Kimyo tarixi. Amaliy kimyo Miloddan qariyb 4000 yil avval Misr, Mesopatamiya, Hindiston, Xitoy mamlakatlarida rivojlana boshladi. Amaliy kimyoviy bilimlar Misrdan qadimgi dunyoning turli qismlariga tarqalgan.
Insonlar qadimdan rudalardan temir, kumush, qo'rg'oshin, ajratib olganlar, shisha olishni, uzum sharbatini bijg'itib sirka hosil qilishni, o'simliklardan shakar va moy olishni bilganlar va ulardan foydalanganlar.
Kimyoning rivojlanishiga arab, yunon va ko'plab yevropalik olimlar bilan bir qatorda O'rta Osiyo olimlari ham katta hissa qo'shganlar, Forobiy, Abu Ali ibn Sinolar ana shular jumlasidandir.
O'zbekistonda kimyo fani va sanoatining rivojlanishi. O'zbekistonda kimyo fani va sanoatining rivojlanishi Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi Milliy Universitet) ning kimyo fakultetini tashkil etilishi bilan bog'liq. Hozirgi kunda O'zbekiston fanlar akademiyasi qoshidagi kimyoga doir ilmiy-tekshirish institutlarida va respublikamizdagi ko'pgina oliy o'quv yurtlarining kimyo va kimyoviy texnologiya kafedralarida olimlar, mutaxassislar kimyo fani va sanoatining eng muhim muammolarini tadqiq qilish bilan shug'ullanmoqdalar. Respublikamizning kimyo fani va sanoati rivojiga salmoqli hissa qo'shgan va qo'shayotgan akademiklar O.S.Sodiqov, S.YU.Yunusov, K.S.Ahmedov, M.N.Nabiyev, X.U.Usmonov, M.Asqarov, Z.Salimov va boshqa yirik kimyogar olimlarning ilmiy ishlari horij davlatlarida ham mashhurdir.
O'zbekiston xududida tabiiy gaz, neft, ko'mir, oltingugurt, rangli metallar rudasi va boshqa xom ashyolar ko'pligi uchun mamlakatimiz yirik kimyo sanoatiga ega. Xom ashyoning ko'pligi yetakchi kimyo sanoati korxonalari – Olmaliq «Ammofos» ishlab chiqarish birlashmasi, Chirchiq elektrokimyo ishlab chiqarish birlashmasi, Navoiy «Azot» ishlab chiqarish birlashmasi, Farg'ona sun'iy tola zavodi, Namangan kimyo zavodi, Toshkent lok-bo'yoq materiallari va plastmassalar ishlab chiqarish korxonasi va qator boshqa kimyo korxonalarini vujudga keltirish imkonini yaratdi. Hozirda kimyo sanoati rivojlangan xududlar – Olmaliq, Chirchiq, Farg'ona, Qo'qon, Navoiy kabi yirik kimyo sanoati markazlari ishlab turibdi.
Dostları ilə paylaş: |