Kirish Kurs ishi mavzusining dolzarbligi


Elizaveta I Tyudor xukmronligi davrida Angliyaning ichki va tashqi siyosati



Yüklə 202,5 Kb.
səhifə5/6
tarix27.06.2023
ölçüsü202,5 Kb.
#135401
1   2   3   4   5   6
Kirish Kurs ishi mavzusining dolzarbligi

3. Elizaveta I Tyudor xukmronligi davrida Angliyaning ichki va tashqi siyosati.

Mariya Tyudordan so‘ng hokimiyatga Elizaveta I Tyudor (1558-1603) keldi. Elizaveta Genrix VIII ning Anna Boleyndan bo‘lgan qizi edi.


Elizaveta I qirolligi davridagi uning mamlakat ichki va tashqi siyosatidagi masalalarni hal qilish faoliyati va parlamentga munosabatini ikki davrga bo‘lish mumkin: birinchi davr XVI asrning 60-80 yillarini o‘z ichiga olib bu davrda, qirolicha muhim masalalarni hal qilishda parlamentga ham murojaat qiladi. Aksariyat hollarda hukumat va parlament ichki va tashqi siyosat sohasidagi muammolarni birgalikda echdilar. Elizaveta Tyudor yangi dvoryan va burjuaziya manfaatlarini qo‘llab-quvvatladi. Absolyutizm mamlakatni yanada rivojlantirish yo‘lida kerakli sharoitlar tug‘dirdi. Elizaveta I davlatni boshqarish faoliyatining ikkinchi davri XVI asrning 90 yillari boshida boshlandi. Bu davrdagi uning faoliyati mamlakat ijtimoiy - iqtisodiy va siyosiy hayotidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq ravishda yangicha yo‘nalishda bordi.
XVI asrning 90 yillariga kelib mamlakatda ahvol o‘zgargan edi. Rivojlanayotgan kapitalistik elementlarning taxtga bo‘lgan qiziqishi tabora ortib bordi. Ana shunday vaqtda Angliyada qirol hokimiyatining joylarda zaifligi va mamlakatda doimiy armiyaning bo‘lmaganligi Tyudorlar absolyutizmining yanada mustahkamlanishiga xalaqit berdi. Poraxo‘rlik va xazinani talon-taroj qilish kuchayib ketdi. Ayrim grafliklar qirol hukumatini tashqi siyosat yuritishda quvvatlamay qo‘yishgacha borib etdilar. Siyosatdagi bu kamchilikni Elizaveta favoritizm tizimi bilan qoplamoqchi bo‘ldi. Uning eng yaxshi kishilari (favoritlari) Leyster, ser Ualter Reli va graf Esseks edilar. Elizavetaning dastlabki favoritlari (masalan Leyster) qirolicha oldida o‘zining unga tobe ekanligini unutmagan bo‘lsa, keyingilari juda ko‘p masalalarda (ayniqsa, tashqi siyosat masalalarida) o‘zlarini qirolni haqorat qilish darajasida mustaqil tuta boshladilar.
Ayni bir vaqtda shuni e’tirof etish kerakki, Elizaveta I davlatni boshqarishga amaldorlarni tanlashda va ular yordamida mamlakatni boshqarishda katta yutuqlarga erishdi. Ayniqsa, uning hukmronligining birinchi davrida juda ko‘p mashhur davlat arboblari, absolyutizmning qatiy tarafdorlari etishib chikdilar. Bular jumlasiga Berley, Bekon, Uolsingem va savdogar Tomas Greshem va boshqalar kiradi. Uolsingem tomonidan tashkil qilingan josuslik va axborot tizimi yaxshi rivojlangan edi. Bu tizim yordamida qirolicha Angliyaning hamma burchaklari va qariyb Evropaning hamma mamlakatlari haqida aniq ma’lumotlarga ega edi.
O‘z davrida «savdogarlar qiroli» degan unvonga ega bo‘lgan, qirollikning moliyaviy ishlariga rahbarlik qilgan va qirolichaning bu soha bo‘yicha maslahatchisi Tomas Greshem ham o‘z vazifasini juda katta mohirlik va ma’suliyat bilan boshqarardi.
