O’quv yurtida ota-onalar, jamoatchilik qo’mitalari va ularning ish shakllari. O’quv yurtida ota-onalar, jamoatchilik qo’mitalarining hamkorlikdagi tarbiyaviy faoliyati quyidagi shakllarda olib boriladi:
1. Pedagogik ma’ruza. O’qituvchilar tomonidan tashkil qilinib, uni o’tkazishdan maqsad ota-ona va mahalla a’zolariga ta’lim va tarbiyaning ilmiy asoslari to’g’risida ma’lumotlar berish. Ma’ruzalar maktab, mahalla qo’mitalari, korxonalarda va madaniyat saroylarida o’tkazilishi mumkin.
2. Ilmiy–amaliy konferentsiya. Sinf rahbarlarining ota-onalar ishtirokida amalga oshiriladigan, mafkuraviy tarbiyani o’z ichiga qamrab olgan, oilaviy tarbiyaning ilg’or amaliy tajribasini qo’shib olib borishni targ’ib qilishning o’ziga xos shaklidir.
Oilaviy tarbiyaning yechilgan muammolari yuzasidan ilmiy–amaliy konferentsiya bir sinf, parallel sinflar ota-onalari uchun, quyi, o’rta, yuqori sinf ota-onalari uchun alohida o’tkazilishi mumkin. Konferentsiya mavzulari ham hamkorlikda tanlanadi. Jumladan, quyidagi mavzularning tarbiyaviy ahamiyati katta: «Bolalarning mehnat tarbiyasi», «Fuqaroni kamol toptiraylik», «Milliy mafkura va g’oya mohiyati», «Oilada rag’batlantirish va jazolash shaklida» va h.k.
Asosiy tayyorgarlik ishlari sinf rahbari rahbarligida amalga oshiriladi. U ota-onalar qo’mitasi (maktab ota-onalar qo’mitasi prezidiumi) bilan birgalikda konferentsiyani tayyorlash va tashkil etish rejasini tuzadi. Rejada odatda quyidagi masalalar ko’zda tutiladi:
-konferentsiya dasturini tuzish;
-konferentsiya mavzu yuzasidan muhokama qilish uchun aniq masalalar ajratish;
-konferentsiya mavzui yuzasidan ota-onalar uchun mavzuli ko’rgazma tashkil etish (adabiyotlarni, taniqli pedagoglarning fikrlarini va h.k. larni tanlash);
-ota-onalarning mo’ljallanilayotgan nutqlarini tayyorlash;
-mazkur muammo yuzasidan oilaviy tarbiya ijobiy natijalarini umumlashtirish;
-sinf rahbari (sinf rahbarlari metodik hay’ati tomonidan sinf ota-onalar komiteti prezidiumi) bilan hamkorlikda bolalar tarbiyasini yaxshilash yuzasidan tegishli tavsiyanomalar ishlab chiqish.
Konferentsiyani muvaffaqiyati ularning faolligi, mohirona so’zga chiqishlariga bog’liq.
Konferentsiyani o’tkazish tartibi:
1.Sinf rahbarining konferentsiyani o’tkazish vazifalari va tartibi to’g’risidagi kirish so’zi;
2.Bolalarni tarbiyalashning aniq masalalari yuzasidan ota-onalarning bergan qisqacha ma’lumotlari;
3.Tinglangan ma’ruzalar yuzasidan nutqlar;
4.Maktab direktori yoki sinf rahbarining konferentsiya yakunlari bo’yicha xulosasi.