Kirish Anushteginiylar sulolasi haqida



Yüklə 184,37 Kb.
səhifə6/8
tarix28.11.2023
ölçüsü184,37 Kb.
#166652
1   2   3   4   5   6   7   8
anushtegin

IJTIMOIY HAYOTI
Mamlakatimiz va millatimizning, arboblarimiz-ning fan va madaniyatga bo’lgan chanqoqligi azaliy jarayon ekani anushteginiylar davrida yana bir bor isbotlandi. Bu zamonda madrasalar barpo etish, kutubxonalar ochish, ularni kitoblar bilan to’ldirish, iste’dod egalarining boshini silash, asrab-avaylash odati saqlanibgina qolmay, yanada rivoj topdi. Ziyo maskani bo’lmish kutubxonalar faoliyatiga katga e’tibor berilgan. Masalan, Buxoro viloyatidagi shaharlardan birida fuqarolar, ya’ni umumiy kutubxona mavjud bo’lib, unda saqlanadigan qo’lyozma asarlar g’oyatda noyob hisoblangan. Xuddi shunday kutubxonalar o’lkaning boshqa erlarida ham, masalan, Xorazmda bo’lgani ma’lum. Madrasalarga kelsak, manbalarda yozilishicha, bunday bilim maskanlari saltanat markazi Xorazmdan tashqari Nishopur, Isfahon va boshqa shaharlarda ham qad ko’targan. Ularda o’qish jarayoniga juda katta mas’uliyat bilan qaralganini shundan ham bilib olsa bo’ladiki, Madrasa rahbari va mudarrislar oliy hukmdor yo uning joylardagi noibining maxsus buyrug’i bilan tayinlanganlar. Chunki har qanday jamiyat, u qanchalik turli imkoniyatlarga ega bo’lmasin, agar shu imkoniyatlarni yuzaga chiqarishga qodir mutaxassislar bo’lmas ekan, ular og’izda qolaveradi. Mutaxassislar esa tarbiyalanadi, parvarish etiladi. Xorazmshohlardan Otsiz, Takashlarning shu ma’nodagi buyruqlarini tahlil qilarkanmiz, ular mazkur haqiqatni juda to’g’ri anglaganliklari namoyon bo’ladi. Shuning uchun ham ular ta’lim va tarbiya, fan sohalariga mutasaddilarning ilmli, iymonli, hurmatli, halol bo’lishlariga katta e’tibor bilan qaraganlar. Mazkur siyosat o’z mevasini ham bergan. Bahoviddin Marvaziy, Abu Ali Hasan Buxoriy, Zahiriddin G’aznaviy, Ismoil Jurjoniy, Faxriddin Roziy, Maxmud Zamahshariy, Abulfath Xorazmiy, Abulqodir Jurjoniy, Sirojiddin Xorazmiy, Rashididdin Votvot, Sayfi Isfarangiy, Ziyo Xo’jandiy, Najmiddin Kubro, Majididdin Xorazmiy kabi o’nlab matematiklar, yulduzshunoslar, tabiblar, tarixchilar, shoirlar, faylasuflar, adiblar, tilshunoslar, mutassavvuf olimlar shular jumlasidandir. Albatga, biz va hamkasblarimiz mazkur ro’yxatni yanada davom ettirib, ularning har biri haqida ko’plab qog’oz qoralashimiz mumkin. Ammo bu alohida tadqiqot uchun mavzu bo’lgani sababli quyida ularning ba’zi birlarining e’tiborga molik jihatlariga diqqatni jalb etmoqchimiz.
