Chatal Guyuk M.a. VII ming yillikning ikkinchi yarmida Kunya vodiysining 12-13 gektar yerida vujudga kelgan Chatal Xuyuk manzilgohi atrofdagi 20 ga yaqin manzilgohlarning markazi bo’lgan. Aholisi 2-5 ming kishidan iborat bo’lgan manzilgohda uylar xom g’ishtdan barpo etilgan. Aholi chorvachilik va dehqonchilik bilan shug’ullangan. Bu dehqonchilik markazida 14 turga yaqin o’simlik yetishtirilgan, shu jumladan bir necha bug’doy turlari, arpa, no’xat, pista va bodom yog’i va h.k. ishlab chiqarilgan. Chatal Xuyukda san’at va farovonlik taraqqiy etganligini uylarning jihozlari, devoriy suratlar, pardoz buyumlari, haykalchalar, taqinchoqlarda ko’rish mumkin. Nisbatan kam sonli sopol idishlar o’rninu yog’och idishlar to’ldirgan. Bu yerdan topilgan Ona iloha va ayollar haykalchalari hamda tasvirlari agrar Chatal Guyuk neolit jamiyatida ayollarning o’rni kata bo’lganligini ko’rsatadi1.
Ilk dehqonchilik madaniyatlarining uchinchi markazi Shimoliy Mesopotamiya va G’arbiy Eronning unga tutash viloyatlari bo’lgan. Bu yerda m.a. VII-VI asrlarda Jarmo madaniyati rivojlangan. Bu madaniyat yodgorliklari qatoriga 1950 yilda ochilgan Jarmo manzilgohining o’zini, shuningdek Zagros tog’ining Iroq hududida topilgan Tell-Shamshir, Eron hududidan topilgan Sorab Tepa va Guran Tepalarni kiritish mumkin. Bu hududlar aholisi o’troq dehqonchilik bilan shug’ullangan, tosh poydevor ustida barpo etilgan xom g’ishtli mustahkam uylar fikrimiz dalilidir. Alohida manzilgohlar minorali mudofaa istehkomlari va darvozalarga ega bo’lgan. Ularning aholisi bug’doy, arpa, no’xat va yasmiq yetishtirgan, shuningdek echki, qo’y va cho’chqalar boqishgan. Kam sonli sopol idishlardan tashqari turli tosh idishlardan ham foydalanilgan. Bu yerda ilk bor bizga tanish egri shakldagi o’roq uchraydi.
Joytun topilmalari Markaziy Osiyo ham ilk dehqonchilik madaniyati shakllangan markazlardan biridir. Turkmanistondagi Joytun dehqonchilik madaniyati Markaziy Osiyodagi ilk dehqonchilik madaniyatining eng qadimgi va eng nodir yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Ashxobod shahridan 25 km shimolda joylashgan bu ibtidoiy manzilgoh bir necha uylardan tashkil topgan bo’lib, uylarning maydoni 25—30 kv. m ni tashkil etadi. To’g’ri to’rtburchak shaklidagi uylar maydalangan somon qo’shilgan paxsadan qurilgan va bo’yalgan. Ularning yonida omborxona, saroy va xo’jalik uchun zarur o’ralar ham bor. Joytunliklar miloddan oldingi, VI—V ming yilliklarda yashab, asosan dehqonchilik, chorvachilik, qisman esa ovchilik bilan shug’ullanganlar. Joytun xarobalaridan bug’doy, arpa izlari, yorma tosh, tosh qurollar, munchoqlar, urchuq, taqinchoqlar, hatto shaxmat-shashka donalariga o’xshash buyumlar ham topilgan. Joytundagi uylardan loydan ishlanib, pishirilgan odamlar va hayvonlarning haykalchalari topilgan.
Belujistonning tog’li hududlarida ochilgan Mexrgarx (Mergar) manzilgohi m.a. VI m.y. oid. Dastlabki bosqichlarda bu yerda dehqonlar va ovchilar xo’jaligi mavjud bo’lgan, u qisman termachilik bilan to’ldirilgan. Mustahkam paxsa uylarda yashagan Mexrgar aholisi feruza va chig’anoqlardan taqinchoqlar yasagan, nisbatan kechroq paydo bo’lgan sopol idishlarni yorqin naqshlar bilan bezagan.
M.a. VI—V m.y. da Gang vodiysidagi kichikroq manzilgohlarda yashagan qabilalar ovchilik va termachilik bilan shug’ullangan, chaqmoqtoshdan yasalgan qurollar va relyefli bezak berilgan qo’pol sopol idishlardan foydalangan. Sopol bo’laklarida xonakilashtirilgan sholi izlari topilgan. Biroq mehnat qurollari rivojining va ijtimoiy tashkilotning past darajasi murakkab sug’orma dehqonchilikning taraqqiyotiga to’sqinlik qilgan.
Neolit davridagi ilk dehqonchilik markazlari qatorida Bolqon, Moldaviya, Ukrainaning janubi-g’arbi, Kavkaz, Xuanxening o’rta oqimi (Yanshao madaniyati) ni ko’rsatish mumkin.
