Jinoyat sodir qilgan shaxslarni qidirib topish va qo‘lga olishda tezkor xodim jabrlanuvchi, guvoh, qidiruvdagi shaxslar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak. Chunki olingan xabar, ma’lumot shaxsning qayerga ketishi, kim bilan bo‘lishi, nima uchun bu jinoyatni aynan mana shu vaqtda sodir qilganligi haqida o‘ylashga, xayoliy obrazini yaratishga imkon beradi. Qayd etib o‘tganimizdek, har qanday jinoiy harakat o‘zining dinamik xususiyatiga ega, sababi har bir qilmishning boshlanish va oxirgi bosqichi bo‘lishi tabiiy. Ma’lumki, faoliyatida jinoiy harakat ikki bosqichga bo‘linadi:
motivatsion, ya’ni boshlang‘ich, tayyorgarlik bosqichi;
maqsadning qat’iyligi, ya’ni maqsad yo‘lida irodaviy kuch ishlatish natijasida biror-bir qilmishning sodir etilishi.
Xodim qidiruvni amalga oshirishda sodir etilgan jinoyatga qarab jinoyatchining xulq-atvorini psixologik bashorat qilishi va xayolan uning psixologik portretini ongida tasavvur etishi zarur. Sababi, jinoyat sodir etilgandan so‘ng qidiruvdagi shaxsning ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘ladi va bu ko‘p jihatdan uning psixologik tuzilishi temperamenti, xarakteri, qobiliyati va yo‘nalganligiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, xodim qidiruv faoliyatini amalga oshirishda ko‘yidagi psixologik tizimlilikka e’tibor qaratishi zarur:
sodir etilgan jinoyat ongsiz yoki ongli, reja asosida amalga oshirilganligini hisobga olish va shu asosda qidiruv tusmollarini tuzish;
jinoyat ayrim ijtimoiy rollarning buzilishi natijasida yoki ehtiyotsizlikdan sodir etilganligi. Chunki professional jinoyatchilarda oldindan tayyorgarlik ko‘rish natijasida hissiy emotsional zo‘riqish kamroq bo‘ladi.
Har qanday jinoyat sodir qilgan shaxsni psixologiyasida doimo mening sodir qilgan jinoyatimni hech kim topa olmasligi zarur, buni uchun men barcha shart-sharoitlarni ongli ravishda amalga oshirib qo‘ydim, degan fikr turadi. Ko‘pincha retsediv jinoyatchilar jinoyat sodir qilishlaridan oldin ilgari sodir qilgan jinoyatlaridagi xatolarini hisobga oladi, uni o‘zicha tahlil qiladi va ichki ishlar xodimi isbotlay olmasligi kerak, degan xayol bilan yuradi.
Jinoyat sodir qilgan shaxslarni qidirish faoliyatini psixologik jihatdan quyidagi bosqichlarga bo‘lib o‘rganish lozim.
Birinchibosqichdaqidiruvning sababi, maqsadi, jinoyatni kim yoki kimlar tomonidan sodir etilgani, jinoyatning sodir etilish usullari va jinoyatchilarning jinoyat sodir qilishdan maqsadlari va ularning vazifalari o‘rganiladi.
Ikkinchi bosqich – guvohlar va ularning ko‘rsatmalarida qanday psixologik xususiyatlar xosligi. Jinoyat sodir qilishda jinoyatchi shaxslarning psixologik jarayonlarini o‘rganish, ya’ni:
jinoyatchining tashqi ko‘rinishini idrok etish;
jabrlanuvchining tashqi ko‘rinishini idrok etish;
– jinoyatchi shaxsning xatti-harakatlarini esda saqlab qola bilish;
jinoyatchi shaxsning yuz tuzilishini tasvirlab berish.
Uchinchibosqich– jinoyatchi shaxs haqida ma’lumot to‘plash va ularni tahlil qilish:
jinoyatchi shaxsning tashqi ko‘rinishi haqida tasavvurga ega bo‘lish;
jinoyatchi shaxs obrazini xayoliy tasavvur qila bilish;
yashirinish joylarini taxmin qila bilish;
qidiruvdagi shaxsni qo‘lga olish uchun qo‘llanadigan usullarni o‘ylab topish.