Elizaveta I hukmronligining ikkinchi davrida ham uning atrofida o‘z davrining yirik davlat arboblari faoliyat ko‘rsatdilar. Ular jumlasiga Robert Sesil va mashhur faylasuf Frensis Bekon va boshqalar kiradi.
XVI asr 90-yillarning o‘rtalariga kelib parlamentda qirolichaning monopoliya patentlarini tarqatishga qarshi, burjuaziya muxolifatining qarshiligi o‘sa boshladi. Sababi, Tyudorlar hukumati savdo va ishlab chiqarish muassasalariga egalik qilishning shartlarini ishlab chiqib ularni aloqida kishi va kompaniyalarga tarqata boshlagandilar. XVI asrning o‘rtalarigacha bu burjuaziyaning rivojlanishiga xizmat qilgan bo‘lsa, XVI asrning oxiriga kelib monopoliya Angliya iqtisodiyotida bo‘layotgan rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Bundan tashqari, monopoliya patentlarining ko‘plab saroy favoritlari va amaldorlariga berilishi erkin kapitapistik rivojlanishga g‘ov bo‘lib qoldi, bu esa o‘z navbatida burjuaziyaning ommaviy noroziligini tug‘dirdi. Nihoyat, 1601 yidsa umum palata monopoliya haqidagi masalasini qarab chiqishni talab qilib chiqdi. Bu masalada hukumat va parlament o‘rtasidagi nizo keskin tus oldi. Qirolicha yon berishga majbur bo‘ldi. Garchi qirolicha monopoliyani bekor qilish to‘g‘risida va’da bergan bo‘lsa-da, ammo bu sohadagi ahvol deyarli o‘zgarmadi.
Elizaveta hukmronligining oxirgi yillarida parlamentning mustaqil bo‘lishga intilishi yanada kuchaydi. London shahri aholisi esa kirolichani oldingidek quvonch bilan kutib olmasdilar.
SHunday qilib, Elizaveta I Tyudorning uzoq muddat qirollik qilgan davri Angliyaning iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan davri bo‘ldi. Bu davrda Hindiston va Amerika bilan savdo-sotiq ishlari olib boruvchi juda ko‘p savdo kompaniyalari tuzildi. Dengizning narigi tomonida inglizlar kolonizatsiyasi boshlandi.
Angliyaning dengiz hukmronligi uchun Ispaniya bilan kurashi va «Engilmas Armada» halokati masalasida ta’kidlash lozimki, ingliz-ispan raqobati Angliyaning ichki nizolari bilan mustahkam bog‘langan bo‘lib, u birinchi navbatda dengiz yo‘llari va bozor uchun kurashda namoyon bo‘ldi. Bu kurash ayniqsa, XVI asrning ikkinchi yarmida kuchaydi. Angliyaning Ispaniya bilan olib borgan kurashini 3 davrga bo‘lish mumkin: 1) XVI asrning 60-yillaridan 80-yillari o‘rtalarigacha bu davrda o‘ziga xos yashirin urush ketadi: ya’ni ingliz dengiz qaroqchilari ispan kemalariga okeanda va La-Manshda hujum qilishib ularni talay boshladilar; 2) XVI asr 80-yillar o‘rtalaridan bu davrda Ispaniya bilan ochiq dengiz urushi bordi; 3) XVI asr oxirlaridan yana dengiz qaroqchilariga hujumlar uyushtirildi1.
Elizaveta Tyudor hukmronligi boshlangan davrda dengiz qaroqchiligi rivojlanishi uchun shart-sharoitlar juda kulay edi. Dehqonlarning xonavayron qilinishi, ommaviy ravishda erlardan quvilishi natijasida vujudga kelgan uy - joysiz ommaning mavjudligi, savdo-sotiq, ishlab chiqarishning sustligi, dengizchilar o‘rtasidagi ishsizlik va qirollikning moliyaviy qiyinchiliklari hukumatning qaroqchilarga ba’zan yashirincha, ba’zan esa ochiqchasiga yordam berishiga sabab bo‘ldi.
