Altamir g'ori suratlari A ql-idrokli odam nafaqat mehnat qilish, balki ichki kechinmalarini va hissiyotlarini turli usullar bilan aks ettirishni ham bilgan. Paleolit davrida raqsning, keyinroq musiqa va qo’shiqning paydo bo’lishi fikrimizga isbotdir. So’nggi paleolitda ibtidoiy tasviriy san’at ham yuzaga keldi. Ijodiy fantaziyaning ilk kurtaklari neandertallarga tegishli bo’lsa ham, o’z kechinma va hislarini aks ettirish aynan aql-idrokli odamga xosdir. Ibtidoiy tasviriy san’at namunalari Ispaniya (Altamir), Ural (Kapova), Fransiya (Lasko) va boshqa ko’plab joylardan topilgan.
Bu suratlar qadimgi odamlarning ma’naviy intilishlari va ijodiy ilhomini aks ettiradi. Shu qatorda bu davrda dumaloq haykaltaroshlik ham rivoj topdi. Ilk davrlarda bu asosan ayollar haykallari edi. Paleolit “Venera” lari Rossiya, Slovakiya, Fransiya, Belgiya, Italiya, Germaniya, Avstriyadan topilgan. Tabiat va hayvonot olamining ulkan roli qadimgi insonlarning diniy e’tiqodlarida aks etdi. Masalan, hayvonlarga topinish va totemizmda.
12 ming yil avval Yerdagi harorat ko’tarila boshlagan, bu esa ayrim hududlarda muzlikning erishga, boshqa hududlarda kuchli qurg’oqchilikka olib kelgan. Tabiatdagi bu o’zgsharishlar insoniyat taraqqiyotiga o’zining ta’sirini o’tkazdi. Mezolit davri odami sivilizatsiya darajasiga yetib bormadi, ammo u insoniyatni sivilizatsiya ostonasiga olib kelgan ulkan to’ntarish yasadi. O’q-yoyning kashf etilishi insoniyat tarixida yangi iqtisodiy tuzumni va tarixiy o’zgarishlarni boshlab berdi. Inson nafaqat o’zining tabiatga muteligini sezilarli kamaytirish, balki asosiy iste’mol mahsulotlarini takror ishlab chiqarish imkonini qo’lga kiritdi. Yangi sharoitlarda yashab qolish talabi mikrolitlar texnikasining takomillashuvini tezlashtirdi, murakkab tarkibli qurollar paydo bo’ldi. Mezolit davrida baliqchilik yanada rivojlangan, kemachilik asoslari yuzaga kelgan davrdir.
Mezolit davri odamlari ko’chmanchi ovchilar bo’lib, yegulik manbai izlab bir joyda ko’p qolishmagan. Bu esa yangi yerlarning o’zlashtirilishiga olib keldi. Mezolit odamlari makon tutgan daryo va ko’l bo’ylari neolit davri o’troq manzilgohlari uchu asos bhldi.
Mezolit davrida yuzaga kelgan ibtidoiy ziroatchilik va chorvachilik insoniyatning keyingi taqdirini belgilab berdi. Mezolit davri o’zlashtiruvchi xo’jalikdan ishlab chiqarish xo’jaligiga - dehqonchilik va chorvachilikning yuzaga kelishiga zamin tayyorladi.
Dehqonchilik va chorvachilikning yuzaga kelishi buning uchun qulay tabiiy sharoit bo’lgan hududda paydo bo’ldi. Dehqonchilik mezolit davrida asta-sekin shakllanib bordi. Dastlab o’stirila boshlangan donli ekin bu arpadir. U Kichik Osiyo, Falastin, Eron, Janubiy Turkmaniston va Shimoliy Afrikaning tog’oldi hududlarida o’sgan. Keyinroq boshqa boshoqli o’simliklar ham o’zlashtirilgan.