To‘rtinchi bosqichda xodim qidiruv harakatlarini amalga oshirishda quyidagi holatlarni aniqlashga e’tibor qaratadi:
qidiruvdagi shaxsning ehtimoliy harakatlari va yashirinishdan maqsadi;
uning yashirinish niqoblari;
odatlari, qiziqishlari;
xarakteri va temperamenti;
qidiruvdagi shaxsning yaqin qarindoshlari, tanishlari haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish;
qidiruvdagi shaxsning boshqa shaxslar bilan o‘zaro aloqasi;
qidiruvdagi shaxs qidiruv harakatlarini sezganda o‘zini chetga olishi va aldash usullari;
qidiruvdagi shaxsning intellektual sifatlarini hisobga olish va boshqa shu kabi psixologik tomonlarini inobatga olish muhim ahamiyat kasb etadi.
Qidiruvdagi shaxs xatti-harakati dinamik xarakterga ega. U qidiruvda qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar asosida vujudga keladi va o‘zgarib boradi. Xodimda qidiruv ishlarini olib borish uchun quyidagi psixologik sifatlar: psixologik tayyorgarlik, kasbiy mahorat, rivojlangan xotira, mantiqiy tafakkur muhim hisoblanadi.
Shu ma’noda yashiringan jinoyatchining shaxsi to‘g‘risida tusmollarni quyidagi ma’lumotlarga ko‘ra ilgari surish mumkin:
jabrlanuvchi va shohidlarning jinoyatchining tashqi ko‘rinishi, ketgan yo‘nalishi va u qo‘llagan transport to‘g‘risidagi ko‘rsatmalari;
jinoyat usullari va motivlari to‘g‘risida; jinoiy xulq-atvorning moddiy materiallardan mustahkamlangan izlaridan, jinoyat sodir etish natijasida voqea sodir bo‘lgan joylarda qolgan izlar bo‘yicha;
jabrlanuvchining bedarak yo‘qolishi va u bilan birga bo‘lgan hamrohlarning aniqlash natijasiga ko‘ra.
mazkur qotillikka muqaddam shaxsga qarshi jinoyatlarga, shuningdek qotillik sababli mulkning o‘g‘irlanishiga daxldor shaxslarni tekshirish bo‘yicha.
Qotillik bilan bog‘liq jinoyatlarda psixologik xususiyatga ega holatlarni tahlil qilish. Jinoyat tarkibining subyektiv tomonini tashkil qiluvchi barcha psixik holatlar – motiv, maqsad, ayb, uning shakllari, ayblanuvchi shaxsining psixik xususiyatlari va isbotlanishi zarur bo‘lgan holatlar hisobga olinishi shart. Bunda quyidagilarga e’tibor qaratish zarur:
tergov harakatlari olib borilayotgan voqealikning obyektiv xususiyatlari (jinoyatchi va jabrlanuvchining psixik faolligining tashqi namoyon bo‘lishi, qilmishning maqsadga yo‘nalishi, qarashlar va stereotiplarning tashqi namoyon bo‘lishi, xulq-atvor, ko‘nikmalar va hokazo);
jinoyatchining jinoyat sodir etgunga qadar xulq-atvori va ruhiy holatlari;
jinoyatchining jinoyat sodir etgandan keyingi xulq-atvori va
ruhiy holatlari.
Jinoyatdan avvalgi shart-sharoitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish jinoyatchining jinoyatni sodir etishda ongli yoki ongsiz ravishda harakat qilishi, uning shaxs sifatida ongli tarzda o‘zini o‘zi idora qila olishi, xatti-harakatlarining rejalashtirilayotgan jinoyat bilan mosligi, shaxs kriminallashuvining me’yori, jinoyatchi tomonidan uning jinoiy qasdini amalga oshirishiga yordam beradigan yoki qiyinlashtiradigan holatlarni oldindan ko‘ra olish, uning qasdi yoki ehtiyotsizligini aniqlash zarur.
Jinoyat sodir etilishidan avvalgi holatlardan deyarli barcha qasddan sodir etiladigan qotillik jinoyatlari sabablarini aniqlash mumkin (o‘ch olish, g‘araz, rashk, adovat va hokazo.). Jinoyatning impulsivligi, affektivligi ko‘pincha jinoyat voqeligini tahlil qilishga bog‘liq. Sodir etilgan jinoyatga tegishlilik ayblanuvchining jinoyat sodir etilganidan keyingi xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Psixik anomaliya (og‘ish)lar bilan bog‘liq holatlarni tahlil qilishda psixologlarning maxsus bilimlaridan foydalaniladi, bunda sud-psixologik ekspertiza tayinlanadi.