Ob’ektiv jihatdan JK ning 300-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat kemaning nobud bo‘lishi yoki jiddiy buzilishlariga, inson qurbonlariga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan kemani boshqarish qoidalarini buzishda ifodalanadi.
Sub’ektiv tomonidan kemani boshqarish qoidalarini buzish ham qasddan, ham ehtiyotsizlik bilan bo‘lishi mumkin. Lekin yuz bergan oqibatlarga nisbatan jinoyat sub’ektining aybi doimo ehtiyotsizlik shaklida ifodalanadi (jinoiy o‘z-o‘ziga ishonish yoki jinoiy beparvolik). Aks holda aybdor shaxsning JK ning boshqa moddalari bilan javobgarligi (davlatga xoinlik qilish, mulkning qasddan nobud etilishi yoki shikastlanishi va boshqalar) masalasi qo‘yilishi mumkin.
Qaralayotgan jinoyatning sub’ekti kemani boshqarish qoidalarini buzgan harbiy xizmatchi bo‘lishi mumkin. Bu kemaning rahbari, kema rahbarining yordamchisi, kemani boshqarish, jumladan manevr qilish vazifalarini bajarayotgan shturman va vaxtadagi zobit bo‘lishi mumkin.
4. HARBIY MANSABDORLIK JINOYATLARI 4.1 Hokimiyatni suiiste’mol qilish, xokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat xarakatsizligi jinoyati uchun javobgarlik (JK ning 301 moddasi) Jinoyatning asosiy bevosita ob’ekti Qurolli Kuchlarda o‘rnatilgan harbiy boshqaruv organlarining normal faoliyatini, ularning obro‘yini, harbiy boshliqlar va mansabdor shaxslarning xizmat vakolatlarini amalga oshirishning belgilangan tartibini ta’minlaydigan ijtimoiy munosabat-lar bo‘ladi. Qo‘shimcha bevosita ob’ekt – fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, o‘zgalar mulkining xavfsizligini ta’minlaydigan ijtimoiy munosabatlar-dir.
Ob’ektiv jihatdan qaralayotgan jinoyat Qurolli Kuchlarning manfaatlariga, harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon etkazilishiga sabab bo‘lgan boshliq yoki boshqa mansabdor shaxsning o‘z hokimiyat yoki xizmat mavqeini suiiste’mol qilishi, hokimiyat yoki xizmat vakolati doirasidan chetga chiqishi, shuningdek, hokimiyat harakatsizligida ifodalanadi.