Sezgi va uning ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyatida tutgan o‘rni. Sezgi oddiy psixik jarayon bo‘lib, u moddiy olamdagi narsa va hodisalarning ayrim xususiyatlari aksidan, shuningdek, moddiy qo‘zg‘atuvchilar tegishli retseptorlarga bevosita ta’sir etganda organizmda hosil bo‘ladigan ichki holatlardan tarkib topadi. Materiya bizning sezgi, irodalarimizga ta’sir etib, sezgi hosil qiladi. Sezgi a’zolari axborotni qabul qilib oladi, saralaydi, jamlaydi va miyaga yetkazib beradi.
Sezgi a’zolari tashqi olamning kishi ongiga kirib keladigan yagona yo‘llaridir. Sezgilar mohiyatiga ko‘ra obyektiv olamning subyektiv siymosi hisoblanadi. Lekin sezgilarning hosil bo‘lishi uchun organizm moddiy qo‘zg‘atuvchining tegishli ta’siriga berilishi kifoya qilmaydi, balki organizmning o‘zi ham qandaydir ish bajarishi darkor.
Kishining hayoti va faoliyatida sezgilarning roli juda katta. Chunki, ular bizning olam haqidagi va o‘zimiz to‘g‘rimizdagi bilimlarimiz manbai hisoblanadi. Inson tevarak atrofda sodir bo‘layotgan voqea- hodisalar haqida hamisha axborot olib turishi kerak.
Shu ma’noda, sezgilar ma’lum bir qo‘zg‘atuvchining muayyan retseptorga ta’siri natijasida hosil bo‘lgani uchun ham sezgilarning tasnifi ularni hosil qiladigan qo‘zg‘atuvchilarning va ana shu qo‘zg‘atuvchilarga ta’sir qiladigan retseptorlarning xususiyatlariga asoslanadi.
Sezgilarning Arastu tomonidan alohida ajratib ko‘rsatilgan turlari mavjuddir:
Sezgilar ma’lum bir qo‘zg‘atuvchining muayyan retseptorga ta’siri natijasida hosil bo‘lgani uchun ham sezgilarning tasnifi ularni hosil qiladigan qo‘zg‘atuvchilarning va ana shu qo‘zg‘atuvchilar ta’sir qiladigan retseptorlarning xususiyatlariga asoslanadi.
Aks etish xususiyatiga va retseptorlarning joylashgan o‘rniga qarab sezgilar, odatda, uch guruhga ajratiladi:
Tashqi muhitdagi narsalar va hodisalarning xususiyatlarini aks ettiradigan hamda tananing yuzasida retseptorlari bo‘lgan ekstrotseptiv sezgilar.
Tananing ichki a’zolarida va to‘qimalarida joylashgan hamda ichki a’zolarning holatini aks ettiradigan retseptorlarga ega bo‘lgan interotseptiv sezgilar.
Retseptorlari mushaklarda va paylarda o‘rnashgan proprioseptiv sezgilar, ular gavdamizning harakati va holati haqida axborot berib turadi.
Ekstrotseptivlarni ikki guruhga, ya’ni aloqa bog‘laydigan kontakt va distant retseptorlarga ajratamiz. Aloqa bog‘laydigan retseptorlar ularga ta’sir qiladigan obyektlar bilan bevosita aloqa bog‘lagan paytda qo‘zg‘aydi; badanning tegishli a’zolari orqali sezish, ta’m bilish retseptorlari shular jumlasidandir. Distant retseptorlar uzoqdagi obyekt- dan keladigan qo‘zg‘atishdan ta’sirlanadi; distant retseptorlarga ko‘rish, eshitish, hid bilish retseptorlari kiradi.