Uchinchi bosqichda sifat haqidagi bilimlarni takomillashtirish, og‘zaki va yozma nutqda sifatlardan aniq, o‘rinli foydalanish ko‘nikmasini o‘stirish bilan bog‘liq holda -roq qo‘shimchasi bilan qo‘llangan sifatlarni va ko‘m-ko‘k, yam-yashil kabi sifatlarni to‘g‘ri yozish malakasi shakllantiriladi. Ish mazmuni shu vazifalarni bajarishga qarab belgilanadi va o‘quvchilar nutqini o‘stirishga qaratiladi.
Nazariy ma’lumotlarga asoslanib: matnda berilgan otlarning belgilarini ifodalaydigan sifatlarni tanlab qo‘yish, gapda sifat bog‘langan otni (so‘z birikmasini) aniqlab yozish; otga mos sifatlar tanlab predmetni tasvirlash, berilgan sifatlar yoki so‘z birikmasi bilan gap tuzish kabi mashqlardan foydalaniladi. Mashq materialini tanlashda -roq qo‘shimchasi bilan qo‘llangan yaxshiroq, aqlliroq kabi, shuningdek, tip-tiniq, sap-sariq kabi sifatlar ko‘proq bo‘lishiga e’tibor beriladi. O‘quvchilarning mustaqilligi osha borgan sayin, mashq topshiriqlari ham asta-sekin murakkablashtira boriladi. Shunday qilib, sifatni o‘zlashtirishda uni ot bilan o‘zaro bog‘liq holda o‘rganishga asoslaniladi.
Sonni o‘rganish metodikasi. 1. Boshlang‘ich sinflarda son turkumi yuzasidan o‘quvchilarda hosil qilinadigan bilim, ko‘nikma, malaka.
2. Boshlang‘ich sinflarda sonni o‘rganish bosqichlari va izchilligi.
3. Sonni o‘rganishda qo‘llanadigan metodlar.
4. Son so‘z turkumini o‘rganishda qo‘llaniladigan mashqlar tizimi.
Tayanch atamalar:Son, suhbat metodi, induktik metod, analitik metod, aqliy hujum, tarmoqlash metodi, deduktiv metod, sintetik metod, yarim izlanishli muammoli metod, mustaqil ish metodi, arab raqami, rim raqami
Sonni o‘rganish tizimi ham son haqidagi materialni leksik va grammatik tomondan sinfdan-sinfga o‘tgan sayin boyitib, murakkablashtirib borishni nazarda tutadi.
Boshlang‘ich ta’limda son uch yo‘nalishda o‘rganiladi:
1. Sonlarning talaffuzi va ma’nosi ustida ishlash.
2. Sonning grammatik shakllari ustida ishlash.
3. Sonlarning imlosi ustida ishlash.
Son boshlang‘ich sinflarda quyidagi izchillikda o‘rganiladi:
– 2-sinfda nechta?, qancha? so‘roqlariga javob bo‘lib, shaxs va narsaning sanog‘ini, nechanchi? so‘rog‘iga javob bo‘lib, shaxs va narsaning tartibini bildirishi;
– 3-sinfda “Son – so‘z turkumi” tushunchasi kiritiladi. O‘quvchilarda son predmetningmiqdorini bildirishini otga bog‘lanib kelishi yordamida aniqlash ko‘nikmasi o‘stiriladi. Bularni o‘rganishda sonning leksik xususiyatlariga asoslaniladi. Sonning leksik ma’nosi uni ot bilan bog‘liqholda o‘rganishni taqozo etadi.
– 4-sinfda sanoq va tartib sonlar, tartib sonlarning harf, rim va arab raqamlari bilan yozilishi, qo‘sh undoshli sonlarning, grammatik shakllangan sonlarning (ikkov, o‘ntacha, beshtadan) imlosi, sonlarning gramm, kilogramm, metr, litr, so‘m, tiyin so‘zlari bilan qo‘llanishi va shu so‘z bilan bitta so‘roqqa javob bo‘lishi o‘rganiladi. Oldingi sonlarning otga bog‘lanishi, so‘roqlar yordamida sonni o‘zi bog‘langan so‘z bilan ko‘chirish ko‘nikmalari o‘stiriladi.
