Industrial va postindustrial sivilizatsiya davrida G’arb taraqqiyoti XVIII asrdan sivilizatsion jarayon rivojida alohida davr - industrial sivilizatsiyaning yuzaga kelish davri boshlandi. Agrar iqtisoddan industrial iqtisodga o’tish ikki bosqichda sodir bo’ldi – manufaktura va fabrika bosqichi.
Manufaktura bosqichi XVII asrning ikkinchi yarmi – XVIII asr boshida nihoyatda taraqqiy etdi. Fabrika bosqichi manufakturadan yirik mashina ishlab chiqarishiga o’tishni bildirib, sanoat inqilobi deb nom oldi. Sanoat to’ntarishini amalga oshirish uchun bir necha omillar zarur edi: xom ashyoning, erkin ishchi kuchi va tadbirkorlar qo’lida kapitalning mavjudligi. Sanoat inqilobi barcha mamlakatda deyarli bir xilda sodir bo’ldi. Sivilizatsiya taraqqiyotining industrial bosqichida texnika, texnik jarayon asosiy qadriyatga aylandi.
Texnik jarayonning rivojlanish sur’atini amaliy maqsadlarga yo’naltirilgan mashina industriyasi bilan fan o’rtasidagi qizg’in aloqa belgilab berardi. Dastlab energiyaning yangi manbalari va uni qo’llash usullari izlab topildi. XIX asrning bug’ asri deb nom olishi bejiz emas edi. Biroq bu asrni birday temir davri yoki elektr davri deb ham atash mumkin. Elektrdan keng foydalanila boshlandi. Elektrkavsharlash, elektroximiya, elektrometallurgiya vujudga keldi, ko’chalarda ilk tramvaylar qatnay boshladi. Ichki yonuv dvigateli paydo bo’ldi, uning eng maqbul varianti nemis injeneri Rudolf Dizel tomonidan 1897 yilda taklif etilgan edi.
Ishlab chiqarishni tashkil etishda ham katta o’zgarishlar sodir bo’ldi. Ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiyotiga kapitalistik monopoliyalar (kartel, sindikat, trest, konsernlar) katta ta’sir ko’rsata boshladi. Ishlab chiqarishning monopoliyalashishi ijobiy xususiyatlar bilan bir qatorda qator salbiy xususiyatlarga ham ega edi: bir guruh kishilarning qo’lida moliya hokimiyatining to’planishi va oligarxlarning mamlakat ichki hamda tashqi siyosatiga ta’sir o’tkaza olishi.
XIX asr oxiriga kelib uchta tarkibiy qism: yirik mashina industriyasi, zamonaviy transport, jahon bozorini o’z ichiga olgan jahon xo’jaligi tizimi shakllandi. Dastlab Angliya qiyofasidagi yagona markazga ega bo’lgan evrotsentrik jahon xo’jaligi ikki markazli xo’jalikka (Yevropa va AQSh) aylandi.
Industrial sivilizatsiyaning o’ziga xos jihatlaridan biri mehnat xarakterining, insonning ishlab chiqarishdagi rolining hamda insonning o’z faoliyatiga munosabatining o’zgarishidir. Yangi ishlab chiqarish bir tomondan insoning ijodiy imkoniyatlarini safarbar etishni talab qilsa, ikkinchi tomondan, uzluksiz, ommaviy ishlab chiqarish ishchini mashinaning yordamchi muruvvatiga aylantirardi. Insonning tabiatga munosabati ham o’zgardi. Bu, xususan, ingliz iqtisodchisi Tomas Maltusning (1766- 1834) ta’limotida o’z aksini topdi. U o’zinnig «Nufus qonuni to’g’risida tajribalar» asarida (1798 y) jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ziddiyatlarning ildizlari aholi o’sishi (geometrik progressiyada) bilan oziq-ovqat taklifi (arifmetik progressiyada) o’rtasidagi o’sish sur’atining farqida deb ko’rsatadi. Aholi o’sishini ijobiy (ya’ni o’limni ko’paytirish orqali) — urushlar, epidemiyalar va b. yoki salbiy (tug’ilishni cheklash orqali) — ahloqiy cheklashlar, kech nikohga kirish va boshqalar yo’llar orqali nazorat qilish mumkin.