1555 yilga kelib Angliyaning chet mamlakatlardan milliy qarzi (asosan Niderlandiyadan) 148526 funt sterlingni tashkil etardi. 1559 yilga kelib bu qarz mikdori 226910 funt sterlingga ko‘tarildi. Mariya Tyudor hukmronligining oxirgi yillarida xazina bo‘sh, xalq och, yuqumli kasalliklar keng tarqalgan og‘ir yillar bo‘ldi.
Mana shunday sharoit oqibatida, XVI asrning 50 yillari oxiri va 60 yillari boshlarida ingliz dengizlarida qaroqchilik juda rivojlandi.
Filipp va Mariya Qonxo‘r davridayoq ingliz dengizchilariga Ispan qirolining Angliya hukmronligiga qarshilik belgisi sifatida ispan va portugal kemalarini talash an’anaga aylanib qolgan edi. Elizaveta davrida ispan va portugal kemalarini talash Angliyani ispan katolik cherkovidan himoya qilish kabi o‘ziga xos vatanparvarlik jasoratiga aylandi. Quyidagi misollar inglizlar dengizdagi qaroqchiligi ispanlarga qanday zarar va jabrlar keltirganliklarini yaqqol ko‘rsatadi: 1) 1560 yilda inglizlar dengizda ispan dvoryanlari kemasini qo‘lga oladilar va ularni Duvrga olib kelib auksionga qo‘yib sotib yubordilar. Ular uchun yaxshi to‘lov olish umidida bo‘lganlar kemadagi ispan dvoryanlarini 100 funtgacha narxda sotib oladilar. 2) O‘sha yilning o‘zida Kanar orollarida ispanlar qo‘lidan zo‘rg‘a qochib qutulgan inglizlar yo‘lda ispanlarning yana bir kemasini qo‘lga olib talaydilar. Nizo kuchayib Ispaniya tomonidan Kanar orollaridagi barcha inglizlar kemasining hibsga olinishiga olib kedsi. Faqatgina Elizavetaning kechirim so‘rashi va qaroqchilarni jazolashga bergan va’dasi tufayligina harbiy to‘qnashuv yuz bermadi.
Angliya va Ispaniya o‘rtasidagi urushda inglizlarning g‘alabasini ta’minlagan asosiy omillar quyidagilar bo‘ldi:

  1. Mudofaaga qirolicha hukumati tayyor bo‘lmagan va etarli harbiy tayyorgarlikka hukumat mablag‘i etishmagan bir paytda, Angliyadagi yangi dvoryanlar va tug‘ilib kelayotgan burjuaziya mamlakat mudofaasini umumxalq ishiga aylantirib yubora oldilar. Ular davlat xizmatiga o‘z hisoblaridan kemalarini qurollantirib yubordilar;

  2. Milliy mustaqillik xavf ostida qolganda va katolik cherkovining qayta tiklanishi xavfi tug‘ilganda deyarli barcha ijtimoiy qatlamlar vakillari qirolicha atrofiga birlashdilar, mamlakat mudofaasi umummilliy ishga aylandi;

  3. Ingliz harbiy dengiz qo‘mondonligi harbiy strategiya jihatdan o‘zlarining ispanlardan kuchli ekanligini ko‘rsatdilar.

«Engilmas Armada»ning 134 ta kemasidan atigi 43 tasigina Ispaniyaga qaytib keldi. Ispanlarning bosqinchilik yurishlari shu tariqa mag‘lubiyatga uchradi va ularning dengizdagi hukmronligiga shu tariqa nuqta qo‘yildi. Angliya dengiz hukmroni mamlakatiga aylandi va ingliz hukmdorlari davlatning tashqi siyosatida kelgusida Portugaliyaning Ispaniyadan ajralishi tarafdorlarini qo‘llay boshladilar.
