Respublika Prezidenti Islom Karimov respublikamiz tarixchi olimlari va jurnalistlar bilan o`tkazilgan suhbatida (1998 yil 26 iyun)1 kommunistik mafkura hukmronligi yillarida butun ma`naviyatimiz, milliy qadriyatlarimiz, madaniy merosimiz toptalganligi, tariximiz davlatchiligimiz tarixi atayin buzib ko`rsatganligi ta`kidlanib o`tildi. Darhaqiqat, tariximizni bugungi kun nuqtai nazarida o`rganish, yaratish orqali tarixiy xotirani tiklash tarixchilarimiz oldida muhim vazifa bo`lib turibdi. Shu nuqtai nazarda qaraganda tarix fanlarini bugunda milliy istiqlol ruhida qayta o`rganish, uning o`qilmagan sahifalarini tiklash va o`quvchiga yetkazish dolzarb muammolardan biri bo`lib qolmoqda. Sir emas boshqa fanlar singari tarix fanlari tarkibida «Yordamchi tarix fanlari asoslari» fani ham faqat rus tarixini o`rganishga qaratilgan edi, xolos.
Hozirda bu fan asoslari mavzulari ham qayta tahlil etildi. Talaba yoshlarga tariximizni xolisona o`rgatishga qaratilgan ayrim muammolar o`z yechimini topmoqda, sahifalari to`ldirilmoqda. Quyidagi «kartorafiya» mavzusini o`rganish ham shu maqsadga qaratilgan.
Kartografiya tarixi taraqqiyoti asrlar davomida shakllangan oddiy chizmalardan toki aniq ishlangan kartalar yaratilishigacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladi. Olimlarning fikriga qaraganda: «bir kartaning mazmunini 100 sahifalik jiddiy ilmiy matnga tenglashtirish mumkin».
1-slayd. Karta - bu tarixiy manba bo`lib, voqealar davomiyligi haqida hikoya qiluvchi, vayron bo`lgan va yana tiklangan shaharlar, tabiiy ob`yektlarning vaqt o`tishi bilan o`zgarishini, unitilgan qadimgi sug`orish inshoatlari hamda xalqlar taqdirini hududlar bilan bog`lab o`rganadi. Shu jihatdan har bir tarixiy kartani tarixiy manba sifatida baholash mumkin.
Ibtidoiy jamoa davridanoq inson ilk kartalarni yarata boshlagan. Masalan: Geograf Frits Redniger «Shvisariyadagi tarixdan avvalgi kartografik rasmlar» nomli asarida shvesariyadagi g`orlardan topilgan ikkita suyak plastinkani o`rganish natijasida, plastinkalardagi tasvirlar o`sha joyga oid asosiy yo`llar tasvirlanganligini aniqlaganini yozadi. U ovchilik va baliqchilik keng tarqalgan hududlarda shakllangan. Chunki ibtidoiy davrda odamlarning o`zlari yashaydigan manzildagi yo`llar, so`qmoqlar, daryolar haqida ma`lumotga ega bo`lishlari ularning moddiy turmush – tarzlarining yaxshilanishiga, hamda tabiat oldidagi qiyinchiliklarni bartaraf etishlariga yordam bergan.
Ilmiy adabiyotlarda qadimgi kartalar va kartografiyaning shakllangan davri haqida aniq javob yo`q. Ammo bizgacha yetib kelgan kartografik tasvirlar mil. avv. III- II ming yilliklarga oiddir. Ular orasida shimoliy Italiyaning Kamonika vodiysidan topilgan bronza davriga oid (mil.avv. II ming yillik o`rtalari) kartografik tasvirlarda dalalar, so`qmoqlar, irmoqlar va sug`orish kanallari aks ettirilgan1.
Qadimgi karta – tasvirlar gil taxtachalar, papirus va pergamentlarga chizilgan bo`lib, qadimgi tarixiy ma`lumotlarni o`ziga aks ettirgan. Kartalar yaratish an`anasi ilk bor qadimgi boy madaniyatli xalqlar – ossuriyaliklar, bobilliklar, misrlik va finikiyaliklarda eramizdan bir necha ming yil avval shakllangan. Tarixdan ma`lumki, miloddan avvalgi 2300 yillardanoq qadimgi bobilliklar ilk kartalarni chizib qoldirganlar. Mazkur kartada yerning ba`zi qismlari o`z aksini topgan edi.
Endi karta, kartografiya va tarixiy kartografiya tushunchalariga izoh berib o`tmoqchimiz. Antik davrda kartalar uchun maxsus atama bo`lmagan. Qadimgi Rim imperiyasida kartografik tasvirlarni tabula (doska) deb atashgan. Karta so`zining qo`llanishi Uyg`onish davrida «charta» (varaq qog`oz), yunon tilida «xartes» (papirusdan yasalgan qog`oz) ma`nosi bilan bog`liqdir. Bu atama ilk bor XIV asrda Portugaliyada chizilgan kartalarda uchraydi. Demak karta so`zi «xartes» so`zidan olingan bo`lib, yozuv uchun mo`ljallangan papirusvarag`i degan ma`noni bildiradi.