Industrial sivilizatsiyaning vujudga kelishi davrida aholi soni shiddat bilan o’sib bordi. 1700 yilda dunyo aholisi soni 610 mln. kishini, 1800 yilda 905 mln. kishini tashkil etgan bo’lsa, 1900 yilga kelib bu raqam 1 mlrd. 630ga yetdi. Shahar aholisi soni ham tez ko’paya bordi. Agar 1800 yilda atigi 3% aholi shaharda yashagan bo’lsa, 1900 yilga kelib bu raqam 13,6% ni tashkil yetdi. Bu ko’rsatkich Yevropada ayniqsa yuqori edi, masalan, Angliyada 1891 yilda 71% aholi shaharlarda yashagan. Ilk millioner shaharlar (London, Parij) paydo bo’ldi. 1900 yilga kelganda millioner shaharlar soni 13 taga yetdi. Bir vaqtning o’zida migratsiya faolligi o’sib bordi. XIX asrda aholining ijtimoiy tarkibi ham o’zgardi. Sanoat to’ntarishining muhim ijtimoiy natijasi sifatida burjuaziya sinfi mustahkamlandi va ishchilar sinfi paydo bo’ldi.
G’arbiy Yevropa davlatlarining ko’pchiligida millatlarning shakllanishi nihoyasiga yetdi. Millatlarning shakllanishi xalqlarning o’zligini anglashini o’sishi bilan bog’liq edi.
Yevropa davlatlarining davlat tuzumida qator sezilarli o’zgarishlar sodir bo’ldi. Absolyut monarxiyalar deyarli yo’q bo’ldi. Juda oz mamlakatlar XX asrga monarxiya sifatida qadam qo’ydi. Angliya konstitutsion monarxiya namunasi bo’lib qoldi.
Industrial davrning ko’plab siyosiy o’zgarishlari inqiloblar va Napoleon urushlari bilan bog’liq edi. XIX asr ijtimoiy inqiloblar davri bo’ldi. Inqiloblarda yetakchilik roli Fransiyaga tegishli edi. Fransiyada 1789 yilgi inqilobdan so’ng yana 1830, 1848 va 1871 yillarda inqiloblar sodir bo’ldi. 1848 yilda Germaniyada inqilob bo’lib o’tdi, qator inqiloblar Italiya va Ispaniyada sodir bo’ldi.
Yevropa mamlakatlarida kapitalizmning taraqqiyoti bir tekisda kechgani yo’q. Bu davrda G’arbda ilk iqtisodiy buhronlar boshlandi. Eski va yangi kapitalizm mamlakatlarining kapitalistik taraqqiyot an’analarida sezilardi farqlar mavjud edi.
XIX asr va XX asr boshlarida Yevropa tarixidagi o’zgarishlar va ziddiyatlar bu davrdagi ma’naviy madaniyatga o’z ta’sirini o’tkazmasdan qolmadi. XIX asr ma’naviy madaniyat taraqqiyotida alohida davr bo’ldi. Insonlarning dunyoqarashida insonga va uning cheksiz kuchi, energiyasi, ongiga bo’lgan chegarasiz ishonch o’rnini asta-sekinlik bilan dunyo va insonni cheksiz rang-barang olamning bir zarrasi sifatida tushunish egallay bordi. Ijtimoiy kuchlarning o’zaro kurashining rivojlanishi esa turli g’oyaviy badiiy oqimlarni vujudga keltirdi: romantizm, realizm, impressionizm va h.k.
Romantizm jahon madaniyatiga juda ko’plab mashhur nomlarni berdi: bular adabiyotda E.T.A. Gofman, V. Vordsvort, V. Skott, Dj. Bayron, P.B. Shelli. V. Bleyk, V. Gyugo; musiqada F. Shubert, K. Veber, R. Vagner, G. Berlioz, N. Paganini, F. List, F. Shopen; tasviriy san’atda E. Delakrua, T. Jeriko, Dj. Konstebl, U. Terner va boshqalar edi.
Industrial davrning timsoli sifatida realizm ham rivoj topdi. Onore de balzak, Stendal, U.Tekkerey kabilarning ijodida bu ayniqsa yaqqol namoyon bo’ldi. Impressionistlar – Klod Mone (1840-1926), Ogyust Renuar (1841-1919), Edgar Dega (1834-1917), Kamil Pissarro (1830-1903), lar nafaqat asriy badiiy an’analarga qarshi chiqdilar, balki ma’nisiz rasmiyatchilik, sovuq afsonaviylik va ularga zamondosh akademik maktabning rangsiz palitrasiga qarshi chiqqan edilar.