Elizaveta I ning cherkovga munosabatida Mariya Styuartning qatl qilinishi alohida masala hisoblanadi.. Ispaniya bilan dengiz hukmronligi uchun kurash, aytib o‘tganimizdek, Angliyada reaksion feodal elementlar bilan absolyut hukumat o‘rtasidagi ichki kurashlar bilan ham bog‘lanib ketdi. Feodal muxolifat katolik cherkoviga sadoqatini namoyon qilib cherkov islohotlarini tan olmadi. Elizaveta mamlakatda protestantizmni uning mo‘‘tadil anglikan ko‘rinishida tikladi. Uning davridagi ingliz jamiyatidagi muhim ijobiy siljishlaridan biri selebat (ruhoniylarning uylanmasligi)ning bekor qilinishi va ruhoniylarga uylanishga ruxsat berilishi bo‘ldi. Elizaveta anglikan cherkovi ruhoniylarini juda tez va qo‘pol usullar bilan o‘ziga bo‘ysundiradi. Qirolichaning ularga munosabati uslublarini uning xatlari orqali bilish mumkin. Misol uchun, 6 dekabr 1559 yilda Elizavetaning cherkovdan chetlashtirilgan ruhoniylar (episkoplar)ga yuborgan xati quyidagi so‘zlar bilan tugallanadi: «Biz sizlarni ogoxlantiramiz, agar sizlar bizning tomonimizdan qarshilik ko‘rsatganlarni jilovlash (bo‘ysundirmoq) uchun belgilangan jazoni xoxlamasalaringiz xech qachon norozilik olovini yoqmanglar». 1573 yil Elizavetaning Iliyskiy episkopiga yozgan xatida ham shu kabi mazmun bor edi: «Mag‘rur prelat (anglikan va katolik cherkovlarida oliy mansabga ega bo‘lgan ruhoniy), deyilgandi unda, men senga hozirgi darajani berganimga qadar kim bo‘lganligingni o‘zing bilasan. Agar sen mening talablarimni hoziroq bajarmasang xudo nomi bilan qasam ichamanki seni episkoplikdan mahrum etaman»1 .
Papa Grigoriy XIII chet davlatlarning doimiy ravishda Angliya chegarasida nizolar chiqarib turishiga ko‘maklashdi. Bunda irlandiyaliklarning og‘ir ahvoli va ularning ingliz mustamlakachilariga bo‘lgan nafratidan ham foydalanildi. Papalik va Ispaniya yordamida irlandiyaliklar 1580 yilda qo‘zg‘olon ko‘tardilar, ammo bu qo‘zg‘olon inglizlar tomonidan bostirildi.
Qirollikni eng katta tashvishga solgan xavf Angliyaning o‘zida katolik faoliyatining kuchayishi bo‘ldi. Bu avvalo maxsus iezuitlar maktabining tuzilishi bilan bog‘liq edi. 1568 yilda Due shahrida tashkil topgan bu maktab keyinchalik Fransiyaning Reyms shahriga ko‘chirildi va unga ingliz, o‘zining diniy qarashlari «noto‘g‘riligi» uchun Oksford universitetidan quvg‘in qilingan Vilyam Allen boshchilik qildi. Bu seminariyaning tarbiyalanuvchilari Angliyadagi yuqori tabaqaga mansub katoliklar xonadonlarining farzandlari edilar. 14 yoshdan to 25 yoshgacha bo‘lgan bu yoshlar etti yillik o‘qish davrida Angliyadagi protestant chsrkovi va qirolicha Elizavetaga qarshi kurashga tayyorlandilar. Tarbiyalanuvchilar Angliyaga qaytish va u erda kerak bo‘lsa din yo‘lida o‘limga ham tayyor ekanligi to‘g‘risida qasamyod qiladilar. 1580 yilda Angliyaning shimolida Reyms shahrida tayyorgarlik ko‘rgan birinchi ingliz missionerlari Parsons va Kempionlar faol harakatni boshladilar, ular yashirin yig‘inlar uyushtirib, Elizavetaning cherkov siyosatiga qarshi chiqa boshladilar. 1581 yilda yashirin bosmaxona ishga tushirilib, katoliklarni himoya qiluvchi kitoblar nashr qilina boshlandi.
Bundan jiddiy xavfsiragan hukumat, katoliklar va missionerlarga qarshi bir qator qonunlar e’lon qildi. Bu sohada, ayniqsa, o‘lim jazosini qo‘llash yo‘li bilan qo‘rqitib, 40 kun ichida Angliyadan barcha iezuitlar seminariyachilari va katolik ruhoniylarining chiqib ketishini talab qilgan akt juda muhim ahamiyatga egadir. Bundan tashqari, barcha fuqarolarning Angliyaning cherkoviga majburiy ravishda ibodatga borishi, agar bormagan takdirda juda katta jarima to‘lashga majbur qilinishi to‘g‘risidagi qaror ham e’lon qilindi. Kempion va boshqa iezuitlar hibsga olindilar va qirolichaga fitna uyushtirishda ayblanib qatl qilindilar.