Qutbiddin Muhammad va Otsiz zamonlarida mashhur tibbiyot olimi Sayyid Ismoil Jurjoniy faoliyat ko’rsatib, bir qator qimmatli asarlar yaratgan. Ular orasida Qutbiddin Muhammadga bag’ishlangan «Zahirayi Xorazmshohiy» asari alohida o’rin egallaydi. Bu asarning qimmati shu qadar bo’lganki, Jolinus (Galen), Muhammad Zakariyo, Ibn Sino, Abu Sahl Masihiy asarlari bilan bir qatorda tibbiyot sohasidagi eng muhim asar va manbalardan biri sifatida qabul qilingan. O’n ikki jilddan iborat bu asar tibbiyotning barcha yo’na-lishlari, tashrih, oddiy va murakkab dorilar haqidagi tadqiqotlarni o’z ichiga olgan. U arab va turk tillariga tarjima qilingan. Ismoil Jurjoniyning eng katta xizmatlaridan biri shundaki, u Ibn Sinodan keyin tibbiyot sohasidagi barcha yo’nalishlarni yangi tadqiqotlar asosida qaytadan bayon qilib chiqqan. Olim faoliyatining biz uchun qadrli tomonlaridan yana biri shundaki, Ibn Sino yurtimizdan «bir chiqib» qolgan yagona buyuk tibbiyot olimi emas, balki bu soha undan keyin ham bizda yuksak darajada taraqqiy qilib kelganligi ma’lum bo’ladi. Zero, o’tmishdagi olimu fozillarimiz ilmu tafakkurga doimo sodiqpik bilan xizmat qilib kelganlar. Ularning sodiqlik to’g’risidagi tushunchalari vatanga nisbatan ham yuksak darajada edi. Buni biz mashhur mutasavvuf olim va shoir Najmiddin Kubro misolida ham yaqqol ko’rishimiz mumkin.
Tahsil olib yurgan yoshlik yillarida kim bilan bahs yo munozara qilsa, doim ustun kelgani uchun Najmiddinga «tammat ul-kubro», ya’ni «buyuk g’olib» laqabi berilgan ekan. Borib-borib birinchi so’z (tammat) tushib qolib «Kubro» laqabi saqyaanib qolgan. Najmiddin Kubro nafaqat ilm bahsida, balki vatan uchun kurashda ham engilmas bo’lgan. 1221 yili mo’g’ullar Urganchni qamal qiladilar. Mudofaachilar orasida mashhur shayx Najmiddin Kubro ham borligini eshitgan Chingizxon unga odam yuborib, «men Xorazmni er bilan yakson qilaman, zamona avliyosi ul zot u erni tark etib bizga qo’shilmoqlari lozim» deb taklif qiladi. Shayx Chingizxonga shunday javob bergan ekan: «Mana, etmish yildirki, taqdirning achchiq-chuchugini Xorazm va uning xalqi bilan birga tortib kelyapman. Falokat bo’sag’ada turgan bir vaqgda elimni tark etishim insoniylik va olijanobliqdan bo’lmaydi». O’sha zamon tarixchilari-ning guvohlik berishlaricha, Najmiddin Kubro o’z xalqi bilan birga qulliqdan ko’ra shahidlikni afzal bilib dushmanga qarshi kurashda halok bo’lgan, ammo unga taslim bo’lmagan.
Endi ikki og’iz so’z xorazmshohlar davrida Turkistonning tashqi siyosiy-diplomatik aloqalari to’g’risida. Usha zamon tarixchilari qoldirgan guvohliklarga ko’ra, rus podshohi Vladimir (978—1015) xorazmshohlar hukmdoriga o’z elchilarini yuborib, islom dinini qabul qilish borasidagi niyatini bildiradi va shunga ko’ra xorazmshoh ruslar o’lkasiga imomlardan birini yuborib, musulmonchilik qonun-qoidalarini o’rgatishda ruslarga yordam berishni tayinlaydi. Agarda Vladimir davrida Rus davlatining rasman xristianlikni (988 yili) qabul qilgani nazarda tutilsa, shunday xulosa qilish mumkinki, jamiyat hayotida katta ahamiyat kasb etuvchi bu jarayonga, ya’ni majusiylikdan yakka xudolikka o’tishga o’ta jiddiy ravishda tayyorgarlik ko’rilgan. Shu ma’noda musulmonchilikni qabul qilish masalasi ham kun tartibida turgan. Zero, bu dinga kirish musulmon olamiga kirish, uning imkoniyatlaridan, masalan, harbiy kuchidan Vizantiya «kofir»lariga qarshi kurashda foydalanish yo’lini ochib berardi. Turkiston esa o’sha vaqtlarda musulmon dunyosining eng qudratli va keng imkoniyatli mamlakatlaridan biri sifatida Rus davlati iodshohlari uchun o’z ichki va tashqi siyosatlarini amalga oshirishda katta qo’rg’on bo’lishi muqarrar edi.