Shu bilan birga voqelikka va insonga jiddiy e’tibor chuqur pessimistik qarashlarni ham vujudga keltirdi. Buni A.Shopengauer, hayot falsafasining asoschisi F.Nitsshe hayoti va ijodida yaqqol kuzatish mumkin.
XIX asr insonning o’zi haqidagi qarashlarida ham burilish yasadi. Bunda Ch.Darvinning evolyutsion nazariyasi va Z.Freyd tomonidan ishlab chiqilgan inson konsepsiyasi, uning psixoanaliz haqidagi ta’limoti katta rol o’ynadi.
Shuningdek, XIX asr faoliyat davri, siyosiy liberalizmning keng tarqalishi (D. Bentam, D. Mill, G. Spenser, A. de Tokvil), sotsial-utopstik (Klod Anri de Sen-Simon, Sharl Fure, Robert Ouen, Sen-Simon), marksistik g’oyalarning (K.Marks, F.Engels) paydo bo’lish davri ham bo’ldi.
XVIII asrda Shimoliy Amerika xaritasida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. Ingliz koloniyalarining mustaqillik uchun kurashi 1776 yilda 13 ta shtatdan iborat Amerika Qo’shma Shtatlarining vujudga kelishi bilan yakun topdi. XIX asrning birinchi yarmida AQShning hududi shiddat bilan kengayib bordi. 1861 yilga kelib uning shtatlari soni 40 taga yetdi. Bu hududiy ekspansiya turlicha usullarda olib borildi. Masalan, AQSh Alyaskani 1867 yilda Rossiyadan atigi 7,2 mln. dollar (11 mln. rubl oltin) ga sotib olgan edi. XX asr boshiga kelib AQSh davlat hududining shakllanishi nihoyasiga yetdi.
Amalda burjua inqilobi vazifasini bajargan mustaqillik uchun urushdan so’ng AQSh iqtisodiyoti Yevropaning hech qaysi davlatida kuzatilmagan sur’atda o’sa boshladi. XIX asr o’rtalariga kelib AQSh sanoat ishlab chiqarish hajmi jihatidan dunyoda to’rtinchi o’ringa chiqib oldi. Bunday yuksak sur’atda o’sish bir qator sabablarga ega edi.
AQShda sanoatlashgan shimol va qulchilikka asolangan plantatorlik qishloq xo’jaligi hududi bo’lgan janub taraqqiyoti o’rtasidagi farq sezilarli edi Shimol va Janub o’rtasidagi ziddiyat shimolliklarning g’alabasi bilan tugagan 1861-1865 yillardagi fuqarolar urushiga olib keldi. Fuqarolar urushi davrida qabul qilingan ikki muhim qonun: qulchilikning bekor qilinishi va gomstedlar haqidagi qonunlar AQSh qishloq xo’jaligi taraqiyotining fermerlik yo’lini belgilab berdi. Fuqarolar urushidan so’ng AQSh yangi iqtisodiy o’sish davriga kirdi. Iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy jarayonlar fonida amerika millatining shakllanishi ham sodir bo’ldi.
AQSh madaniyati Yevropa ta’siri ostida shakllandi, ammo tez o’tmasdan o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’ldi. Ayniqsa shahar qurilishi va me’morchilik o’ziga xos yo’ldan taraqqiy yetdi. Kollejlar, Garvard, Yel, Pensilvaniya, Prinston va Kaliforniya universitetlari kabi o’quv maskanlari ta’lim va madaniyat markazlariga aylandi. Masalan, Bostonda 1636 yilda asos solingan Garvard universitetida 30 ta Nobel laureati va 6 ta AQSh prezidetini tahsil olgan.
1787 yilda Filadelfiya shahrida yig’ilgan Konstituttsion konvent ishida 55 kishi ishtirok etdi va unda AQSh Konstituttsiyasi qabul qilinib, respublika tuzimi o’rnatildi.
AQSh butun dunyoda demokratiya timsoliga aylandi. Biroq AQSh demokratiyasi ham o’ziga xos ziddiyatlarga ega. Uning dunyo rahnamoligiga intilishi esa dunyoning ikki qutbga bo’linib ketishi, dunyoning turli burchaklarida urush o’choqlarining yuzaga kelishiga olib kelgan omillardan biri bo’ldi.