Katoliklarni ta’qib qilish Niderlandiyada 1582 yilda Vilgelm Oranskiyga muvaffaqiyatsiz uyushtirilgan suiqasddan keyin kuchaytirildi. Ayniqsa, katoliklarning fitnalari natijasida 1584 yil Vilgelm Oranskiy o‘ldirilgach, shu bilan birga bir vaqtda Angliyada ham qirolichaga qarshi katoliklar fitnasining ochilishi munosabati bilan bu mazhabda bo‘lganlarga nisbatan jazo tadbirlar keng qo‘llana boshlandi.
Qirolichaga qarshi fitnalardan biriga Frensis Trogmarton boshchilik qildi. Uning maqsadi Elizavetani o‘ldirish va ispanlar hamda fransuzlar katoliklari yordamida taxtga Mariya Styuartni o‘tqazish edi. Trogmarton qatl etildi. Uning ishi bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlardan bu fitnaga ispan elchisi Bernardino de Mendosaning ham ishtiroki borligi aniqlandi. Ingliz Maxfiy Kengashiga taklif qilingan elchi, savollarga javob berishdan bosh tortdi. Bernardino de Mendosa Angliyadan chiqarib yuborildi va bu bilan ingliz hukumati ispan qiroliga ochiqdan-ochiq ayb qo‘yganligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Angliyada inglizlarning qirolichasi Elizavetani katoliklar suiqasdidan himoya qilish assotsiyasiyasi tuzildi1.
Feodallarning asosan Angliyadagi shimoliy feodallarning Elizaveta hukumatiga qarshi kurashi to 80-yillar oxirigacha Ispaniyadan turib boshqarildi. Barcha norozilik harakatlari shotlandiyalik qirolicha Mariya Styuart atrofida birlashtirildi. Mariya Styuart 1542 yilda tug‘ilgan bo‘lib, SHotlandiya qiroli YAkov V va fransuz Mariya Gizlarning yakkayu-yagona qizi edi. Tug‘ilgandan keyin, ko‘p o‘tmay u otasidan mahrum bo‘ldi va SHotlandiya qirolichasi deb e’lon qilindi. Olti yoshida u Fransiyaga (1548) olib ketildi va fransuz qiroli saroyida tarbiyalandi. U fransuz uyg‘onish davri ruhida ta’lim oldi va ayni vaqtda katolik cherkovining izchil e’tiqodchisi sifatida qolaverdi. Siyosat sohasida u Gizlar va Filipp II larning istaklarini bajaruvchiga aylandi. Ayol sifatida u chiroyli va nazokatli edi. Fransuzlarning saroy fitnachiligi ruhida tarbiyalanganligi uchun, u o‘z ichki tuyg‘ularini yashira oladigan va o‘zi bilan kim muloqotda bo‘lsa uni maxdiyo qiladigan sifatlarga ega edi. Uning shaxsiy hayoti SHotlandiya, Angliya va Fransiyaning siyosiy hayoti bilan chambarchas bog‘lanib ketgan edi. 23 aprel 1558 yilda Mariya Styuart fransuz dofeni, bo‘lajak qirol Fransisk II ga turmushga chikdi. Angliya qirolichasi Mariya Qonxo‘rning vafotidan keyin, otasining ingliz qiroli Genrix VII ning qizi Margaritaning o‘g‘li ekanligiga tayanib, ingliz taxtiga da’vogar bo‘lib chikdi. 1559 yilda Fransisk II otasining o‘limidan keyin taxtga o‘tirgach Mariya Styuart Fransiya qirolichasi deb e’lon qilindi. Ammo, 1560 yilda Fransisk II to‘satdan vafot etgandan so‘ng SHotlandiya qirolichasi sifatida SHotlandiyaga (1561) qaytishga majbur bo‘ldi.
