Isajon Sulton 1967 yilda Fargʻona viloyati, Rishton tumanidagi Avazboy qishlogʻida tavallud topdi. Oʻrta maktabni oltin medal bilan tamomlagach, 1985–1990 yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi.
Adibning “Munojot” (1990), “Oydinbuloq” (1995), “Boqiy darbadar” (2011), “Ozod” (2013), “Bogʻi Eram” (2015) nomli kitoblari chop etildi. “Ozod” romani uchun muallif Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Vatan uchun yashaylik” respublika tanlovi gʻolibi boʻldi (2012). Bir qancha hikoyalari xalqaro tanlovlarda sovrinli oʻrinlarga loyiq koʻrildi.
Asarlari ingliz, nemis, rus va turk tillariga tarjima qilindi, AQSH, Rossiya, Turkiya va Moldova adabiy nashrlarida chop etildi.
Isajon Sulton Javoharlaʼl Neru, Ryunoske Akutagava, Yasunari Kavabata, Dino Butssati, Umar Sayfiddin asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi.
2014 yilda Isajon Sulton “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan mukofotlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
___________________________________________________________________
Joriy yilgi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tanlovida nasr yo‘nalishi bo‘yicha yozuvchi Isajon Sultonning "Ozod" romani g‘olib deb topildi.
Bundan oldin - 2010 yilda Isajon Sultonning "Boqiy darbadar" asari O‘zbekistonda yilning eng yaxshi romani deb e‘tirof etilgandi.
Shuningdek adibning "Qismat" hikoyasi AQShning Chikago shahrida chop etiladigan "Leksikon" adabiy jurnali tanlovida g‘olib chiqqandi.
Taniqli o‘zbek yozuvchisi va adabiyotshunos Ulug‘bek Hamdam Isajon Sulton haqida shunday yozgandi:
"…Uning ijod yo‘li anchagina o‘ziga xos. Yozuvchi 90-yillarning boshlarida mo‘‘jazgina kitobchasi - "Oydinbuloq" bilan ko‘zga tashlanib, adabiy davralarni o‘ziga bir qaratib olgach, hayot deb atalgan tubsiz va cheksiz teranliklarga sho‘ng‘ib ketgan bo‘yi, 2010-yilda qator hikoyalar va romanlar bilan u ummondan bosh ko‘targan ijodkordir".
Adabiyotshunoslar faqat Isajon emas, balki o‘tgan asrning 70-80 yillarida adabiyotga kirib kelgan ko‘pgina o‘zbek ijodkorlarining yangi asarlari mustaqillik davriga kelib "ko‘rinmay qolgani"ni qayd qilishadi.
Isajon ko‘plar ijoddan uzoqlashgan yillar haqida shunday degandi:
"To‘qsoninchi yillarda to‘satdan hamma narsa o‘zgara boshladi. Maqsadlar, mo‘ljallar o‘zgarib ketdi. Juda katta kishilar izdihomi qarshisida birdaniga kun kechirish va oilani saqlab qolish zarurati paydo bo‘ldi. Men o‘sha mahallarning ruhsiz-nursiz kunlarini yaxshi eslayman. Birdaniga badiiyat ham chetga surilib ketganday, hech kimga keragi yo‘qday tuyula boshladi. U mahallar tinimsiz ishlar, yangi dunyoning yangi qoidalariga moslashish juda qiyin kechmoqda edi. Kunlar o‘tar, ishlab topilgan daromad kiyim-kechakka, oziq-ovqatga, goho shaharning qaysidir so‘limroq burchida orom olishga sarflansa-da, shu hayot ichida yetishmayotgan yana nimalardir qalbni g‘ussaga cho‘mdirardi…"
Lekin, chinakam iste‘dod egasi bo‘lgan haqiqiy ijodkorning har qanday sharoitda - rohat-farog‘atli davrlarda ham, mashaqqatli damlarda ham qo‘liga qalam olishi ko‘plar tomonidan takrorlangan.
Isajon bu haqiqatni isbotlagan uncha ko‘p sonli bo‘lmagan adiblardan biri desak hech bir adashmagan bo‘lamiz.
