Nazorat uchun savollar: 1. Sivilizatsiya so’zining kelib chiqishi qaysi tushunchalar bilan bog’liq?
2. Sivilizatsiya insoniyat tarixida sifat chegarasini anglatuvchi so’z sifatida qachon paydo bo’ldi?
3. Turli sivilizatsion nazariyalarning kuchli va zaif jihatlariga baho bering.
4. Tarixiy jarayonga formatsion yondashuvning mohiyati nimadan iborat?
5. Tarixni o’rganishga sivilizatsion yondashuvning ijobiy jihatlariga baho bering.
2-- mavzu. Dastlabki sivilizatsiyalarning shakllanishi Reja: Sivilizatsiya asoslarining yaratilishi
Sivilizatsiya asoslarining yaratilishi Ibtidoiy davr eng qadimgi ilk sivilizatsiyalarning paydo bo’lishiga asos bo’ldi. Bu insoniyat rivojining odamning paydo bo’lishidan to sinfiy jamiyatlar va davlatlar paydo bo’lgunga qadar davom etgan bosqichidir.
Siz zamonaviy qiyofadagi insonlar shakllanishining murakkab jarayoni - anropogonez haqida ma’lumotlarga egasiz. Yer yuzasida insonlarning paydo bo’lish jarayoni uzoq davom etgan tarixiy jarayon bo’lib, aql-idrokli odamning shakllanishi bilan nihoyasiga yetdi.
Avstrolopiteklar paleodemografiyasi bo’yicha tadqiqot olib borgan amerikalik paleoantropolog A.Manning fikricha, insonlarning dastlabki soni 10-20 ming atrofida bo’lgan. Yana bir amerikalik demograf E.Divi Afrika hududida istiqomat qilgan quyi paleolit insonlarining sonini taxminan 125 ming atrofida bo’lgan degan xulosaga kelgan1. Aql-idrokli inson paydo bo’lganda esa u taxminan 1 mln. kishidan iborat edi. Insonlar nafaqat son balki sifat jihatidan ham o’zgarib bordi.
Xo’sh, dastlabki sivilizatsiyalar poydevoriga asos olgan aql-idrokli odam qayerda shakllandi, uning vatani qayerda? Ibtidoiy odamlarning dastlabki areallari Afrika va Osiyoning ekvatorial va tropik mintaqalarida joylashgan edi. Bir million yil avval Afrika arxantroplari shimolga tomon harakat qila boshladilar va Yevropa hududlariga kirib bordilar. So’nggi paleolit ovchilari dastlab o’zlashtirilgan yerlardan Shimoliy Yevropa va Osiyoning muzlikdan bo’shagan keng yerlariga joylasha boshladilar. So’nggi paleolitda 140-150 ming yil avval Sibir, Shimoliy Germaniya hududlari insonlar tomonidan o’zlashtirildi. O’sha davrlarda tor bo’lgan Bering bo’g’ozi orqali ular Alyaska va Amerikaga kirib bordilar. Eramizdan 10 yil oldin Antarktidadan boshqa hamma materiklar u yoki bu darajada odamlar tomonidan o’zlashtirilgan edi.
Polisentrizm nazariyasiga ko’ra zamonaviy odamning shakllanishi bir necha markazlarda kechgan. Monotsentrik nazariya tarafdorlarining fikriga ko’ra bu jarayonda bir areal (Janubiy-G’arbiy Osiyo, Shimoliy-Sharqiy Afrika va Janubiy Yevropa) muhim rol o’ynagan. Dastlabki oykumenaning kengayishi va idroklashuv jarayoni insonlar irqlarining shakllanishiga zamin yaratdi. Yevropoid, negroid va mongoloid irqlarining yuzaga kelishiga turli materiklarda turlicha bo’lgan atrof-muhitga moslashuv va butun materiklar ulkan hududlarining izolyatsiyasi kabi ikki omil muhim rol o’ynadi.
Primatlardan to zamonaviy odamgacha bo’lgan taraqqiyot yo’lini bosib o’tgan qadimgi insonning ma’naviy dunyosini tasavvur etish nihoyatda qiyin. Ibtidoiy insonning tafakkuri daxldorlik prinsipiga asoslangan edi. Aynan mana shu daxldorlik mantiqi totemizmni keltirib chiqardi. Arxantroplar davrida sehrgarlik e’tiqodining kurtaklari ham paydo bo’la boshlaganligi ehtimoldan xoli emas.