SHotlandiyada unga absolyut hokimiyatning o‘rnatilishidan va katolik e’tiqodiga qaytishdan qo‘rqqan feodal muxolifat bilan to‘qnashishga to‘g‘ri keldi. 1565 yilda Mariya Styuart Elizavetaning xohishiga qarshi, kelib chiqishi shotland bo‘lgan ingliz fuqarosi lord Genrix Darnley (Darnli)ga turmushga chiqadi19 . Lekin bu nikoh Mariyaga baxt keltirmadi. U eri Darnleyni davlatni boshqarish ishlariga aralashtirmadi va buning ustiga italiyalik musiqachi David Richchio bilan yaqinlashib, o‘zining ko‘p ishlarini unga ishonib topshirardi. Undan norozi bo‘lgan va Mariyani David Richchiodan rashk qilgan Darnley, 9 mart 1566 yilda o‘z tarafdorlari bilan Mariya Styuart yotog‘iga bostirib kiradi va uning ko‘z oldida Richchioni vahshiylarcha o‘ldiradi.
Tezda Mariya Styuartning yangi favoriti paydo bo‘ladi. U graf Botvel (ayrim adabiyotlarda Botsvel va Bosvel tarzida ham uchraydi) edi. 1567 yilning 9 fevralidan 10 fevraliga o‘tar kechasi terroristlar harakati natijasida Darnley yashagan uy portlaydi va u halok bo‘ladi. Bu suiqasddan so‘ng xotinidan ajralib tezda Mariya Styuartga uylangan Botveldan shubhalanadilar. Botvel Angliyadan qochib ketadi. Bu voqeadan foydalanib isyon ko‘targan shotland lordlari bir oy davomida Mariya Styuartni uy asirligida saqlab turadilar.
19 iyun 1567 yilda Mariya Styuart o‘g‘il tug‘adi. Bu o‘g‘il bo‘lg‘usi SHotlandiya qiroli YAkov I edi. Elizaveta bu o‘g‘ilga cho‘qintirgan ona bo‘ldi.
24 iyun 1567 yilda uy asirligidagi Mariya Styuart SHotlandiya taxtidan o‘z o‘g‘li foydasiga voz kechdi. SHunday bo‘lsa-da, u 1568 yil may oyigacha lordlar qo‘lvda qoldi va nihoyat, 1568 yil may oyida lordlar qo‘lidan qochib, o‘z tarafdorlariga qo‘shilishga muvaffaq bo‘ldi. Mariya Styuart tarafdorlari harbiy harakatlarda engilgandan so‘ng, u Angliyaga qochib borib bekinishga va Elizavetadan himoya so‘rashga majbur bo‘ldi. Mariya Styuartning Angliyada paydo bo‘lishi Elizavetani juda chigal ahvolga solib qo‘ydi. Bir tomondan, Mariyani zo‘rlik yo‘li bilan SHotlandiya taxtiga tiklashi, shotlandiyalik lordparning qarshiligini keltirib chiqarishi va u erda Angliyaga qarshi hukumatning qaror topishiga olib kelishi mumkin edi. Ikkinchi tomondan, Mariyaning Fransiyaga qo‘yib yuborilishi katoliklar partiyasi qo‘liga xavfli qurol berish bilan barobar edi. Uchinchidan esa, uni Angliyada ushlab turish ham xavfli bo‘lib, ozodlikda bo‘lgan Mariya bu erda feodal katolik fitnalarining markaziga aylanishi mumkin edi. Oxiri Elizaveta uni qattiq nazorat ostida Angliyada olib qolishga qaror qildi. Elizaveta uchun eng kuchli xavf qirollikka qarshi bo‘lgan va inglizlar katolik e’tiqodining markazi bo‘lgan Mariya Styuartning shimoliy grafliklardagi yirik feodallar o‘rtasida ta’sirining kuchli ekanligi edi. Dastlab Elizaveta Tyudor va SHotlandiya qirolligi regenti graf Murrey va Mariya o‘rtasida ma’lum bir kelishuvchilikni o‘rnatishga urinib ko‘rdi, ammo bu harakat natija bermadi .Mariya Elizavetadan o‘zining bo‘ysunmas shotlandiyalik fuqarolariga qarshi yordam berishini yoki Fransiyaga erkin ravishda chiqib ketishga ruxsat berishini talab qildi. Bundan tashqari, u Elizavetadan shaxsan u bilan uchrashishni so‘radi. Ammo, Elizaveta Mariya Darnley o‘limiga o‘zining ishtiroki yo‘q ekanligini isbotlamaguncha, u bilan uchrashmasligini bildirdi. SHunda York grafligida Mariya Styuartning aybi yo‘qligini aniqlash masalasini ko‘rib chiqish uchun maxsus komissiya tashkil qilindi. Komissiyaning boshlig‘i qilib gersog Norfolk tayinlandi. Murrey va Mariya konferensiyaga o‘zlarining vakillarini yubordilar. Murrey Mariyaga qarshi dalil sifatida Mariya Styuartning Botvelga yuborgan xatlari solingan ma’shum «xatlar solingan qutichasi»ni keltirdi. Natijada komissiya bu ishlarni «iflos ishlar» deb e’lon qidsi va Mariyani Elizaveta qabul qilmaslikka huquqi bor degan xulosaga keldi.