Isajon Sulton yana bir tilga tushgan boshqa asarlaridan biri "Boqiy darbadar" romani haqida gapirarkan:
"…Bor-yo‘g‘i sakson sahifalik kichkinagina shu roman juda uzoq yozildi, men uni taxminan 1998 yilda boshlagan edim. Muqaddas manzillarini, maqsadlarini yo‘qotib qo‘yib, dunyoda tentirab yurgan odamlar dunyoda ko‘pday tuyular, lekin ifoda uchun shakl topolmas edim. Qiziq-da, bir etikdo‘z Iso alayhissalomga qo‘l ko‘tardiyu abadiy yashash degan tavqi la‘natga duchor bo‘ldi. Barhayotlik ham musibat bo‘lishi mumkinligi haqida sira o‘ylab ko‘rmagan ekanman, vaholanki, sonsiz-sanoqsiz insonlar dunyoda mangu qolish ishtiyoqida yelib-yugurmoqdalar", degan edi.
Adibning "Boqiy darbadar" kitobiga so‘ngso‘z yozgan adabiyotshunos Rahimjon Rahmat shunday fikrni o‘rtaga tashlaydi:
"Isajonni "Boqiy darbadar" asarini yozishga turtki bergan tuyg‘u aynan qiyomatni favqulodda kuchli sezish, bu dunyo qadriyatlarining qiyomat degan ulkan tegirmonda yanchilishini ravon va jonli his etishdir. Xuddi mana shu tuyg‘u "Boqiy darbadar" asarining dastlabki asosidir. Inson chalayotgan hayot degan kuyda darbadarlik ohanglari ustun ekanligini anglaydi yozuvchi".
Ijod namunalari ko‘proq internet sharofati bilan o‘zi yashayotgan yurt hududlaridan chetga chiqqan Isajon Sulton hozirda o‘quvchilardan eng ko‘p xat oladigan adiblardan biri sanaladi.
Uning "Pushtirang maxluqcha" hikoyasini o‘qigan Mashhura Sheraliyeva shunday fikrga keladi:
"…O‘z qo‘llarini yeb bitirayotgan kichkina pushtirang maxluqcha - zulmni tag-tomiri bilan yo‘qotish istagida yongan, ammo voqelikka ta‘sir o‘tkazishda ilojsizligini anglab turgan san‘atkor... Hikoyani o‘qirkanman, pushtirang maxluqchaning qo‘shig‘ini eshitgandek bo‘lmadim, balki haqiqatan ham eshitdim, kuyidagi ohang ham yuragimdan o‘tganini his qildim. Kuylash, yozish, chizish, umuman olganda, ijod - ilojsizlik bag‘rida ham imkon izlash degani, bu - ijodkorning qismati".
Amerikada yashayotgan Qunduz Husanboyeva esa adibga iltimos qiladi:
"Romaningizni sotib olish imkoniyati yo‘q. Bizga o‘xshagan musofirlar uchun uning elektron variantini yaratsangiz bo‘lardi. Hamma bahramand bo‘lardi".
Qunduz Husanboyeva Isajon Sultonning "Ozod" romanini o‘qish ishtiyoqida bo‘lgan yagona muxlis emas.
"Ozod" faqat o‘quvchilar emas, balki adabiyotshunoslar e‘tiboriga ham tushdi. Adabiyotshunos Islom Yoqubov fikricha:
"Ozod" romani yurak tubidagi po‘rtanalardan bahs etadi. Basirat so‘qmoqlarida o‘z yo‘lini topmoq ilinjida sarosar kezayotgan tasavvur orzu, havas, armon, pushaymonlik, hasrat, nadomat kabi turfa tuyg‘ular iskanjasida qoladi. Adib inson taqdiri uning Muhabbat va Iymoni darajasiga ko‘ra o‘zgaradi,- degan xulosaga keladi. Shu ma‘noda bu asarni tasavvur va tafakkur romani deyish mumkin".
