Janubi-Sharqiy Tojikiston. ( Tog‘li Badaxshon avtonom oblasti). Respublika xududining 44 foizini, aholisining esa atiga 4 foizini tashkil etadi. Mintaqa asosan Sharqiy Pomirni o‘z ichiga oladi. Bu yerda xilma xil landshaftlar uchraydi.
Tog‘li Badaxshon eng baland va aholisi eng kam mintaqalardan biridir. Ko‘plab tog‘ muzlikalari Markaziy Osiyoning deyarli barcha daryolarining manbai hisoblanadi. Iqlimi sovuq, keskin - kontinental, respublikadagi eng past havo harorati shu yerda kuzatiladi.
Mintaqa tabiiy resurslarga boy. Bu yerda nodir va qimmat baho metallar, tog‘ xrustali, ko‘mir, asbest, slyuda kabi ko‘plab mineral resurslar topilgan. 50 dan ortiq issiq va sovuq mineral shifobaxsh buloqlar mavjud. Tog‘lardan ko‘plab qimmatbaho toshlar olinadi. Ular qayta ishlash uchun Dushanbe zargarlik zavodlariga olib ketiladi.
Mintaqa gidroenergetika resurslariga ham boy. Lekin iqlimining sovuqligi, transport noqulayligi tufayli ulardan to‘liq foydalanilmaydi.
Bu yer tog‘li o‘lka bo‘lganligi sababli, faqat avtomobil transporti rivojlangan. O‘sh–Xorug‘ avtomobil trakti tog‘li Badaxshonni Qirg‘iziston bilan bog‘laydi.
Iqlimining sovuqligi, tog‘li o‘lka bo‘lganligi uchun uning iqtisodiyotida ko‘proq qishloq xo‘jaligi rivojlanishga imkon beradi. Qishloq xo‘jaligida yetakchi tarmoq chorvachilik xisoblanadi. U jami qishloq xo‘jaligi mahsuloti-ning 70 % ni tashkil etadi. Rayon uchun tog‘ yaylov chorvachiligi xos bo‘lib, asosan qo‘toslar boqiladi. Rayonning g‘arbida uncha katta bo‘lmagan hududlarda dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi. Asosan bo‘g‘doy, tariq, no‘xat yetishtiriladi. Kartoshka yetishtirish va tamakichilik ham muhim ahamiyatga ega. Aholisining ko‘pchiligi Pomir tojiklari va qirg‘izlaridir. Mintaqa ma’muriy va sanoat markazi Xorug‘ shahri bo‘lib, u Gunt daryosi vodiysida joylashgan. Shaharda non zavodi, sut–go‘sht kombinatlari, tikuvchilik fabrikasi, temir–beton konstruksiyasi zavodi va boshqa korxonalar ishlab turibdi.
Xorug‘ baland tog‘da joylashgan botanika bog‘i bilan ham mashhur. Bu bog‘ga MDU professori I.V.Shukin asos solgan. Bog‘da Yevropa, Afrika, Avstraliya, Amerikadan keltirilib iqlimga moslashtirilgan buta va daraxtlar o‘stiriladi.