Soliq kodeksida kameral nazorat soliq nazorat shakli sifatida emas, balki soliq tekshiruv turi sifatida kiritilgan. Kodeksda soliq tekshiruvining bu turini qay tartibda o‘tkazish ham aniq belgilab berilgan.
Kameral soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi hisobotini uning faoliyati to‘g‘risida mavjud bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan o‘tkaziladi.
Sohada olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri soliq to‘lovchilar davlat soliq xizmati xodimlarini nazoratchi emas, balki yaqin hamkor sifatida qabul qilishiga erishishdir.
Kameral soliq tekshiruvi o‘tkazishda ham tadbirkorni jazolash emas, unga xatosini to‘g‘rilashga imkon berish nazarda tutilgan.
Ya’ni kameral soliq tekshiruvi natijasida hisobotlarda tafovut aniqlansa, tadbirkorga ularni mustaqil ravishda bartaraf etish huquqi beriladi.
Bu soliq to‘lovchini kelajakda xatolarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishga undaydi va soliq organlariga nisbatan ishonchi ortishiga xizmat qiladi.
Kameral soliq tekshiruvi qanday o‘tkaziladi? Kameral soliq tekshiruvlari soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari buyrug‘i asosida o‘tkaziladi.
Agar soliq davri uchun soliq monitoringi o‘tkazilayotgan bo‘lsa, bunday davr uchun kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi. Soliq monitoringi muddatidan oldin tugatilgan taqdirda esa, kameral soliq tekshiruvi belgilangan tartibda o‘tkazilishi mumkin.
Kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq organi soliq to‘lovchidan (soliq agentidan, uchinchi shaxsdan) so‘rovnoma orqali soliq va yig‘imlarni to‘lash bilan bog‘liq hujjatlarni va boshqa axborotlarni talab qilib olishga haqli.
Bunda asosan, birlamchi hujjatlar, buxgalteriya hisobi reestrlari hamda soliqlarni hisoblab chiqarish uchun asos bo‘lgan boshqa hisob hujjatlari va tushuntirishlar nazarda tutiladi.
Soliq organining so‘rovnomasida talab etilgan hujjatlar yoki tushuntirishlar soliq to‘lovchi tomonidan so‘rovnoma olingan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida taqdim etilishi lozim.
Tekshiruv natijasini rasmiylashtirish tartibi Kameral soliq tekshiruvida tafovutlar yoki xatolar aniqlansa, soliq organi tomonidan soliq to‘lovchiga uni mustaqil ravishda bartaraf etilishi yuzasidan talabnoma yuboriladi. Unda aniqlangan xatolik va tafovutlar soliq va buxgalteriya hisobi qonun hujjatlari asosida aniq va tushunarli tarzda aks ettiriladi.
Xato va tafovutlarni bartaraf etish yuzasidan talabnoma yuborilgan sana kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tugatilgan sana hisoblanadi.
O‘rganish va tahlil qilish yakunlari bo‘yicha tafovut va xatolar aniqlanmasa, kameral soliq tekshiruvi yakunlangan hisoblanadi.
Ta’kidlash joiz, tekshiruvning bu turi soliq to‘lovchi va davlat soliq xizmati organlari uchun birdek foydali.
Ya’ni davlat soliq xizmati xodimlarining tadbirkor faoliyatiga ortiqcha aralashuvi cheklanib, asosiy resurslar foydali tomonga yo‘naltirilishiga zamin yaratadi.
Tadbirkor esa tashqi aralashuvsiz, xatolarini to‘g‘rilash, qolaversa, erkin faoliyat yuritish imkoniga ega bo‘ladi.