Adabiyotshunos olim roman qahramonlaridan birining ichki dunyosiga kirib borar ekan, shunday xulosaga keladi:
"Ozod zohiran jo‘n tuyuluvchi tabiat hodisalarining botinini ko‘radi. Oddiy odam eshitishi mahol bo‘lgan turfa tovushlarni tinglaydi. Dastlab uning fikru shuurida barcha ajdodlarimiz ham o‘z qismatiga peshvoz borishgan emasmidi. Ehtimol, shu bois ham ular tabiatida itoatkorlik, jafokashlik, halimlik, shukronalik, qanoat tuyg‘ulari shakllanmadimikin. Kishini ezuvchi mehnatdan qutilish chorasi bormi. Taqdirni o‘z-gartirish imkoni-chi. Bag‘ri qon qizg‘aldoqlaru maysa-ko‘katlar nega bahorga talpinishadi. Bu ham ertadan umidvorlik orzusi emasmikin. Bularning barchasida qanday ma‘no yashirin. Umuman, odam bolasi dunyoga nima uchun keladi?- qabilidagi savollar shodasi charx uradi".
Adabiyotshunos anglagani kabi "Ozod" romani inson umrining qadri haqida bitilgan.
"Chunki, adib azaldan sharaflangan insonni dunyoviy havaslar to‘riga o‘ralib qolmaslikka undaydi. Asarda bani odam naslining tarixi va ertasi taftish etilib, bugunning odami, ya‘ni zamondoshimiz g‘aflat va johiliyatdan yuksalishga chorlanadi. Romandan muboraklik inoyat qilingan zot nafs ilinjidagi turfa evrilishlardan emas, balki iymon barsalomatligidan najot topajak,- degan xulosa chiqariladi".
Professor, adabiyotshunos Abdug‘afur Rasulov esa, Isajon Sultonning "Ozod" to‘plamidan o‘rin olgan hikoyalarini tahlil etar ekan uning tabiat hodisalari, turfa mavjudotlarga ma‘no yuklashini yuksak baholaydi:
"Isajon Sulton asarlarida shamol - yozuvchi imkoniyatidagi tuganmas poetik imkoniyat. Yaratilajak timsollar moyasi. Yozuvchi nafaqat shamol, bo‘ron, to‘fonni, o‘rni-o‘rni bilan hashoratu hayvonotni, parranda-yu parqu bulutni, kapalaklar, ninachilarni tasvirlaydi. Ularning har biri ma‘no qati, ramzi sifatida aks eta boshlaydi. Xullas, postmodernistik asarda hamma narsa o‘z o‘rnida betakror timsol vazifasini o‘taydi".
Isajon Sultonning asarlari keyingi yillarda ingliz, nemis, turk, rus tillariga o‘girildi. Shvetsiyaning adabiy agentlaridan biri - OHO-Press "Boqiy darbadar"ga va "Ozod"ga qiziqish bildirmoqda.
Adibning o‘zi esa, hind mutafakkiri Javoharlal Neruning "Hindiston" asarining Boburga bag‘ishlangan qismini, shuningdek, yapon adiblari Ryunoske Akutagava, Yasunari Kavabata, turk adibi Umar Sayfiddin asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Isajon Sulton esa hali o‘z asarlaridan qanoatlanmaydi:
"Alvon bulutlar tomonga uzanib ketgan, ikki cheti, urug‘larini sochib yuborgan va kuchli islar taratayotgan, maysalarga to‘la tafakkur so‘qmog‘idan shu tariqa quyosh botayotgan taraflarga ravona bo‘lmoqdamiz. Va bir qur alanglaganimizda ko‘ramizki, o‘zimiz bilan olib ketayotganimiz - faqat ma‘nolar ekan, xolos".
Tahlilchilar esa, hali bir qator iste‘dodli o‘zbek yozuvchilarining o‘z asarlarini e‘lon qilishmayotganini ta‘kidlay turib, ular ham ijodda davom etayotgan bo‘lishlari mumkinligini, kitob chiqarish uchun yo imkoniyat, yo istaklari yo‘qligini taxmin etishadi.
_____________________________________________________________________________
Istiqlol davri romanlari yangi ohanglar hisobiga boyidi. Uning ifoda tarzi jahonning ilg`or an`analarini o‘zlashtirishi va milliy adabiyot tajribalarini davom ettirishi natijasida o‘zgacha usullar sintezini barqarorlashtirdi. Ifodaning qabariqligi, tasvirning serqatlamliligi, mazmun, ruhiy holat manzaralarining rangbarangligi bilan insonni badiiy tadqiq etishga an’anaviy usullar (bayon, ifoda etish, ko‘rsatish, tasvirlash)ning o‘z o‘rnini bo‘shatib berayotganligi bilan alohidalik kasb etadi. Xalqimizning azaliy orzusi bo‘lgan Mustaqillik juda ko‘p jabhalarda bo‘lganidek, ma’naviyat sohasida ham katta o‘zgarishlarni vujudga keltirdi. Millatimiz hayotida mavjud bo‘lgan ma’naviy-axloqiy muammolarga har qachongidan ko‘ra ham diqqat-e’tibor kuchaydi. Istiqlol mafkurasi xalq va jamiyat hayotiga chuqur singib borayotganligining o‘ziyoq, badiiylik mezonlaridagi o‘zgarlarda namoyon bo‘lmoqda. Bugungi kunda globallashuv jarayonida ma’naviy qadriyatlarning hayotiy zarurati oshmoqda. Afsuski, XIX asrdan boshlaboq G‘arbiy Yevropa adabiyotidagi ayrim oqimlarda ezgulikka bepisand qarash, jamiyatning axloqiy-estik me’yorlarini oyoqosti qilish kabi noxush hollar uchray boshladi. Bu esa o‘z navbatida har qanday axloq-odobni inkor etishgacha borishga bo‘lgan urinishlar samarasida vujudga kelgan oqimlar sifatida namoyon bo‘la boshladi. Sharqda esa buyuk an’analarni tadrijiy davom ettirilib, asosan axloqiy,ma’naviy qadriyatlar asosidagi talqinlar etakchilik qilganligini kuzatish mumkin. Bu esa insonning shaxs sifatida kamol topishiga zamin hozirlasa, ikkinchidan, shu mavjud jamiyatning muvozanati odob-axloq, insoniy burch, mehribonlik va shafqat tuyg‘ulari bilan ushlab turilar va hozirgacha bu tushuncha bizning butun vujudimizning yashash a’moliga aylanganid ulgurganligi bilan izohlash mumkin. Inson ruhiyatini parvarishlovchi birdan-bir yuksak so‘z san’ati vositasida erishilishi, ya’ni badiiy kitob mutolaasi jarayonida qo‘lga kiritiladi. Shuning uchun ham badiiy asar o‘qish bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi ham bejiz emasligini teranroq anglay boshlaymiz. O‘zining bir qator hikoya va qissalari bilan o‘quvchilarini topa bilgan, adabiyotshunoslik ilmi sohasida ham muayyan tadqiqotlar olib borayotgan yozuvchi, shoir, munaqqid binobarin, yangi asr ostonasida adabiyot maydonida shakl va mazmun qamrovi, ma’no-mohiyati bilan badiiy tafakkur olamida turli xil mavzudagi asarlari bilan o‘quvchilar qalbidan joy olib ulgurgan ijodkorlardan biri Isajon Sultondir. Yangilanayotgan badiiy tafakkurga sezilarli hissasini qo‘shib kelayotgan Isajon Sulton izlanishlarida buning yorqin ifodasini kuzatamiz. Istiqlol davri adabiyoti shaxsni o‘zlikni anglash yo‘lidagi turfa xil holatlarni ramziy, majoziy, tasvir orqali aks ettirmoqda. Istiqlolga erishganimizdan keyin yaratilgan ko‘pgina asarlardan oliy rutbaga ko‘tarilgan, dunyo yaralishining sababi, adoqsiz ilohiy nur bilan yo‘g‘rilgan inson ruhiyatidagi o‘zgarishlarni asar sujetiga singdirganligini adibning bir qator nasriy asarlari misolida kuzatish mumkin. Bu davr adabiyoti mavzu nuqtai nazaridan ham, badiiy tasvir tamoyillari jihatidan ham biror qolipga solinmagan, tabiiy ravishda taraqqiy qilayotgan estetik hodisa sifatida namoyon bo‘layotganligini ham qayd qilib o‘tish lozim. Bu esa badiiy adabiyot uchun hayot haqiqatini ko‘rsatish bilan bir qatorda inson ruhiy olamidagi ma’naviy evrilishlarni, turfa xil ziddiyatli holatlarni tasvirlash jarayonida namoyon bo‘lmoqda: “Qahramonlar qismati, shaxsiyati, ruhiyati tasviri, tahlilidan ko‘pdan-ko‘p ramziy-simvolik ishoralar, shtrixlar, kinoya-kesatiqlar, yana qandaydir sirli jihatlarga duch kelib xayolga tolasiz, ularning mag‘zini chaqishga urinasiz” [1,65-bet], deb qayd etganda adabiyotshunos Umarali Normatov haqli edi. Shu boisdan ham, Istiqlol adabiyoti xilma – xil, turfa xil ohangdagi badiiy asarlarni maydonga keltirdi. Unda turli tuman ijodiy tajribalar qilish, turli “izm” lar izidan bora olish imkoniyati mavjudligi namoyon bo‘ldi. Bu davr adabiyoti tipik odamni emas, balki alohida o‘ziga xos va betakror odamni tasvir etmoqda. Istiqlol davri adabiyoti munosabatlar adabiyotiga, tuyg‘ular, kechinmalar adabiyotiga aylanib ulgurdi. Odam anglash qobiliyati sabab olamining sarvari darajasiga ko‘tarildi. Chunki hayot hodisalarini, o‘z fikr-u tuyg`ularini, o‘zgalarning o‘y-u xayollarini anglab yetish kishini Yaratganni anglash sari olib boradi. «Anglash» tushunchasi zamirida bilishdan tashqari to‘yish holati ham mavjud. Inson hissiy – intellektual faoliyatining oliy ko‘rinishi bo‘lmish san’at hodisalariga tatbiqan ham anglash so‘zini burilishlar sababli hayot kechirish, fikrlash va sezimlar tarzida ro‘y berayotgan shiddatli o‘zgarishlar ruhiga moslashish uchun bugunning odami o‘zini ancha zo‘riqtirishi lozim bo‘ladi. O‘zlik sari eltuvchi uzun yo‘lni bosib o‘tish hech mahal oson bo‘lmagan. Fikr va ruhning yangilanishi estetik qarashlarning ham tozarishga olib keladi. Insoniyatning zavqi o‘zgarishi bilan azaldan o‘ziga xos bo‘lishga intilib kelgan ijodkorlar badiiy asar doimo undan oldin yaratilganiga o‘xshamaslikka intilish natijasi o‘laroq paydo bo‘ladi. Hikoya janri tarkibidagi o‘zgarishlar turfa xil adabiy yo‘nalishlar, muayyan yo‘‘alishga xizmat qiluvchi adabiy oqimlar, tabiiyki, hikoya poetikasiga ham yangi yangi uslub o‘zgarishlarni olib kirdi. Shu jihatdan, Isajon Sultonning ”Qaydasan jannat?” turkumidan o‘rin olgan “Yigirma birinchi asrning sakkiz yashar bolasi”, ”TOD”, ”Ayvon” [2, 145-bet] hikoyalarining strukturasida yoki kompositsoin yaxlitligida ham ijodkorning o‘ziga talqini kuzatish mumkin. Adib hikoyalarida insonni o‘zligini anglash yo‘lidagi harakatlari asosida uning qalb istiroblarini kuzatish mumkin. ADABIYOTLAR: 1.Normatov U. Umidbaxsh tamoyillar. Risola. – T., ”Ma’naviyat”, 2000. - 112 bet.
_________________________________________________________________________
Isajon Sulton – zamonaviy Oʻzbekistonning taniqli yozuvchilaridan biri. Uning roman, qissa va hikoyalari Oʻzbekistonda munosib eʼtirof etilganidan tashqari, adib nomi Germaniyadagi baʼzi davralarga ham birmuncha tanish. Bir necha hikoyasini istisno etganda, uning ijodi chet ellarda keng maʼlum emasligi sabab “Boqiy darbadar” romanini tarjima qilish jarayonida oʻarb oʻquvchisi bu yozuvchini qanday qabul qilar ekan, deya xayolimdan oʻtkazgan mulohazalarimni quyida bayon etmoqchiman. I.Sulton ijodiga Sharq, rus, Yevropa, Janubiy Amerika va postsovet adabiy tajribalarining sintezi sifatida qarash oʻrinli, nazarimda. Meni, asosan, zamonaviy yoʻnalish boʻlgan postmodernizm bu adib ijodida qanday namoyon boʻlayotgani qiziqtiradi.
I.Sulton nasri uslubini olsak, undan postmodern belgilarini topish qiyin. Postmodern nasr, odatda, adabiy iqtiboslarga ragʻbati bilan ajralib turadi. Ammo postmoderncha iqtiboslar, aytaylik, rus adabiyotining XIX asr oxiri –
XX boshlaridagi kumush davridan asl maʼnosini yoʻqotgani bilan farqlanadi. Bunday tendensiyaga ajoyib misol – Dmitriy Prigov sheʼriyatidir. Ayni sheʼriyat, Mixail Epshteyn fikricha, turli adabiy iqtiboslarni ular oʻz maʼnosini yoʻqotmaguncha qaytarish va qorishtirishdan iborat. I.Sulton nasrida ham, albatta, iqtiboslar talay, ammo Prigov darajasida emas. Qolaversa, bu adib iqtiboslari oʻquvchi bilan oʻyinga kirishishga emas, balki unga toʻgʻridan-toʻgʻri gʻoyaviy-hissiy taʼsir koʻrsatishga yoʻnaltirilgan.
I.Sulton nasri postmoderncha bayondan ham farq qiladi. Vladimir Nabokovning postmodernga uyqash “Pushaymon” asarida muallif oʻquvchi bilan oʻyinga kirishadi, uni avval koʻp bor yurilgan yoʻllardan yetaklaydi-da, soʻng esa kutilmagan xulosaga yuzma-yuz qiladi. I.Sulton oʻz muxlisini sira bu taxlit “chuv tushirmaydi”, uning oʻquvchisi ham yozuvchiga aslo qarama-qarshi bormaydi, oʻquvchi har doim adib falsafasini maʼqullaydi. Shu maʼnoda, I.Sulton asarlarida realizm va hatto XIX asr didaktikasi anʼanalarini koʻrish mumkin.
Yuqoridagi farq-tafovutlarga qaramay, I.Sulton asarlari, baribir, postmodern gʻoyasiga hamohang. oʻarb dunyosi shoʻro saltanatining qulashi va kommunizm gʻoyasining halokatga uchrashini tarix intihosi deb qabul qildi. Kommunizm ustidan gʻalaba qozongan kapitalizmga esa endi odamlarga oʻzgacha, farahbaxsh kelajakni vaʼda qilishiga hojat qolmadi. Kapitalizmning oʻzi utopiya deb eʼlon qilindi, undan-da yuksak tuzum haqidagi umidlar soʻndi. Tarix intihosi — oʻz-oʻzidan gʻoyalar intihosi hamdir: baxtli kelajak haqida umidlar soʻngan ekan, demak, bu yogʻiga hech bir mafkura yetakchilikka daʼvo qilolmaydi.