York konferensiyasi hech qanday natijasiz tugadi. 10 yanvar 1568 yilda Elizaveta ikki tomonning ham hech narsani isbot etolmaganligini e’lon qidsi. Uning uchun Mariyaning boshida ma’lum bir aybning osilib turishi qulay edi. 10 kundan so‘ng Mariyani Tetberi qal’asiga olib keldilar va u amalda to‘la ma’nodagi tutqunga aylandi. Ammo, tutqunlikda ham Mariya feodal katolik va ispanlar tomonidan bo‘lgan fitna va suiqasdlar iplari tutashadigan markazga aylandi. Bu birinchi navbatda gersog Norfolkning Mariya nomzodini Angliya qirolichasi bo‘lishda quvvatlashini, unga uylanishni va Elizavetani taxtdan tushirib, hokimiyatni qo‘lga olishga qaror qilganligi bilan bog‘liq bo‘ldi. Niyati ma’lum bo‘lib qolgan gersog Norfolk tezda qo‘lga olinib, Tauerga tashlandi. Gersog Norfolkning hibsga olinganidan xabar topgan SHimoliy fafliklarda Nortumburlend va Vestmoreland qirolichaga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Ammo, 1569 yilda ko‘tarilgan bu qo‘zg‘olon tezda qonga botiridsi va qo‘zg‘olon qatnashchilaridan juda qaggiq o‘ch olindi. Bundan keyin ham ko‘tarilgan norozilik harakatlarining bostirilishi Elizaveta hukmdorligining mustahkamlanayotganligidan darak berardi1.
Angliya Niderlandiya bilan yaqin aloqani sakdab turishdan iqtisodiy jihatdan manfaatdor edi. U kerakli bo‘lgan chet el mollarini asosan Antverpendan sotib olar edi. Ayni vaqtda XVI asrning 60 yillariga kelib Angliyaning o‘zi ham 80-90 ming o‘ramgacha bo‘lgan movutni niderlardiyaliklar bozoriga tashlar edi. Niderlandiya bilan bo‘lgan barcha savdo Angliyadagi 3500 kishidan ko‘proq a’zosi bo‘lgan «Savdogar avantyuristlar» deb atalgan kompaniyaning monopoliyasi edi.
Ayni vaqtda Elizaveta Niderlandiyaga ingliz harbiylarini yuborishni orqaga surib kelardi. Faqatgina 1585 yil 17 avgustda ispan armiyasi Antverpenni taslim qilganlaridan so‘ng ispanlarning Angliyaga hujum boshlash xavfidan qo‘rqqan qirolicha Niderlandiyaga yordam berishga qaror qildi. Niderlandiya bosh shtatlari Elizavetaga hokimiyatni taklif qildilar, ammo u protektor unvonidan voz kechib, faqatgina ispanlar g‘alabasiga monelik qilish maqsadidagina yordam berishini bildirdi. Elizaveta tomonidan 5 ming piyoda va mingta otliq askarni Niderlandiyaga yuborishga qaror qilindi va buning evaziga, Niderlandlarning harbiy xarajatlarini qoplash uchun ikkita qal’ani berishi kerakligini bildirdi. 1585 yil 29 oktyabrda Niderlandiyaga qirolichaning favoriti bo‘lgan graf Leyster boshchiligida Angliya armiyasi yuborildi. SHu vaqtdan boshlab Angliya bilan Ispaniya o‘rtasida ochiq urush boshlandi. Ammo Elizaveta I armiyasi Niderlandiya hududida hech qanday keskin harakat qilgan emas.