Mamlakatimiz imkoniyatlaridan hamma foydalanib kelgan va shunga intilgan. Qizig’i shundaki, bu o’lkaning imkoniyatlari hatto uning hududidan tashqarida ham zalvorli ta’sirga ega bo’lgan. Buni biz yuqorida tilga olingan Jaloliddin o’limidan keyin Yaqin Sharqda vujudga kelgan vaziyat, unda turkistonliklarning ishtiroki orqali ham ko’rib olishimiz mumkin. Jaloliddin nobud bo’lgan bo’lsa-da, ammo uning safdoishari — xorazmlik amirlar va ularning qo’l ostidagi minglab askarlar hayot edilar. Bu juda katta kuch edi. Manbalarda ular umumiy nom — xorazmliklar nomi bilan atalganlar. Harbiy mahorat va uyushqoqlikda g’oyatda puxta tayyorgarlik ko’rgan, o’zlari ham shijoatli xorazmliklar Jaloliddin o’limidan so’ng yana o’n besh yil davomida Iroq, Kichik Osiyo, Suriya, Misr siyosiy hayotida muhim o’rin tutib kelganlar. Ularning qudratiga suyanib Yaqin Sharq mahalliy turkiy sulolalari Damashq, Qohirani zabt etishga muvaffaq bo’lganlar. 1241 yili esa xorazmliklar Quddusni (Ierusalim) egallaydilar va 1229 yildan beri salibchilar qo’lida bo’lgan bu muqaddas sha-harni musulmonlar ixtiyoriga qaytaradilar.
Yuqorida biz Jaloliddinni mo’g’ullar va Yaqin Sharq, Evropa o’rtasidagi to’g’on, deb ta’riflagan edik. Xuddi shunga o’xshash ta’rifni musulmonlar va salibchilararo kurashda faol ishtirok etgan xorazmliklarga nisbatan ham bersak bo’ladi. 1244 yili ular Misr qo’shinlari bilan ittifoqda Suriya hukmdorlarining salibchilar bilan birgalikdagi katta lashkariga qattiq zarba beradilar. Manbalarda yozilishicha, shu jangda salibchilarni tor-mor qilganlar xuddi mana shu xorazmliklar edi. «Bu ulug’ kun bo’lgandi. Islom zuhuridan so’ng bunday kun hech qachon bo’lmagandi», — deb xotima qilgandi tarixchilardan biri.
Shunday qilib, biz o’zbek davlatchiligi tarixida o’chmas iz qoldirgan yana bir sulola — anushteginiylar (xorazmshohlar) haqida so’z yuritdik. Doim bo’lganidek, mazkur sulola namoyandalari ham xoh ichki siyosatda, xoh tashqi aloqalarda bo’lsin, o’zlarining bor imkoniyatlari, afzalliklarini ro’yobga chiqarish, shu mamlakatni, uning xalqini dunyoga olqishlash yo’lida sa’y-harakat qilib kelganlar. Shuning uchun ham xuddi ana shu ona yurt sharofati bilan ular tarixga Buyuk Xorazmshohlar nomila kirib abadiy qolmoqdalar.

Yüklə 184,37 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin