portal.guldu.uz-Davlat va huquq nazariyasi va tarixi
Siyosiy asos. Siyosiy nuqtai nazardan baholaganda, fuqarolik jamiyatidagi siyosiy tizim va siyosiy boshqaruvning mazmun-mohiyatini huquqiy davlatchilik ifoda etadi. Boshqacha aytganda, huquqiy davlat fuqarolik jamiyatining siyosiy mohiyatini, siyosiy shaklini tashkil etadi. Bu ikki hodisaning o’zaro munosabati shakl bilan mazmunning o’zaro aloqadorligini aks ettiradi. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, fuqarolik jamiyati to’la ma’noda mavjud bo’lishining shak-shubhasiz sharti huquqiy davlatning mavjudligidir. Va, aksincha, huquqiy davlat faqat fuqarolik jamiyatidek ijtimoiy makonda qaror topishi va faoliyat yuritishi mumkin.
Fuqarolik jamiyati bilan huquqiy davlatning o’zaro nisbatini iqtisod bilan siyosatning nisbati tarzida izohlash o’rinli bo’ladi. Buni O’zbekiston misolida yaqqol ko’rish mumkin. Zero, iqtisodiy islohotlar tegishli demokratik siyosiy tuzilmalar, institutlar mavjud bo’lishini taqozo etadi.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida mulk shaklini o’zgartirish, xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirishga qaratilgan davlat tuzilmalari vujudga keltirildi. Hukumat iqtisodiyotni boshqarishning bozor usullariga o’tmoqda. Vazirlar Mahkamasi apparati bevosita sohaviy ma’muriy boshqaruvdan qaytib, boshqaruvning funktsional tizimiga o’tdi. Buning ma’nosi shuki, hukumat xo’jalik yurituvchilar faoliyatiga bevosita aralashmaydi, iqtisodiyotni davlat yo’li bilan boshqarmaydi. U iqtisodiyotni bozor yo’liga o’tkazishning umumiy strategiyasini ishlab chiqadi, iqtisodiy jarayonlar va iqtisodiy komplekslar faoliyatini uyg’unlashtirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, xo’jalik yuritish shakllarini takomillashtirish, tarkibiy va institutsional qayta o’zgarishlarni amalga oshirish, iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarish, tadbirkorlik va raqobatchilikni rivojlantirish bilan shug’ullanadi. Fuqarolik jamiyatining siyosiy tavsiflanishi faqat davlat tuzilmalarini rivojlantirishdan iborat emas. Demokratiya ravnaq topishi uchun fuqarolik jamiyatida hurfikrlilik, siyosiy plyuralizm ham qaror topishi zarur. Buning uchun jamiyatda tom ma’nodagi ko’ppartiyaviylik, jamoat va nodavlat tashkilotlarning keng ko’lamli tizimi, tadbirkorlarning ittifoqlari, uyushmalari, mehnatkashlar mustaqil birlashmalari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tizimi vujudga keltirilishi lozim, toki bu tuzilmalar davlat idoralari bilan teng huquqli munosabatlarga kirisha olsin.
Fuqarolar va ularning uyushmalari davlat idoralari bilan muloqotda huquqning teng sub’ektlari sifatida munosabatga kirishadilar. Basharti, bu teng huquqiy munosabatlarda tomonlardan birining huquqiga, manfaatiga putur etkazilsa, u sudga murojaat etishi va qonuniy asoslarda sud tartibida o’z huquqini tiklashga erishishi mumkin. Huquqiy davlat nafaqat fuqarolik jamiyatini boshqaruvchi tizim, balki o’zini o’zi boshqaruvchi fuqarolik jamiyatiga bog’liq, uning manfaat va ehtiyojlariga bo’ysunuvchi tizim sifatida maydonga chiqadi.