Sof elementlarga platina (Pt), oltin (Au), kumush (Ag), olmos (C), grafit (C), oltingugurt (S), mis (Cu) va boshqalar kiradi. Bu guruh minerallar bitta kimyoviy elementdan yoki ikki xil element aralashmasidan tashqil topgandir. Bular keng tarqalmagan (grafit va oltingugurtdan tashqari).
Oltin - Au. U tabiatda asosan sof tug'ma holatda noto'g'ri donalar, bargsimon, dendritsimon bo'lib, o'sgan, sof holda esa kamdan - kam kub (kublar, oktaedrlar) shaklida uchraydi. Qattiqligi 2,5-3, solishtirma og'irligi 15,6-19,0 g/sm3 (tozasi - 19,3 g/sm3), rangi sariq, chizig'i metalldek sariq, metalldek kuchli yaltiraydi va egiluvchan. Ko'pincha gidrotermal va sochilma konlarda uchraydi. Qimmatbaho metall hisoblanadi.
Oltingugurt - S. U ko'pincha yaxlit, ba'zan tuproqsimon va kukunsimon uyum holida uchraydi. Kristallari piramida va kesilgan piramida, rombik shaklda bo'ladi. Ba'zan buyraksimon oqiqlar va surkalma (vulqon otiluvchi rayonlarda) holda uchraydi. Qattiqligi 1-2, solishtirma og'irligi 2 g/sm3. Rangi sariq, chizig'i deyarli yo'q, qirralarida yaltiroqligi olmossimon. Osonlikcha eriydi va yonganda oltingugurtli gaz SO2 chiqaradi. Rezina sanoatida, qog'oz ishlab chiqarishda, oltingugurt kislotasini olishda, portlovchi modda tayyorlashda va boshqa sohalarda ishlatiladi.
Olmos - C. U kubik singoniyada (oktaedrlar va boshqalar) kristallar shaklida uchraydi. Qattiqligi Moos shkalasiga ko'ra 10 (kvarsdan 1000, korunddan 150 marta ko'p), solishtirma og'irligi 3,5 g/sm3, rangsiz, shaffof, ko'k, sariq, yashil, qo'ng'ir va qora rangda bo'ladi; yaltiroqligi olmosdek, mo'rt, o'ta asos otqindi jinslar bilan bog'liq bo'lib, sochilma holda ham ko'p uchraydi.
Zargarlik ishlarida, parma quduqlarini qazishda, abraziv va metallurgiya sanoatida ishlatiladi. Olmosning og'irlik birligi "karat"dir. Bir karat "0,2" grammga tengdir.
Grafit- C. Uning singoniyasi geksagonaldir. To'gri kristallari kamdan-kam bo'ladi. Ba'zan olti burchakli plastinkalar, tabletkachalar shaklida bo'ladi. Agregatlari ko'pincha mayda tangachalardan iborat. Rangi kulrangdan qoragacha, chizig'i yaltiroq qora, qattiqligi 1, qo'lga yog'lidek unnab, qo'lni va qog'ozni qoraytiradi. Solishtirma ogirligi 2,09-2,23 g/sm3. U tabiatda donador, varaqsimon zich shaklda marmar va gneyslarda uchraydi. Grafit tigellar tayyorlashda, quyish ishlarida, qalamlar chiqarishda, bo'yoq chilikda va boshqa sohalarda ishlatiladi.
Sulfidlar
Tarkibiga oltingugurtning S2 - anioni kiradi. Elementlarning oltingugurt bilan qo'shilib hosil qilgan birikmasi sulfidlar deb ataladi. Ular tog’' jinslarida, ko'pincha ma'danlar tarkibida ko'p uchraydi. Sulfidlar sinfi 250 ga yaqin mineralni, ya'ni ma'lum bo'lgan minerallarning taxminan 10% ini tashqil qiladi. Ko'pchilik sulfidlar gidrotermal yo'l bilan hosil bo'ladi, biroq magmadan va uning uchuvchi komponentlaridan ham hosil bo'ladi.
Dostları ilə paylaş: |