O`quv fanining dolzarbligi va oliy kasbiy ta’limdagi o`rni Ushbu fan dasturi O`zbekiston Respublikasi Davlat ta’lim standarti va bakalavriat ta’lim yo`nalishi malaka talablariga asoslangan holda tuzilgan. Ushbu dastur asosida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni o`qitish jarayoniga tadbiq etib, talabani nazariy ma’lumotidan boshlang`ich amaliy ko`nikmalarni fantomlarda bajarishga o`rgatib va orttirilgan ko`nikmalarni zamonaviy tibbiy texnologiyalar orqali klinik amaliyot bilan uyg`unlashtirgan holda mustaqil ravishda bemorlarni tashxislash va qabul qilishga zamin yaratib beradi. Dasturning maqsad va vazifalarini yechimi yakunida talaba gorizontal va vertikal integratsiya jarayonlarida olgan bilim va amaliy ko`nikmalarni klinik uyg`unlashtirib, yetuk, raqobatbardosh, mustaqil klinik fikrlash qobiliyatiga ega bo`lgan umumiy amaliyot shifokori bo`lib shakllanadi.
Mazkur fan o`quv rejadagi tibbiy va biologik kimyo, odam anatomiyasi, fiziologiya, gistologiya va immunologiya, mikrobiologiya va parazitologiya, ichki kasalliklar, allergologiya, klinik immunologiya, ftiziatriya, klinik farmakologiya, travmatologiya va shoshilinch tez tibbiy yordam fanlaridan o`zlashtirilgan bilimlarga asoslanadi.
Xirurgiya fani o`tkir va surinkali xirurgik kasalliklarni etiopatogenetik omillarini, ularning klinikasini, zamonaviy diagnostikasi va davolash tamoyillarini o`rgatadi.
Bakalavr tayyorlashda dastur orqali – o`tkir va surunkali xirurgik kasalliklarni va xirurgik davo tamoyillarini o`rganish zamonaviy shifokor uchun o`ta muhim, chunki faqatgina ularning asosida kasalliklarning etiopatogenezini malakali tahlil qilish va patogenetik asoslangan davolash usulini tayinlash mumkin.
O`quv fanining maqsadi va vazifasi
Xirurgiya fanini o`qitishdan maqsad - bo`lajak umumiy amaliyot shifokorlariga aseptika, antiseptika qoidalarini, urgent va rejali xirurgik kasalliklarni va eng ko`p uchraydigan xirurgik kasalliklarning asoratlarini davolash va profilaktikasini o`rgatish. Olgan bilim va ko`nikmalarini tibbiyotda qo`llay bilishlari uchun asosiy bilim berish, xirurgik kasallarda tekshirish usullarini va shu orqali organizm xolatiga baho bera olishni o`rgatish va mustaqil ravishda birinchi tibbiy yordam ko`rsata oladigan umumiy amaliyot shifokorlarini tayyorlash.