Fuqarolik jamiyati – har bir inson manfaatini ustuvor biluvchi, huquqiy an’ana va qonunlarga hurmat muhiti shakllantirilgan, umuminsoniy qadriyatlar e’zozlanadigan, inson huquqlari va erkinliklari so’zsiz ta’minlanadigan, davlat hokimiyatining samarali jamoatchilik nazorati mexanizmlari vujudga keltirilgan, insoniy munosabatlar chuqur ma’naviy-madaniy qadriyatlarga tayanadigan erkin demokratik huquqiy jamiyatdir.
Fuqarolik jamiyatining quyidagi asosiy belgilari va xususiyatlarini ko’rsatib o’tish mumkin: 1. Jamiyat va shaxs ehtiyojlari tizimida faol ijobiy faoliyat va mehnatning roli alohida mazmunga ega bo’lishi. Mehnatga asoslangan ijtimoiy ehtiyoj va manfaatlar tizimining qaror topishi.
2.Jamiyat mazmuni, uning rivojlanish qonuniyatlari mohiyatining xususiy mulkchilik munosabatlari orqali belgilanishi.
3. Xususiy mulk barcha mulk shakllari qatori ravnaq topishi va uni muhofazalashda qonunning, davlat hokimiyatining alohida o’rin tutishi.
4. Fuqarolarning yuridik jihatdan bir xil maqomga egaligi va qonun oldida tengligi. Jamiyatda adolatli sud tizimining qaror topishi va uning fuqarolarni himoyalovchi posbon idoraga aylanishi.
5. Shaxsning xususiy hayoti va iqtisodiy faoliyatiga davlat aralashuvining qonun doirasida cheklanishi. Huquqiy davlatchilikning mavjud bo’lishi.
6. Shaxsning davlat hokimiyatiga nisbatan mulkiy va iqtisodiy mustaqilligi.
7. Davlat, davlat idoralari va fuqarolar huquqning teng sub’ekti sifatida munosabatga kirisha olishi, ularning sudda teng taraflar sifatida maydonga chiqa olishi. Fuqarolar huquqlarini kafolatlash va ustuvor ta’minlash mexanizmlarining yaratilganligi.
8. Fuqarolik jamiyatining tarkibiy institutlari, jumladan fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari tizimining mavjudligi.
9. Jamiyatning yuksak ma’naviy-madaniy va axloqiy rivojlanganligi; insonlar o’rtasidagi munosabatlar o’zaro hurmat, iymon-insof doirasida, shaxs qadrini e’zozlash asosiga qurilganligi va boshqalar.