Bezori zo‘ravonlar toifasida jismoniy kuch ishlatib, bezorilik sodir etishga moyil, barqaror salbiy odatlari bo‘lgan, jamoat tartibini muntazam buzadigan yoshlar ustunlik qiladi. Odatda bu shaxslar axloq va madaniyatga zid tarzda vaqt o‘tkazish, ruhiy kayfiyatini yuqtirish hamda g‘ayriijtimoiy misollarga taqlid qilish sharoitida jinoyat sodir etadilar.
Ularga xos umumiy ruhiy xususiyatlar quyidagilardan iborat: beodoblik, nihoyatda tajovuzkorlik, jizzakilik, mas’uliyatsizlik, zo‘ra- vonlik harakatlari jazosiz qolishiga ishonish, yuqori darajadagi da’vo- garlik, o‘z harakatlarini oqlash. Barcha zo‘ravonlik-bezorilik jinoyat- lariga umumiy psixologik va axloqiy asos – boshqa odamlar hayoti, sog‘lig‘i va qadr-qimmatining qadrsizlanishi xos.
Ayollarning jinoiy zo‘ravonlik xatti-harakatlari o‘zining ba’zi psixologik xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ayollarning zo‘ravonlikka asoslangan jinoyatchiligi hajmiga ko‘ra erkaklarnikidan ancha kam.
Ayollar xulqi voqelikning ayrim hodisalarini keskinroq qabul qilishi, ularga ko‘proq hissiyot bilan javob berishi, shaxslararo munosabatlarning ayrim holatlariga kattaroq ahamiyat berishi bilan ajralib turadi.
Ayollar keskin nizoli vaziyatlarda ruhiy shikastlanishga ko‘proq moyil bo‘ladilar, ular oiladagi kelishmovchilik va nizolarni keskinroq his qiladilar. Ular xavotirga ko‘proq tushib tahdid solayotgan xavfni yuqori baholashga moyil bo‘ladilar. Yuqori darajadagi hissiylik (sensitivlik), oilaviy ishlarning ko‘pligi ularda yuqori darajadagi ruhiy zo‘riqishning barqaror fonini hosil qiladi.
Ayollar orasida ruhiy anomaliyalar darajasi yuqoriroq. Aksariyat jinoyatchi ayollar tez ta’sirlanishlari, ijtimoiy o‘zaro munosabat nuqsonlari, chiqisha olmaslik, asabiylik jihatlari bilan ajralib turadilar. Ular tajovuzkor harakatlarida ko‘pincha tasodifan qo‘l ostida bo‘lib qolgan narsalardan foydalanadilar.
Biroq, ayollar qasddan qilinadigan og‘ir jinoyatlarini odatda puxta o‘ylab, niqoblashga harakat qiladilar. Shaxsga qarshi og‘ir jinoyatlarni ko‘pincha xatti-harakatlari erkaklarnikiga o‘xshash ayollar sodir etadilar. Zo‘ravonlik jinoyatlariga jinsiyjinoyatlarham kiradi. Bunday jinoyatlarda ustunlik qiluvchi ruhiy xislat jinsiy tajovuzkorlik – jinoyat qurboniga jinsiy zo‘rlik va jismoniy zarar yetkazish, ko‘p hollarda hayotdan mahrum qilishdir. Bu shaxsda psixik nuqsonlar borligidan
dalolat beradi.
Mazkur normadan og‘ishlar jinsiy jinoyatchilikning shart-sharoiti hisoblanadi, ammo uning sababi emas. Bunday shaxslarning aksariyati qonundan chetga chiqmaslikka harakat qiladilar.
Jinsiy jinoyat – nomusga tegish, ayolni jinsiy aloqaga majburlash, jinsiy yetuklik yoshiga yetmaganlar bilan munosabatga kirishishdir (JKning 118, 121, 128-moddalari).
Eng xavfli jinsiy jinoyat – nomusga tegish – jismoniy kuch, tahdid yoki jabrlanuvchining chorasiz ahvolidan foydalanib sodir etishdir. Bunday jinoyat uchun yuridik javobgarlik 14 yoshdan boshlanadi. Ushbu jinoyatning ijtimoiy xavfliligi ayolning jinsiy erkinligini qo‘pol ravishda mensimaslik, jinoyatchi harakatlarining zo‘ravonlik xususiyatiga egaligi, jabrlanuvchiga ma’naviy va jismoniy zarar yetkazilishi, ko‘p hollarda ruhiy va jismoniy sog‘lig‘ining buzilishidan iborat.
Shunday qilib, zo‘ravon jinoyatchilar qadriyatli-motivatsion va ruhiy boshqaruv sohasida bir qator tipik buzilishlarga ega bo‘ladilar. Voqelikni ular ijtimoiy taqiqlarga ta’sirchanlik keskin pasaygan sharoitda aks ettiradilar.