Shunday qilib, sonning leksik-semantik va grammatik xususiyati uni leksik va grammatik aspektda o‘rganishni taqozo etadi. Son grammatika va imlo o‘qitishdagi suhbat metodida, yarim izlanishli muammoli metodda, analitik (tahlil), sintetik (tarkib), induktiv metodlarda o‘rganiladi. Bu metodlar son yuzasidan beriladigantushunchalarning mohiyatiga, o‘quvchilarning tayyorgarlik darajasiga bog‘liq holda tanlanadi. Agar o‘quvchi son haqida ma’lum darajada bilimga ega bo‘lsa, yarim izlanishli muammoli metod yoki suhbat metodidan; agar bola son haqida umuman tushunchaga ega bo‘lmasa, induktiv va analiz metodlaridan foydalaniladi.
“Son” ustida ishlash dastur talabiga ko‘ra 1-sinfdan boshlansa ham, uni o‘rganish jarayoni, metodik jihatdan 4 bosqichga bo‘linadi. “Son” boshlang‘ich ta’limda elementar nazariy tushunchalar asosida amaliy o‘rganiladi. Lekin 1-bosqichni to‘liq ma’noda sonni amaliy o‘rganish bosqichi deb nomlaymiz. Chunki bu bosqichda umuman nazariyasiz son ustida ishlanadi va bu 1-sinfning savod o‘rgatish va 1-sinfning 2-yarmiga to‘g‘ri keladi. Bu bosqich soni o‘rganuvchi keyingi bosqichlarga zamin tayyorlaydi.
Ma’lumki, savod o‘rgatish davrida o‘quvchilar bilan kundalik ishlar, rasmlar, predmetlar, mavzular yuzasidan og‘zaki savol-javoblar o‘tkaziladi. Masalan: “Bugun nechanchi sana?, Biz nechanchi asrda yashayapmiz?, Bu yil nechanchi yil?, Darsga nechta o‘quvchi kelmadi?, Bir yil necha faslga bo‘linadi?, Yilning birinchi fasli qaysi?” yoki mantiqiy mashqlar ishlash bilan bog‘liq holda: “Xonadoningizda nechta uy hayvoni bor?, Nechta yovvoyi hayvon nomini bilasiz?” kabi.
Mavzular bilan bog‘liq holda, “Oila” mavzusida: “Oilangizda nechta kishi yashaydi?, Nechta akangiz (yo ukangiz, yoki opa-singlingiz) bor?, Siz oilada nechanchi farzandsiz?, Nechanchi yilda tug‘ilgansiz?, Hozir nechanchi sinfda o‘qiyapsiz?” yoki O tovushi va O o harfi bilan tanishtirishda: Osmonda nechta oy bor?, Nechta yulduz bor? (Bolani o‘ylashga majbur qiladi), Nechta yulduzning nomini bilasiz?” kabi.
1-sinfning ikkinchi yarmida mashq ishlash paytida “Gapda nechta kim? so‘rog‘iga javob bo‘lgan so‘z bor?, Nechta unli bor?, Nechta undosh bor?, Berilgan so‘z nechta bo‘g‘inga bo‘linadi?” kabi savollarga javob olinadi.
Bu bosqichda aralash berilgan so‘zlardan gap tuzdirish, mashq matnidan gaplar sonini, gapda so‘zlar sonini, so‘zdagi bo‘g‘in yoki tovush sonini aniqlatish, ba’zan tahlilni yozma tarzda bajarish (5 ta unli bor, beshta bo‘g‘in bor) kabi mashq turlari qo‘llaniladi. Bunda “Predmet (nomi)ga bog‘lanib kelgan so‘zga so‘roq berib ko‘r-chi?, U nimani bildiryapti?” kabi savollardan foydalaniladi.