Aynan ilk dehqonchilik madaniyati mintaqalarida ilk sivilizatsiyalar yuzaga keldi. Hamma joyda ham ilk dehqonchilik jamiyatlari taraqqiyoti tez va mustaqil ravishda sivilizatsiyalarning shakllanishi bilan tugallanmadi. Bu hodisa dehqonchilik ayniqsa mahsuldor va ijtimoiy taraqqiyot sur’atlari yuqori bo’lgan joylardagina sodir bo’ldi.
Neolit davrida barqaror oziq-ovqat manbaini ta’minlovchi ishlab chiqaruvchi xo’jalikka o’tilishi bilan Yer yuzi aholisi 15 marta o’sdi, bu insoniyat tarixidagi birinchi demografik inqilobdir.
Bu davrda madaniyatning yangi tarixiy turi va uning madaniy standarti shakllandi. Ovchi, dehqon va chorvador qabilalarda madaniy an’analar ularning turmushi va mashg’ulotni aks ettirgan holda turlicha edi. Neolit davri odami o’z atrofini chiroyli narsalar bilan o’rashga harakat qila boshladi, me’morchilik, hunarmandchilik taraqqiy etdi. Neolit inqilobi natijasida moddiy madaniyat birinchi planga chiqdi, ma’naviy madaniyat esa madaniyatdagi moddiy omillarning jiddiy ta’siri ostida go’yo ikkinchi darajali hodisaga aylandi. Bu holat neolit davri san’atida kuzatiladigan tushkunlikni izohlaydi. Paleolit davrining realistik san’atidan farq qilgan holda bu davr san’ati shartli-sxematikdir.
Ishlab chiqaruvchi xo’jalikning rivojlanishi jonli va jonsiz tabiat haqida bilimlarning to’planishi va ilk tizimlashuviga imkon berdi. Neolit davri diniy e’tiqodlari markazida tabiat kuchlari, ayniqsa Quyosh va yer turar edi. Neolit davri diniy e’tiqodlari murakkablashdi, turli me’yorlar va ta’qiqlar paydo bo’ldi.
Neolit so’ngida ma’lumotni saqlash va uzatishning og’zaki usulidan yozma usuliga o’tish boshlandi, rasmli piktografik yozuv vujudga keldi. Haqiqiy yozuv esa keyinroq, sivilizatsiyaning belgisi sifatida vujudga keldi. Taraqqiyot sari harakat qilayotgan insoniyat sivilizatsiyaning birinchi pillapoyalariga qadam qo’ydi: ilk shahar tipidagi manzilgohlar, mahobatli me’morchilik, yozuv paydo bo’ldi.
M.a. IV ming yillikda insoniyat metall asriga qadam qo’ydi. Insoniyat dastlab qo’llagan metall mis edi. Misdan foydalanishning boshlanishi insonlarga juda katta imkoniyatlar berdi. Eneolit yoki xalkolit davrida insoniyat xo’jalik faoliyatining barcha tarmoqlari rivoj topdi va bu jarayon ishlab chiqarish texnologiyalari, iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi yirik o’zgarishlar, savdo ayirboshlashi va qabilalararo harbiy to’qnashuvlar kuchayishi bilan birgalikda kechdi. Natijada ilk dehqonchilik dunyosi asta-sekin sivilizatsiyaga o’ta boshladi.
Ammo urug’chilik jamoasidan sivilizatsiyaga o’tish tabaqalashga asoslangan jamiyatda (mehnat taqsimoti, ishlab chiqarish taqsimoti, jamiyat taqsimoti va h.k.) sodir bo’ldi, bu esa ilk dehqonchilik dunyosining tabiatiga zid edi. Mis – tosh davri eski urug’chilik an’analarini saqlab qolagnn holda, insonlar oldida yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Shu tufayli eneolit davrining o’ziga xos xususiyatlaridan biri sifatida beqarorlik, noturg’unlik, tartibsizlik va insoniyat tarixiy taraqqiyoti dinamikasining notekisligini ko’rsatish mumkin.
Sivilizatsiyaga o’tish davrida ma’lumot hajmining ko’payishi, uni saqlash va uzatishning yangi shaklini topish zaruriyatini yuzaga keltirdi. M.a. IV-III ming yilliklarda shumerliklar yozuvni yaratishga ilk qadam qo’yildi. Buyumlarni va miqdorni tasvirlash uchun piktogrammalar (yoki suratli yozuv) qo’llanilgan. Piktogrammalar shartlilashib, abstrakt ramzlarga aylanib borib alohida so’z yoki bo’g’inlarni anglatuvchi ideografik yoki logografik yozuvni vujudga keltirdi. Yozuvning vujudga kelishi sivilizatsiya yo’lidagi muhim qadam, ibtidoiy insoniyat ma’naviy taraqqiyotining eng yuksak cho’qqisi bo’ldi.