eshitganman. O’g’lidan “qora xat” kelgan onalarning ko’ksini yulib dodlaganlarini,
akasini intizor kutayotgan singillarning, eridan barvaqt judo bo’lgan yosh-yosh
juvonlarning pinhoniy ko’z yoshlarini ko’rganman. O’gay otam - usta Abduqodir
rabochiy batal’oniga ketgach, biz oilada sakkiz bola qoldik. Men ular bilan bolalar
uyidan bolalar uyiga o’tib rosa “sayr” qilganman. Hatto Toshkentdan Qo’qongacha
piyoda ketgan paytlarim bo’lgan.
1949- yili Qo`qon pedagogika bilim yurtini, 1955- yili O`rta Osiyo davlat
universitetini (hozirgi O`zMU) bitirganman.
1955-1958- yillari Farg`ona viloyatining Bog`dod, O`zbekiston tumanlaridagi
maktablarda o`qituvchi, ilmiy bo`lim mudiri, direktor lavozimlarida ishlab, bolalar va
o`smirlar dunyosidagi go`zallik, tarbiyadagi nomukammallik bilan yaqindan tanishib,
umrimni ana shu sohaga bag`ishlasam deb qayta-qayta o`ylaganman, so`ng bir sinf
yoki bir maktab doirasida aytayotgan fikr-mulohazalarimni kengroq maydonda
aytsam, deb orzu qilib, gazeta va jurnalga ishga kirishni maqsad qilib, 1958- yili
Toshkentga keldim. Avval “Toshkent haqiqati”, so`ng “O`zbekiston ovozi” (sobiq
“Sovet O`zbekistoni”) gazetalarida hammasi bo`lib 14 yil ishladim. Ayrim kishilardagi
kamchilik va illatlar yig`indisi oxir-oqibatda jamiyatdagi illatni keltirib chiqaradi, illati
bor jamiyat yaxshi rivojlana olmaydi, shu jamiyatga uyushgan kishilar to`liq ma`noda
baxtli ham bo`lolmaydi, demak, kishilardagi illatga qarshi kurashish kerak, deb
o`yladim. Yengimni shimarib, feleton yozishga kirishdim. Zanglagan temirni olovga
solsangiz, zangi to`kilgani kabi feleton olovida yongan illatli shaxsning illati yonadi,
poklanadi, deb qattiq ishondim…” (2; 22-23- betlar).
Hayotning sermashaqqat chig’iriqlaridan o’tgan yosh Xudoyberdi taqdirida
dindor buvisi ham muhim o’rin tutganini alohida ta’kidlash joiz. Buvining ko’ngilga
taskin beruvchi hikoyat va ertaklari ruhida tarbiya topgan yozuvchi asarlarida dev,
sehrgar, afsungar, iblis, jin singari majoziy timsollarga keng o’rin berilishi, ‘bulutdek
baland”, “bilaklari yo`g’on- bittasi chaqaloqning belidek”, “na’ra tortganida xonaning
shipi ko’tarilayotgandek bo’ladi” singari afsonaviy qahramonlarga xos iboralarning
ishlatilishi ana shu tarbiya natijasidir. Har qanday yozuvchining xarakter yaratish
mahorati bilan bog’liq bu xususiyatni X.To’xtaboyev asarlarining sujeti va badiiy
tilining o’ziga xosligini ta’minlagan omillardan biri sifatida baholash o`rinli bo`ladi.
Yozuvchi ijodiga mansub asarlarni uch guruhga bo’lish mumkin. Birinchi guruh
14 yil davomida yozilgan 300 dan ortiq feletonlari tashkil etsa, ikkkinchi guruhga turli
yillarda yozilgan “Aka-uka Omonboy bilan Davronboyning qishloqqa gaz olib
kelganlari haqida jajji qissa”, “Sir ochildi”, “Jannati odamlar”, “Mungli ko’zlar”,
“Yillar va yo’llar”, “Kichkina rais” kabi sof realistik asarlari kiradi.