Fuqarolik jamiyati institutlarini quyidagi mezonlar bo’yicha tasniflash mumkin: 1. Iqtisodiy sohadagi manfaatlarni qanoatlantiruvchi tuzilmalar: xususiy mulk asosida vujudga keladigan va faoliyat yuritadigan nodavlat tashkilotlari; ijara asosida ishlovchi jamoalar; hissadorlik jamiyatlari; moliyaviy jamg’arma hamda uyushmalar; ishlab chiqarish korporatsiya, kontsernlari va birlashmalari; tadbirkorlar uyushmalari (palatasi) va boshqalar.
2. Ijtimoiy sohadagi manfaatlarni ifodalovchi tuzilmalar:oila hamda uning manfaatlarini aks ettiruvchi maxsus tashkilotlar; ta’lim-tarbiya muassasalari (maktab, o’rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari); jamoat birlashmalari, nodavlat tashkilotlar; fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari; mustaqil OAV; diniy tashkilotlar; milliy-madaniy markazlar; ixtiyoriy ko’ngilli jamiyatlar; jamoatchilik fikrini aniqlash va o’rganish institutlari; turli ijtimoiy ixtiloflarni adolatli hal etuvchi tuzilmalar va boshqalar.
3. Siyosiy sohadagi manfaatlarni aks ettiruvchi institutlar va tuzilmalar: siyosiy partiyalar; ijtimoiy-siyosiy harakatlar; siyosiy muxolifatning mavjudligi; inson huquqlarini himoyalovchi institutlar va boshqalar.
O’z navbatida fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakat hayotidagi o’rni va ahamiyati quyidagilarda namoyon bo’ladi:
aholini turli ijtimoiy guruhlari manfaatlarini ifoda etadi;
fuqarolar ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlashda, ularning siyosiy va fuqarolik faolligini oshirishda, mamlakatda ro’y berayotgan demokratik o’zgarishlarning ko’lamini kengaytirish va chuqurlashtirishda muhim omil sanaladi;
ular davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borishning asosiy vositasi hisoblanadi;
milliy o’zlikni anglashda, jamiyat a’zolarining siyosiy-huquqiy madaniyati va milliy dunyoqarashini yuksaltirishda, milliy g’oya va milliy istiqlol mafkurasini joriy etishda ularning imkoniyatlaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi;
butun jamiyat ahamiyatiga molik masalalarni hayotga tadbiq etishda ular davlatning teng huquqli ijtimoiy hamkori hisoblanadi;
nodavlat notijorat tashkilotlarning rivojlangan tizimi jamiyatda manfaatlar uyg’unligini qaror toptiradi va mustahkamlaydi.