Har bir zo‘ravonlik jinoyatining asosida bir qator sabab va shart- sharoitlar, individual-biologik, ruhiy va ijtimoiy-psixologik omillarning ulanishi yotadi
Qotillik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar psixologiyasi haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, ularda boshqa shaxslarga nisbatan nihoyatda tobelikni kuzatish mumkin. Qotillar erkin hayotga moslashishi qiyin bo‘lgan shaxslar toifasiga kiradilar. Jinoyat fakti – jinoyat qurboni bilan aloqadan chiqish ular uchun xatti-harakatning deyarli imkoni yo‘q usuli ekanligini ko‘rsatadi. Shuni nazarda tutish lozimki, bu tobelik nafaqat jinoyat qurboni bilan aloqada, balki boshqa birov bilan aloqada ham amalga oshishi mumkin, o‘shanda jinoyat uchinchi shaxsga tobelik bilan bog‘liq bo‘ladi.
Qotillik jinoyatlarining kelib chiqishidagi asosiy omillardan biri – jinoyatchini boshqa shaxslarning rad etishi natijasida uning mustaqil bo‘lish qobiliyatini cheklanishi (bloklanishi)1. Qotillik jinoyatlarining aksariyati to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi, tajribaning ko‘rsatishicha, ularning 1/3 qismi avvaldan rejalashtiriladi.
Qotilligi uchun jazoga hukm qilingan (500 nafar) shaxslarni o‘rganish quyidagilarni ko‘rsatdi. Ularning taxminan yarmi spirtli ichimliklarni yoshligidan iste’mol qila boshlaganlar. Alkogol tajovuzkorlikning namoyon bo‘lishini bir necha baravar kuchaytirgan va og‘irlashtirgan. Tajovuzkor harakatlar asosan qo‘rqitish, do‘pposlash, haqoratlash va to‘polonlarda namoyon bo‘lgan, ya’ni shaxs va jamoat tartibiga qarshi qaratilgan. Qotillik jinoyatlarini asosan erkaklar sodir etib, qurbonlarning yarmidan ortig‘i ayollar bo‘lgan. Ushbu jinoyat- larning 1/3 holatida qotil va jabrlanuvchi (jinoyat qurboni) bir-biri uchun notanish yoki bevosita jinoyat sodir etilishidan oldin tanishgan shaxslar bo‘lganlar. 30 % holatda ular qarindosh, 8–6 % holatda er-xotin, qolgan holatlarda tanish, xizmatdosh, qo‘shni bo‘lganlar. Aksariyat qotilliklarni 20–30 yoshlardagilar sodir etganlar2.
O‘ta og‘ir jinoyati uchun hukm qilinganlarning butun guruhiga shafqatsizlik xos bo‘lib, bunday shafqatsizlik hayvonlar, bolalar, qariyalar, ayollar bilan muomalada namoyon bo‘ladi.
1 Qarang: СамовичевЕ.Г.Убийство: психологические аспекты преступ- ления и наказания. – М., 1998.
2 Qarang: Чуфаровский Ю.В. Психология оперативно-розыскной и след- ственной деятельности. – М., 2004.
Tarbiyalanish sharoitini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, qotillik jinoyatlari uchun hukm qilinganlar bir yarim baravar ko‘p hollarda nosog‘lom sharoitlarda tarbiyalanganlar. Bolalikda ularning 20 %ga yaqini ota-onasiz, 1/3 qismi to‘liqsiz oilada, ayni vaqtda 9 % onasiz, 75 % otasiz o‘sgan. Har beshinchi holatda oilaning to‘liqsizligi ota- onaning sudlanganligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Eng kriminogen omil – bu onaning sudlanganligidir.
Materiallarni tahlil qilish jarayonida bolalikdagi tajovuzkor xulqning o‘smirlik va yigitlik davrida g‘ayriqonuniy va jinoiy xulqqa o‘tishi aniqlangan. Tekshirilganlarning 1/3 qismi ilk bor 16–17 yoshlarida jazoga hukm qilinganlar. Bu shaxslar ishga vijdonan munosabatda bo‘lmagan, mehnat intizomini qo‘pol tarzda buzgan, ichkilikbozlik qilgan, doimo janjalli vaziyatni yuzaga keltirganlar.
O‘ta og‘ir darajadagi qotilligi uchun jazolangan 500 nafar tekshirilganlarning 300 nafari sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. 180 holatda, ya’ni ekspertizadan o‘tgan har ikkinchi shaxsda aqli rasolikni istisno etmaydigan turli nuqsonlar – surunkali alkogolizm, psixopatiya, bosh miyaning organik kasalliklari, shizofreniya kabilar kuzatilgan.
O‘z navbatida qotillik jinoyatlarini quyidagi turkumlarga ajratish mumkin.