XX asr industrial sivilizatsiyasiga ta’rif berish uchun unga ko’proq “inqiroz” so’zi mos keladi. Asr boshida sodir bo’lgan sanoat inqirozi, 1907 yilgi inqiroz, 38 davlat ishtirok etgan birinchi jahon urushi, Rossiyadagi inqilob, davlat-monopolistik kapitalizmi sharoitida tez-tez sodir bo’lib turgan iqtisodiy inqirozlar, xususan 1929-1933 yilardagi jahon iqtisodiy inqirozi fikrimiz dalilidir.
Barcha mamlakatlarning hukumatlari inqirozlar bilan kurashga kirishdi, unga qarshilik ko’rsatish yo’llarini izlay boshlashdi. Inqirozdan chiqish yo’llaridan uchtasini ajratib ko’rsatish mumkin: AQSh prezidenti F.Ruzveltning yangi kurs siyosatida o’z aksini topgan liberal-islohotchilik yo’li; Skandinaviya davlatlari va Fransiya uchun xarakterli bo’lgan ijtimoiy-islohotchilik yo’li; Germaniyada to’la va izchil qo’lanilgan totalitar variant.
Industrial sivilizatsiya mafkura inqiroziga duch keldi. Bu inqiroz Italiyada vujudga kelib, Germaniyada keng tus olgan fashizm g’oyasida o’zining yorqin aksini topdi. Bu inqirozlarning hammasi insoniyat tarixidagi eng keng miqyosli va vayronkor Ikkinchi jahon urushiga olib keldi. 72 davlat ishtirok etgan ikkinchi jahon urushini XX asr birinchi yarmidagi inqirozlar zanjirining eng yuqori nuqtasi, eng yirik, global sivilizatsion inqiroz sifatida baholash mumkin.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi inqirozlar (1974-75 yy, 1980-82 yy.) texnik-iqtisodiy rivojlanish darajalari o’xshash bo’lgan va milliy iqtisodiyotlari o’zaro bog’liq bo’lgan barcha Yevropa davlatlariga birdek ta’sir ko’rsatdi. Ikki tizimning o’zaro kurashi, mustamlakachilik tizimining emirilishi bu inqirozlarni yanada chuqurlashtirdi.
XX asrda Industrial sivilizatsiya taraqqiyotiga uchinchi fan-texnika inqilobi ulkan ta’sir ko’rsatdi. Fanning bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylanishi industrial sivilizatsiyani xarakterlovchi xususiyatdir. Fan-texnika taraqqiyotida sovuq urush ham alohida rol o’ynadi. Bu inqilob jamiyatning ijtimoiy tuzilmasida katta o’zgarishlarga olib keldi. Shahar aholisi o’sdi, nomoddiy ishlab chiqarish sohasida xizmat qiluvchilar soni ko’paydi, ishchilar malakasi oshdi, ta’lim sohasida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. Mehnat sharoitlari, mehnatga haq to’lash o’zgardi, insonlarning turmush darajasi yuksaldi. Shu bilan birga fan-texnika inqilobi qator salbiy jihatlarni ham yuzaga keltirdi, xususan ishsizlik. Faqatgina fan-texnika inqilobi yangiliklari va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni uyg’unlashtirish orqali ko’pgina malakatlar aholining moddiy to’kisligi hamda demokratik erkinliklarning yuksak darajasini ta’minlashga muvaffaq bo’ldi.
Fan-texnikaning shiddat bilan rivojlanishi ma’naviy sohada ziddiyatlar va inqirozli hodisalarni kuchaytirdi. Bu ziddiyatlar XX asr adabiyoti, san’atida o’z aksini topdi va ekzistentsializm (J.P. Sartr i A. Kamyu), modernizm (D. Djoys, F. Kafka, M. Prust, T. Eliot), abstraktsionizm (K. Malevich, V.Kandinskiy), postimperissionizm (A.Matiss, P.Pikasso), ekspressionizm (G.Gross), syurrealizm (S.Dali), giperrealizm kabi g’oyaviy-badiiy oqimlarda namoyon bo’ldi.
