Jinoyatchi shaxslarning tipologiyasida uch darajani farqlash lozim:
jinoyatchining umumiy tipi;
muayyan toifadagi jinoyatchi shaxs;
muayyan turdagi jinoyatchi shaxs. Bu darajalar bir-biri bilan umumiylik, maxsuslik va yakkalik kabi munosabatda bo‘ladi.
Shaxsning ijtimoiy o‘zagini uning yo‘nalganligi, hayotiy munosabatlari tizimi, motivli-qadriyatli mo‘ljallari tashkil etgani bois, bu o‘zakning o‘zi jinoyatchi shaxsning tipini belgilashi lozim.
Jinoyatchidagi tipik xususiyatning mezoni, avvalo, uning ijtimoiy xavflilik darajasi, g‘ayriijtimoiy buzilganlik me’yoridir.
Ushbu mezonga ko‘ra jinoyatchilarning uch tipini ajratish mumkin:
g‘ayriijtimoiy (ashaddiy);
noijtimoiy (kamroq ashaddiy);
ruhiy boshqaruv nuqsonlari bo‘lgan jinoyatchi shaxs tipi (tasodifiy).
Ashaddiy jinoyatchilar qadriyatlari va mo‘ljallarining yo‘nalishi mazmuniga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratiladi.
G‘ayriijtimoiy g‘arazli yo‘nalishdagi jinoyatchilar. Jinoyat- chilarning bu guruhi jamiyatning moddiy boyliklariga, sarflangan mehnat miqdori va sifatiga ko‘ra taqsimlanishiga tajovuz qiladi. Bunday jinoyatchilarni kuyidagi to‘rtta kichik guruhga ajratish mumkin:
xo‘jalik sohasida jinoyat sodir etuvchi (tovarlarni soxtalashtirish, soliq to‘lashdan, litsenziya olishdan bo‘yin tovlash va h.k.) jinoyatchilar;
xizmat vazifasini suiiste’mol qiluvchi (xizmat lavozimini suiiste’mol qilish, mijozlarni aldash, pora so‘rash orqali talon-toroj qilishlar) jinoyatchilar;
o‘g‘rilar – mulkni yashirincha talon-toroj qilish bilan bog‘liq tajovuzlar qiluvchi shaxslar (o‘g‘riliklar);
firibgarlar (hujjatlarni qalbakilashtirish, aldab tovlamachilik qilish va h.k.).
G‘ayriijtimoiy g‘araz va zo‘ravonlik yo‘nalishidagi jinoyatchilar – shaxsga nisbatan zo‘ravonlik qilish bilan g‘arazli tajovuzlar qiluvchi shaxslar (zo‘rlik bilan tovlamachilik qilish, talonchilik, bosqinchilik hujumlari va hokazo).
Insoniylikka zid, tajovuzkorona yo‘nalishdagi jinoyatchilar – boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i va shaxsiy qadr-qimmatiga mensimay munosabatda bo‘ladigan shaxslar. Bu guruhda ham quyidagi to‘rtta kichik guruh mavjud:
bezorilar;
ashaddiy bezorilar;
haqorat va tuhmat orqali shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga ziyon yetkazuvchi shaxslar;
shaxsga qarshi tajovuzkorona zo‘ravonlik harakatlari – qotillik, nomusga tegish, badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlarini sodir etuvchi shaxslar.
O‘z navbatida, shuni ta’kidlash lozimki, yuridik psixologiyaning alohida bo‘limida ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyatchilikning psixologik jihatlari ko‘rib chiqiladi, bunda maishiy va kasbiy ehtiyotsizlik tadqiq etiladi.
Texnikaning jadal rivojlanishi va hayotning turli sohalariga kuchli energetik manbalarning kirib borishi bilan ehtiyotsizlik orqasida sodir etiladigan jinoyatlarning ijtimoiy xavfi keskin oshganligini ko‘rish mumkin. Shu sababli bunday jinoyatlarning psixologik mexanizmini ochib berish muhim vazifa bo‘lib, ehtiyotsiz xatti-harakatlarni shaxsning individual xususiyatlari bilan bog‘lashga imkon beradi.
