Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi O ’rta asrlarda G’arbiy Yevropada boshqaruvning eng keng tarqalgan shakli monarxiya edi. O’rta asr sivilizatsiyasining ilk davrida qirol hokimiyatining roli ahamiyatli edi. X-XI asrlarda Yevropa sivilizatsiyasi rivojida katta sifat o’zgarishi sodir bo’ldi. Butun Yevropa bo’ylab hunarmandchilik va savdo markazlari bo’lgan shaharlar vujudga keldi. O’rta asr shaharlarida yangi tabaqa – burjuaziya shakllandi. Feodallarning qirol hokimiyati bilan siyosiy kurashida shaharlar ham faol ishtirok etdi. Feodallar (dvoryanlar va ruhoniylar) va shaharliklar (byurgerlar) alohida toifalar sifatida siyosiy jiplashuvi toifaviy – vakillik organlarini, toifaviy monarxiyani yuzaga keltirdi.
Dastlabki toifaviy vakillik organi – parlament Angliyada vujudga keldi. 1265 yilda Lester grafi Simon de Monfor eng yirik baronlar va ruhoniylar, shuningdek har bir graflikdan ikkitadan ritsar va eng yirik shaharlardan ikkitadan shaharliklardan iborat yig’in chaqirdi. Keyinchalik lordlar va jamoa palatasiga bo’lingan parlament XIV asrdan davlat qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda ham ishtirok eta boshladi. Shu tariqa XIII asrdayoq Angliyada parlament bilan cheklangan monarxiya shakllanib, bugungi kunga qadar saqlanib kelmoqda.
1302 yilda Fransiya qiroli Filipp IV Chiroyli uchta toifa vakillaridan iborat General shtatlarni chaqiradi.
XV asrda Muqaddas Rim imperiyasida shunday toifaviy vakillik organi – reyxstag shakllanadi. Ispaniyada 1137 yilda tilga olingan Kastiliya korteslarini ham o’ziga xos toifavaiy-vakillik organlarining debochasi deyish mumkin.
O’rta asr Yevropasida mavjud bo’lgan yana bir boshqaruv shakli shahar-respublikalardir. Shimoliy va O’rta Italiyada vujudga kelgan shahar-respublikalarni shaharliklar tomonidan saylangan kengashlar boshqargan, biroq ularning tuzumini ko’proq oligarxlar boshqaruvi sifatida baholash mumkin. Masalan, Venetsiya respublikasining davlat tuzumi amalda tor doiradagi oligarxiya diktaturasi xususiyatlarga ega edi.
Feodal tuzumning asosini feodallarning yoki feodal davlatlarning yerga monopol egalik qilishi va dehqonlarning feodalga shaxsiy qaramligi tashkil etgan. Yerdan foydalanganlik uchun feodal mahsulot yoki pul ko’rinishida renta undirgan.
G’arbiy Yevropa jamiyati iyerarxik tuzilishga ega edi. Vassallik tartibiga asoslangan iyerarxiyaning yuqorisida qirol turgan. O’rta asr G’arb jamiyatiga xos xususiyatlardan biri toifalarning mavjudligi edi. Toifa bu - qonunlarga ko’ra meros bo’lib o’tadigan huquq va majburiyatlarga ega ijtimoiy guruh (qatlam). O’rta asr G’arb jamiyati uchta toifaga bo’lingan: ruhoniylar, dunyoviy feodallar hamda shaharliklar va dehqonlar toifasi.
O’rta asr G’arb sivilizatsiyasining o’ziga xos jihatlaridan biri korporativlik edi. O’rta asr kishisi o’zini doimo jamoaning bir qismi sifatida his qilgan. Turli belgilarga ko’ra kishilarni birlashtirgan bu korporatsiyalarga misol tarzida qishloq jamolari, hunarmandchilik tsexlari, monastirlar, diniy - ruhoniylik ordenlari, harbiy drujinalar va h.k. larni ko’rsatish mumkin.
O’rta asr sivilizatsiyasining xarakterli belgilaridan biri jahon dini - xristianlikning hukmron mavqei edi. Diniy shakldagi mafkura ilk bor jamiyatda yetakchi omilga aylandi. Insoniyat tarixida dinning, cherkovning roli bu qadar katta bo’lgan boshqa bunday davr bo’lmagan. Ahloq, falsafa, ilm-fan, san’at – bari teologik dunyoqarashga bo’ysundirilgan edi. Yevropaning xristianlashuvi butun G’arb sivilizatsiyasining xarakteriga ta’sir ko’rsatdi.
XI asrning birinchi yarmida Konstantinopol patriarxi Mixail Kerullariy va Rim papasi Lev IX o’rasida janubiy Italiya ruhoniylari kimga bo’ysunishi kerakligi masalasida bahs yuzaga keldi. Bu bahs G’arbiy va Sharqiy cherkov o’rtasida uzil-kesil ajralishning yuz berishiga sabab bo’ldi. 1054 yilning yozida kardinal Gumbert boshchiligidagi papa legatlari, ya’ni elchilari Konstantinopoldagi Sofiya sobori mehrobiga patriarx Mixailga anafema e’lon qilingan yorliq - bullani qo’ydilar. Patriarxning talabi bilan imperator chaqirgan Vizantiya ruhoniylarining cherkov sobori o’z navbatida rim elchilariga anafema e’lon qildi. Oradan to’qqiz asr o’tibgina, 1965 yilda rim-katolik cherkovi va Konstantinopol pravoslav cherkovining umumiy deklaratsiyasi e’lon qilinib, o’zaro anafemalar bekor qilindi. Xristian cherkovining ikkiga bo’linishi Yevropani ham diniy belgiga ko’ra parchalanib ketishiga olib keldi.