Oqibatda postmodernizm va unga yondosh poststrukturalizm oʻz gʻoyalarini qayta koʻrib chiqa boshladi, yaʼni jamiyatning bir qismigagina foyda keltirib, qolgan qismiga zarar yetkazayotgan tartibotni fosh etib, shuning oʻzini gʻoya sifatida koʻrsatishga tutindi. Kelajakni nazarda tutmagan har qanday mafkura esa yolgʻon fikr paydo qiladi, xolos. Shunday qarashni I.Sulton nasrida bot-bot uchratish mumkin. “TODD” hikoyasi yakunida roviy nemis konslagerlarining mahbuslari boshiga tushgan dahshatlarni sanab chiqqach, ularning urushdan keyingi bitmas jarohatlaridan qaygʻuga tushib, barcha gʻoyalaridan voz kechadi: “Bildimki, hech bir falsafa hayot hikmatini izohlab bera olmas ekan. Chunki hayot hamisha haq va rang-barang, tovlanuvchi, falsafa esa, uning faqatgina soyasi, boshqa hech narsa emas ekan”. I.Sulton nazdida, mafkura (yoki falsafa – ular bir-biridan juda kam farq qiladi) jamiyatdagi fikrlar xilma-xilligini toʻla qamray olmaydi. U ijtimoiy taraqqiyotning boshqa yoʻllarini nazardan soqit qilgan holda, insoniyatning butun kuch-quvvatini birgina yoʻnalishga burib yuboradi. I.Sultonning shu xulosasi aynan postmodernchadir.
oʻarbning aksar ateist postmodernchilaridan farqli oʻlaroq, I.Sultonning gʻoyadan voz kechishi tarixning tugagani oqibati emas, balki Xudoga va eʼtiqodga qayta yuz burishdir. XIX asr boshlarida Yevropa faylasuflari, chunonchi, Gegel Xudoning irodasini bilishga daʼvo qilgan hamda oʻz falsafasiga dunyoda Yaratgan irodasini qaror toptirish quroli deb qaragan edi. Marks esa Xudodan darhol yuz oʻgira qoldi va ayni chogʻda tarixni oʻz nihoyasi sari yetaklaydigan qonuniyatlar borligini ovoza qildi. XX asr tarixi XIX asr gʻoyalari roʻyobi ekani shundaki, endi insonning oʻzi Xudo yoki Aʼlo odam boʻlishga chogʻlanmoqda.
Yuqorida zikr etganimizdek, postmodernizm – gʻoyalardan voz kechmoqdir. Komil insonni yaratish yoʻlidagi genetik yoki ijtimoiy tajribalar endi, oʻtgan asrdagi xomxayollardan farqli oʻlaroq, moʻjiza ham, gʻalaba ham emas, aksincha, bunday tajribalar xulosasi – insonning Xudo oldida benihoya zaifligiga iqror boʻlish va Uning irodasiga soʻzsiz boʻysunishdir. “Boqiy darbadar” romanining qahramoni boʻlmish daydi oʻz irodasini yuzaga chiqarish oʻrniga Aʼlo odam yoki Xoliqi Mutlaqni izlab ketadi: “Shu bois bu makonni, avvalo, Uni izlab topish va butun olam yaratilishining sabablarini Oʻzidan soʻrash uchun tark etmoqdaman”. Oʻtgan asrda inson kim oʻzi, yashashdan maqsad nima, degan savollarga javobni zaminning oʻzidan topish mumkin edi. Lekin bizning asrimizda, I.Sulton fikricha, bu savollarga zamindan javob topmoq dushvor. Javob undan tashqarida, yaʼni Xudodadir.
Maʼlumki, tabiatga muhabbat insonni Xudoga yaqinlashtiradi. “Sofiya” hikoyasi roviysi shu nom bilan atalgan boʻron sabab yuzaga kelgan vayronagarchilik haqida dahshatga tushib hikoya qiladi, ayni chogʻda romantik sifatida Tangri irodasi-la bosh koʻtargan shu falokat goʻzalligidan lol ham qoladi: “Qaytaqol, goʻzal Sofiyam, oʻzing bino boʻlgan makonlarga. Men bilmaydigan, men tushunmaydigan begona togʻlar oralaridagi sarvlar boʻy choʻzgan, yovvoyi oʻtlar qator-qator gullagan va hamma yoqni enlab kuchli islar taraladigan qoyalarning oralariga… Bagʻirlarida rahmat va marhamatlarni olib kelayotgan shu qora-qizgʻish bulutlar bino boʻlgan yovvoyi hududlarga. Men ham oʻz oromimu osoyishimga qaytay! oʻoyatda tartibli, hamma narsa oʻz oʻrnida, doimo badastir turadigan, sira oʻzgarish roʻy bermaydigan, doimo osoyishta va tinch, hech dolgʻalanmaydigan… oʻz makonlarimga! Yoʻq, shoshma… ketma!”
