“Sariq devni minib”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Shirin qovunlar mamlakatida
yoki sehrgarlar jangi”, “Besh bolali yigitcha” kabi yengil yumor bilan sug’orilgan
sarguzasht asarlari uchinchi guruhni tashkil etadi.
Adabiyot tarixidan ma’lumki, har qanday buyuk yozuvchining barcha asarlarini
bir xil me’zon bilan o’lchab bo’lmaydi. Bu gap bevosita X.To’xtaboyev ijodiga ham
tegishlidir.
Dastlab “Toshkent haqiqati”, “O’zbekiston ovozi”, (“Sovet O’zbekistoni”)
gazetalarida fel’etonchi muhbir sifatida qalamini charxlagan adibning ilk asarlarida
hajviy ruhning ustun bo’lishi tabiiy hol edi. Binobarin, yozuvchining “Hadik”,
“Maxsus toshiriq”, “Xarakteristika”, “Tilxat”, “Bevaqt aytilgan azon” singari
kattalarga mo’ljallangan hikoyalari va “Jonginam, shartingni ayt” qissasida
kishilardagi tovlamachilik, poraxo’rlik, xotinbozlik, e’tiqodsizlik kabi illatlar ayovsiz
fosh etiladi. Shunisi e’tiborliki, mazkur asarlarning qahramonlari oddiy qishloq
kishilari va ziyolilarning yozuvchiga bolaligidan tanishligi ularning xarakter
xususiyatlarini badiiy tasvirlashda yaqindan yordam bergan.
Qissachilikda egallangan muayyan tajriba kichik kitobxonlar uchun
mo’ljallangan “Sir ochildi”, “Omonboy bilan Davronboy” kabi realistik uslubdagi
asarlarining yuzaga kelishiga sabab bo’ldi.
Mazkur qissalar syujetidagi sxematizmning adabiy tanqidchilik tomonidan o’z
vaqtida qayd qilinishi yozuvchinig keyingi ijodiga jiddiy turtki berdi. Adibning
bolaligida bevosita o’zi bilan bo’lgan voqealar ta’sirida yozilgan “Sariq devni minib”,
“Besh bolali yigitcha”, tarixiy mavzudagi “Qasoskorning oltin boshi”, ma’naviy-
axloqiy muammoning badiiy ifodasi bo’lgan “Mungli ko’zlar” romanlari fikrimiz
dalilidir.
Ma’lumki, “Sariq devni minib” romani X.To’xtaboyev ijodidagina emas, o’zbek
bolalar adabiyotida ham alohida sahifani tashkil etadi. Asardagi sehrli qalpoqcha
timsolini adibning jiddiy ijodiy topilmasi deyish mumkin. Sehrli qalpoqcha
muallifning badiiy niyatini ijro etish uchungina qulaylik tug’dirib qolmasdan,
kitobxonning qiziqishini tutib turuvchi vosita vazifasini ham bajaradi.
Asar bosh qahramoni Hoshimjonning sehrli qalpoqchasi yozuvchi uchun “tilla
kalit” (A.Rasulov) vazifasini o`taydi. Hoshimjon sehrli qalpoqcha yordamida turli
ko’chalarga kirib chiqadi. Uning sarguzashtlari bilan tanishgan kichik kitobxon har
narsaga qodir sehrli qalpoqchasi bo’lgan taqdirda ham Hoshimjonning bilim olmasdan,
biror kasb-hunarning boshini tutmasdan, hayotda o’z o’rnini topib, baxtli
bo’lolmasligiga ishonch hosil qiladi. Bu esa “Bilim ol”, “Hunar o’rgan” degan quruq
pand- nasihatdan ming chandon ta’sirliroqdir.