Katolik cherkovida boshidanoq hokimiyatning qat’iy markazlashuvi yuzaga keldi. V asrdan boshlab papa deb nom olgan Rim episkopi katta ta’sirga ega edi. VIII asrda paydo bo’lgan, teokratik hokimiyatga ega Papa davlati o’rta asr Yevropasida davlat ichidagi davlat edi. Xristian aqidalari Vselen soborlarida ishlab chiqilgan. O’rta asr Yevropasida maorif tizimi deyarli to’liq cherkov qo’lida edi. Cherkovning tayanchi bo’lib xizmat qilgan monastirlar bora-bora maorif markazlariga aylandi. Monastir va cherkov maktablarida yetti erkin san’at o’qitilgan.
Cherkov uchun eng muhim masalalalardan biri dunyoviy hokimiyat bilan munosabat edi. 413 yilda xristian teologiya va cherkov arbobi Avreliy Avgustin (354—430) “Xudo shahri” haqida asar yozib, cherkov va davlat o’rtasidagi munosabatlarning asosiy printsiplarini asoslab berdi. Avgustinning fikriga ko’ra, insoniyat tarixi – bu taqvodorlar (Xudo shahri) va gunohkorlar (Yer shahri ) o’rtasidagi kurash tarixi. Yer hokimiyati Xudo shahriga yaqin bo’lgan cherkov hokimiyatidan pastda turadi, demak, dunyoviy hokimiyat cherkovga bo’ysunishi lozim. Aslida esa butun o’rta asr davomida davlat va cherkov munosabatlari o’zaro kurashdan iborat bo’ldi.
Cherkovni tashvishga solgan muammolardan yana biri bilish jarayoniga munosabat, e’tiqod va bilim, haqiqatdan qaysi biri ustunligi masalasi edi. Bu masalani oydinlashtirish yo’lidagi ma’naviy urinishlar o’rta asr odami ommaviy ongining shakllanishiga, ratsionalizmning ilk kurtaklari rivojiga katta ta’sir ko’rsatib, oqibatda Yevropada yangi tipdagi erkin, tashabbuskor, faol, tadbirkor insonni shakllantirishga asos yaratdi.
O’rta asr G’arbiy Yevropa sivilizatsiyasining eng murakkab va ziddiyatli hodisalaridan biri ushbu davr insonlarining mentalitetidir. O’rta asr mentaliteti bu davrning barcha xususiyatlarini o’zida aks ettiribgina qolmasdan, ilk Yangi davrda inson yangi tipining yaratilishiga zamin yaratdi.
G’arbning o’rta asr sivilizatsiyasi umuminsoniyat madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shdi. Bu davrning ilk bosqichida madaniy tushkunlik kuzatilgan bo’lsa, keyinchalik u rivoj topdi va gullab-yashnadi. Ko’plab Yevropa davlatlarining milliy madaniyati shakllandi, cherkov, ritsarlik, shahar va h.k madaniyati kabi ijtimoiy tabaqalangan madaniyatlar yuzaga keldi.
Sxolastikaning vujudga kelishi intellektual hayotda muhim chegara bo’ldi. Yozuvning keng tarqalishi va kitob chop etishning kashf etilishi intellektual foliyat doirasining kengayishiga xizmat qildi. XI asrdan vujudga kela boshlagan boshlagan o’rta asr universitetlari cherkov va monastir maktabalari bilan bir qatorda bilim va madaniyat o’chog’iga aylandi. 1500 yilda butun Yevropada 65 ta universitet bor edi.
Jumladan, 1088 yilda ilk ma’ruza o’qilgan Italiyaning Bolonya universiteti, 1096 yildan mashg’ulotlar olib borilgan va 1117 yilda rasman universitet sifatida shakllangan Angliyaning Oksford va 1209 yilda ochilgan Kembridj universitetlari Yevropaning eng keksa universitetlari sanaladi.
O’rta asrlarda dunyoviy san’at ham gullab-yashnadi. Adabiyot sohasida jahon adabiyotining durdonalari qatoriga kirgan asarlar yaratildi. Me’morchilikda roman (Vorms, Shpeyer, Maynts, Shartr shaharlarining soborlari), gotika (Parij Bibi maryami ibodatxonasi, Milan, Strasburg soborlari) kabi uslublar vujudga keldi. Shaharlar G’arbiy Yevropa o’rta asr sivilizatsiyasi taraqqiyotiga alohida hissa qo’shdi.
Shunday qilib, G’arbiy Yevropa o’rta asr sivilizatsiyasi o’z taraqqiyotida uchta sivilizatsiya omilini birlashtirib, o’zaro uyg’unlashtira oldi: antik meros, varvarlik dunyosi sivilizatsiyasi va xristianlik. O’rta asrlarda keyingi industrialoldi sivilizatsiyasi taraqqiyoti uchun asos yaratildi.