’atning rivojlanishi, imtiyozli sinflar va davlat1. Ushbu belgilarning ichida mahobatli me’morchilik, shaharlar va yozuv jamiyatda kechgan ijtimoiy va siyosiy jarayonlar bilan sabab-oqibat aloqalarning butun bir tizimi orqali bog’liq bo’lib, dastlabki sivilizatsiyalarning madaniy majmuasini xarakterlaydi. Sivilizatsiyaning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyatini esa sinfiy jamiyat va davlat tashkil etadi.
Sivilizatsiya mohiyatan jamiyat shakllanishida erishilgan daraja sifatida yovvoyilik va varvarlikka qarama-qarshi qo’yiladigan qarashlarda sivilizatsiya shakllanishining eng asosiy sharti sifatida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqishda sezilarli samaradorlikka erishish ko’rsatiladi. Shuningdek, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi hamma yerda sivilizatsiyaning iqtisodiy poydevorini tashkil etishi ta’kidlanadi. Shuning bilan birga faqat mehnat va hunar qurollarinigina emas, balki, muhimrog’i, boshqaruv ko’nikmalarini ham o’z ichiga oladigan texnologiyalar taraqqiyoti sivilizatsiyaning shakllanish jarayoni bilan funktsional bog’liq bo’lishi kerak deb uqtiriladi.
Ayrim olimlarning fikricha, insoniyat madaniyatining insonni mahluqot darajasidan tashqariga chiqishini belgilagan barcha yutuqlari va intilishlari, faoliyat va tafakkurda muayyan normativlarga rioya etish, kishining fikrlashi, o’zini tutishi va istak xohishlaridagi muayyan nazokat va nafosat, madaniyat va texnologiya rivojlanishining nisbatan yuqori rivojlanishi, shaharda yaratilgan qulay maishiy sharoit ham sivilizatsiyaning muhim belgilaridan hisoblanadi.
Intellektual sohada sivilizatsiya avvalo spekulyativ tafakkurning shakllanishiga, aniq fanlar, yozuv va timsolli yozishning, aqliy va jismoniy mehnat taqsimotining vujudga kelishi va rivojlanishi, keyinchalik estetik ongning shakllanishi va rivoj topishida namoyon bo’ladi. Sivilizatsiya tuzum madaniy va siyosiy mustaqillikka erishganidan keyin o’z taraqqiyotining eng yuksak pallasiga, ya’ni gullab yashnash davriga kiradi. Bu davrda jamiyatda adolat, erkinlik, ijtimoiy va individual bardamlik qaror topadi.
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirgan holda sivilizatsiyaning quyidagi muhim belgilarini ajratish mumkin:
Hokimiyatning bo’linishi, ularning saylanishi va doimiy almashtirib turulishi bilan ajralib turuvchi, yuqori darajada rivojlangan siyosiy tashkilot;
Qonunning ustuvorligi, huquqning hal qiluvchi prinsipiga asoslangan muqim huquq tizimi;
Ijtimoiy imkoniyatlarning tengligi, shaxsning mustaqilligi, insonning daxlsiz huquqlarining ta’minlanishini kafolatlaydigan barqaror jamiyatning;
Insonning tabiiy muhit bilan o’zaro uyg’un ta’sirini ta’minlaydigan optimal texnologiyalar; xususiy mulkchilikka, ayirboshlashning rivojlangan vositalariga asoslangan, o’ta boylar va o’ta kambag’allarga keskin tarzda bo’linmaydigan jamiyatning barcha a’zolariga munosib hayot tarzini yaratib bera oladigan erkin iqtisodiyot;
Bugunga qadar mavjud bo’lgan va bugungi kunda mavjud sivilizatsiyalar miqdorini ham aniqlash qiyin, zero yuqorida ta’kidlahganidek, sivilizatsiyalarning aniq vaqt va hududiy chegarasi, sivilizatsiyalarni ajratib ko’rsatishning aniq universal mezonlari yo’q. Shu sababli sivilizatsiya nazariyalarini ishlab chiqqan turli olimlarning ro’yxatlari bir-biriga to’liq mos tushmaydi. Masalan, N.Danilyevskiy til guruhlari asosida 15 ta madaniy – tarixiy tipni ajratib ko’rsatgan bo’lsa, O.Shpengler sakkizta “yuksak madaniyat” larni sanab o’tgan. Biroq bu barcha ro’yxatlar mukammal emas.
Shu o’rinda sivilizatsiyalarning quyidagi ayrim turlarini sanab o’tish mumkin: dastlabki (avtoxton) sivilizatsiyalar, an’anaviy sivilizatsiyalar, yo’ldosh sivilizatsiyalar, yangilangan sivilizatsiyalar, o’rta sivilizatsiyalar, monolit sivilizatsiyalar, sintetik sivilizatsiyalar, agrar sivilizatsiyalar, industrial sivilizatsiyalar, kontinental sivilizatsiyalar, dengiz, okean sivilizatsiyalari. Deyarli barcha sivilizatsiyalar bir vaqtning o’zida bir necha turga aloqador bo’lishi mumkin. Masalan, ibtidoiy davrdan o’sib chiqqan qadimgi Yunon sivilizatsiyasi yangilangan, monolit, agrar, dengiz sivilizatsiyasi edi.
Olimlarning fikricha sivilizatsiyaning mohiyatini, uning o’ziga xosligini turli omillar belgilaydi: tabiiy muhit, xo’jalik yuritish tizimi, siyosiy tuzim, jamiyatning ijtimoiy tashkiloti, din (yoki din darajasiga chiqarilgan mafkura), ma’naviy qadriyatlar, mentalitet. Ularning nuqtai nazaridan, insoniyat taraqqiyoti sivilizatsiyalarning bir-biri bilan o’rin almashashishi shaklida boradi, ularning har biri o’z madaniy-tarixiy an’analari, ahloq normalari, diniy tizimlarini ishlab chiqadi.