Ilk bor 1895 yilning 28 dekabrida Parijda aka-uka Lyumerlar tomonidan namoyish etilgan kinematograf industrial davr kishilari ma’naviy olamining o’ziga xos ko’zgusi bo’ldi.
Fan va texnika taraqqiyoti natijasida ommaviy madaniyatning ahamiyati oshib bordi. Zamonaviy madaniyatning xolisona tahlili shuni ko’rsatadiki. ma’naviy madaniyat ko’proq ommaviylik mazmunini kasb etib boradi. Ommaviy madaniyatning manzarasi quyidagicha: u millati, yoshi, yashash joyi, ijtimoiy xususiyatlariga bog’liq bo’lmagan ommaviy istemolchilarga ega bo’ladi; bu madaniyat namunalarini yaratish jarayonining o’zi ommaviy xususiyat kasb etib, industriyaning maxsus ko’rinishini o’zida namoyon qiladi. Ommaviy madaniyat umumiy iste’molchilik extiyoji bilan bog’liq. Ommaviy kommunikatsiya vositalarining rivojlanishi - matbuot, radio, kino, kitob chop etish va nusxa ko’chirish-bularning barchasi jamoatchilik fikriga tasir o’tkazish, ommaviy madaniyatning tezlik bilan rivojlanishiga sabab bo’ldi.
XX asrning so’nggi choragida industrial sivilizatsiyadan postindustrial sivilizatsiyaga o’tish boshlandi. XX asr davomida shakllangan kapitalizm-sotsializm muammosida tarix uchinchi yo’lni, industrial jamiyatni tanladi.
Postindustrial jamiyatga o’tish uchinchi fan-texnika inqilobining XX asrning 70-yillarida boshlangan ikkinchi bosqichi bilan bog’liq. Mikroelektronika, biotexnologiya va informatika sohalaridagi sifat o’zgarishlari bosqichi bo’lgan bu davr insoniyat tarixidagi temir davriga yakun yasadi. Butunlay yangi texnologiyalar, yangi materiallar, aloqa va kommunikatsiya vositalari yaratildi. Ekologik muammolarning keskinlashishi global miqyos kasb etdi, biroq bir vaqtning o’zida ularni hal etishning yangi imkoniyatlari ochildi. Ishlab chiqarishni tashkil etish shakllari tubdan o’zgardi. Yirik gigantlar o’rnini kichik va o’rta korxonalar, tadbirkorlar egalay boshladi.
S hu bilan birga postindustrial jamiyatning shakllanishi murakkab integratsion, dezintegratsion jarayonlar fonida bormoqdaki, ular XX va XXI asrlar chegarasidagi sivilizatsion rivojlanishning asosiy an’analarini aks ettiradi.
Rivojlanib borayotgan postindustrial jamiyatning o’ziga xos xususiyatlaridan biri iqtisodiyotning internatsionallashuvidir. Jadal davom etayotgan integratsiya jarayonlari iqtisodiyotning ochiq bo’lishiga olib keldi, transmilliy va ko’pmillatli korporatsiyalar paydo bo’ldi. Ushbu ko’p tarmoqli xalqaro korxonalar ishlab chiqarishni turli mamlakatlarda optimal ravishda joylashtirish hisobiga yuksak iqtisodiy samaradorlikka erishmoqdalar. Tovar va kapitallar, ishchi kuchi dunyo bozorlarining mislsiz kengayishi bilan bir qatorda xalqaro korxonalarning va birlashmalarning rivojlanishi informatsiya bozorlarining (nou-xau, patenlar, litsenziyalar) va ilmiy-texnikaviy xizmatlarning (injeniring, lizing)shakllanishiga olib keldi.
Industrial va postindustrial sivilizatsiyalar chegarasida milliy xo’jaliklarning davlatlararo integratsiyalashuvi jarayoni kuchaydi. Bu kabi integratsiyalarning eng rivojlangan shakli Yevropa Ittifoqidir. Integratsion jarayonlarni Shimoliy Amerika davlatlari, Osiyo-Tinch okean regioni va boshqa hududlarda ham kuzatish mumkin.
Sivilizatsion jarayonlarining yetakchi an’anasi sifatida integratsiya jahon xo’jaligining yetakchi uchta markazi - AQSh, G’arbiy Yevropa va Yaponiya o’rtasidagi keskin raqobat kurashi bilan birgalikda kechmoqda.