Garchi ehtiyotsizlikning psixologik manbaini tavsiflashda
«e’tiborsizlik», «yengiltaklik» va «beparvolik» kabi iboralar ishlatilsa- da, biroq ularning yuzaga kelish mexanizmi hamon noma’lumdir. Shu bois, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etiladigan jinoyatlarning psixologik mexanizmini ochib berish, ehtiyotsiz xulqni subyektning ichki ruhiy olami va u asoslanadigan qadriyatlar tizimi bilan bog‘lash muhimdir.
Ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etadigan jinoyatchilar tipini to‘rt turga ajratish mumkin:
beparvolik, harakatsizlik natijasida jinoyatga yo‘l qo‘yadigan shaxslar;
o‘ziga haddan tashqari ishonish natijasida jinoyat sodir etadigan shaxslar;
kuchli ruhiy hayajon (affekt holati) natijasida va boshqa shaxslarning g‘ayriqonuniy harakatlariga javoban jinoyat sodir etadigan shaxslar;
vaziyatga moslasha olmagani bois jinoyat sodir etadigan shaxslar.
Qadriyatli yo‘nalishda nuqsonlari mavjud bo‘lgan individual jinoyatchi shaxsni jinoiy guruh a’zosi bo‘lgan jinoyatchi shaxsdan farqlash lozim. Jinoiy guruh a’zosi bo‘lgan jinoyatchining muhim jinoiy belgisi uning guruhiy mavqei, jinoiy guruhdagi rolli funksiyasidir.
Jinoyatchi shaxsning tasnifi – «jinoiy-huquqiy» tasnif bo‘lib, shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasi tushunchasi bilan muvofiq kelishi kerak. Jinoyat qonunchilik normalarida ijtimoiy xavf, uning darajasiga aniq ta’rif berilgan. Jinoyatlar o‘z xususiyati va xavflilik darajasiga ko‘ra: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan; uncha og‘ir bo‘lmagan; og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi.
Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ko‘p muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar qiradi.
Uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlik mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
Og‘ir jinoyatlarga qasdan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar qiradi.
O‘ta og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoxud umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar qiradi1.
Jinoyatchi shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasi tavsifi sodir etilgan qilmishning ko‘pligi, ularning shakl va turlari bilan bog‘liq emas. Bu jinoyatchi shaxsga tabaqalashgan holda yondashish imkoniyatini kamaytiradi.
Jinoyatning og‘irligi bu o‘rinda shaxsning qanchalik chuqur jinoiylashganligi bilan bog‘lanmaydi. Baho qilmishni sodir etgan shaxsga emas, balki qilmishning o‘ziga beriladi.
1 Qarang:Ўзбекистон Республикасининг Жиноят кодекси. – Т., 2008. – 15-м.
Ayni vaqtda jinoyatchining har bir tipi o‘ziga xos «shaxs sxemasi» yo‘nalishiga ega.
Shuningdek, jinoyatchi shaxs o‘zining huquqiy ongi darajasi va jinoyat sodir etishga tayyorligi mezonlari bo‘yicha ham tasniflanadi. Ushbu mezon bo‘yicha quyidagi jinoiy tiplarni ajratish mumkin.
Jinoiy qilmishlarni majburan sodir etuvchi, eng zarur ehtiyojlarni qonuniy yo‘llar bilan qondirib bo‘lmaydigan hayotiy vaziyatlar, ijtimoiy shart-sharoitlar qurboni bo‘lgan shaxs tipi. Bunda jinoyatchi o‘zini majburan yo‘l qo‘ygan xatti-harakati uchun qoralashi, ichki ziddiyat holatida bo‘lishi mumkin.