Qahramon bilan ofatning oniy toʻqnashuvi qahramonga u avval hech tuymagan bir farogʻatni baxsh etadiki, bu – paradoksdir. Bir tomondan, har doimgi tinch-osoyishta hayotiga qaytishni, boshqa tomondan, Sofiya qurboniga aylanishni xohlaydi u. Bunday hissiy qarama-qarshiliklarni gʻarbliklar Freyd ilmiy isteʼmolga olib kirgan oʻlim instinkti, yaʼni subʼyektning avval boshdan kechirilmagan holat, yaʼni yoʻqlikka intilishi sindromi bilan izohlagan boʻlar edilar. Lekin I.Sulton chuqur oʻrgangan Jaloliddin Rumiy va boshqa mutasavvif ijodkorlar merosi buni boshqacha talqin qilishga undaydi. Rumiy taʼlim beradiki, dunyodan etakni silkish insonni Xudoga yaqinlashtiradi.
Uning nazdida, bizlar doimo izlanishdamiz va shu sabab barchamiz darbadarmiz. “Boqiy darbadar” nomi ham ana shu qanoatdan kelib chiqqan. Hatto romandagi eng salbiy personaj boʻlmish professor Ziyo (intellekt ramzi) – dunyoni fan va texnologiyalar yordamida birlashtirishga intilgan olim ham oʻz iddaolari notoʻgʻri ekaniga iqror boʻladi. Ilohiy haqiqatni izlayotgan oʻgʻlining maktubini oʻqigach, bunday oʻyga choʻmadi: “Yuragi unga oʻgʻlining haq ekanini, butun olam ahli ilgarilab borayotgan turli-tuman yoʻllar orasida oʻgʻlining tutgan yoʻli aniqroq va haqiqatga yaqinroq ekanini sezdirib turardi”. Oʻgʻil esa otasining orzularidan iztirobda: “Bularning oldida dunyo nima? Taraqqiyot nima? Hammasi birlashganida ham, oddiygina qum zarrasi kabi ahamiyat kasb etarmikan?” Baribir, ota tan oladiki, oʻgʻil haq: fan, taraqqiyot, globallashuv, yaʼni inson qoʻli bilan bunyod etilajak ezguliklar Tangri tortiq etajak mukofotlar bilan tenglasholmaydi. Xudoning zaruriyligini tan olish, baʼzi gʻoyalar aralashganiga qaramay, I.Sulton personajlarida koʻzga aniq tashlanadi.
Biroq I.Sultonni indeanist yozuvchilardan globallashuvga moʻtadil yondashuvi ajratib turadi. Patritsia Greysga oʻxshash indeanist adiblar ibtidoiy hayotga qaytishni yoqlab, zamonaviy voqelikni qoralaydi.
I.Sulton ijodi, amerikalik oʻquvchi nuqtai nazaricha, indeanist adabiyot, fusunkor realizm, postsovet adabiyoti va postmodernizmga oʻxshash bir qancha adabiy yoʻnalishlarga mansubdir. oʻarb oʻquvchisi uchun betakror tarafi esa unda indeanistik yondashuvning tasavvuf gʻoyalari bilan uygʻunlashib ketganidir. Aksar indeanistlar masihiylik va boshqa dunyo dinlarini insonni tabiat, ilohiyot bilan xususiy aloqadan judo qilishda ayblaydi. I.Sulton esa bunday qarash notoʻgʻri degan fikrni dalillaydi.
Men katta ishtiyoq bilan Isajon Sulton asarlarini ingliz tiliga tarjima qilmoqdaman. Maqsadim – oʻarb kishisi oʻzi uchun yangi, betakror adabiyotni kashf etishida unga baholiqudrat koʻmaklashish.
Ayni vaqtda atoqli oʻzbek adibi Choʻlponning “Kecha va kunduz” hamda Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanlarining ingliz tiliga tarjimasini poyoniga yetkazdim…
Dostları ilə paylaş: |