Leyster juda tezda o‘ziga berilgan vakolatni kuchaytirib yubordi. U Niderlandiya ustidan protektorlik unvonini qabul qildi. Bundan g‘azablangan qirolicha shtatlarga norozilik xatini yubordi. Gersog Parmskiy esa qulay vaziyatdan foydalanib inglizlar bilan sulh tuzish haqida muzokoralar boshladi. SHundan so‘ng Niderlandiya inqilobchilariga Elizavetaning yordam ko‘rsatishi samimiy emasligi aniq bo‘ldi. Sulh muzokoralari natijasiz bo‘lsa-da, Filipp II Angliyaga hujum qilish uchun tayyorgarlik vaqtini uzaytirishga erishdi. Bu vaqtga kelib Ispaniya Angliyaga urush ochishdan manfaatdor edi. CHunki, ingliz qaroqchilari ispan koloniyalari sohillarini bezorilarcha talar edilar. Elizavetaning dengiz qaroqchisi Frensis Dreyk 1585 yil oxirida 25 kemadan iborat ekspeditsiya bilan Ispaniyaning Markaziy Amerikadagi koloniyalari bo‘lgan San Domingo (San-Dolingo), Kartageni (Kartaxenu) erlarini taladi, Kuba va Florida sohillarini xonavayron qildi. Dreykning bu harakatlaridan xavotirga tushgan ispan xukumati o‘zining «yangi dunyoda»gi koloniyalari taqsiridan qo‘rqa boshladi va inglizlar o‘zboshimchaligiga chek qo‘yish uchun Filipp II Angliya bilan urushga tayyorlandi. Ispaniya Angliyaga qarshi hujumni Niderlandiya hududlaridan bir vaqtda boshlashni mo‘ljallagan edi. Bundan tashqari, u Angliyada Mariya Styuart tarafdorlari bo‘lgan katoliklarning Ham qo‘zg‘olon ko‘tarishini hisobga olgan edi. Uning rejasiga ko‘ra, Agteksandr Parmskiy Londonni egallashi, Elizaveta Tyudorni qatl etishi va Angliya taxtiga ega bo‘lgan Mariya Styuartga uylanib, katolik cherkovi va Ispaniya manfaatiga mos ravishda Angliyani boshqarishi kerak edi. Mariya Styuart atrofidagi voqealarning bu tarzda rivojlanishi, katoliklar tomonidan fitnalarning ko‘payishi qirolichani Mariyadan qutulish uchun choralar izlashga majbur qildi. Ayniqsa, bu harakat 1586 yilda Mariya Styuart bilan bevosita aloqada bo‘lgan dvoryan Anton Babington boshchiligidagi katolik-fanatiklarining Elizaveta I ni o‘ldirish maqsadida uyushtirilgan fitnasi fosh bo‘lgandan so‘ng kuchaydi. Fitnachilarni qatl qilishdilar. 1586 yil sentyabr oyida, Maxfiy Kengashning 46 a’zosidan iborat komissiya tashkil qilinib, ularga Mariya ustidan sud qilish topshirildi. Mariya Styuart Norgemtonshirdagi Fateringey qal’asiga o‘tkazildi va u erda sud jarayoni boshlandi. 25 oktyabr 1586 yilda Babington boshchiligidagi qirolichaga qarshi fitnaga qatnashganlikda ayblanib Mariya Styuart sud hukmiga ko‘ra o‘lim jazosiga hukm qilindi. Ammo, Elizaveta uning yo‘qotilishini juda istasa-da, qirollar avlodidan bo‘lgan va qirolicha unvoniga ega bo‘lgan Mariyani qatl etish javobgarligini o‘ziga olishni xoqlamadi. SHu sababli, Elizaveta qatl etish to‘g‘risidagi qarorni imzolasa-da, ammo uni bajarish to‘g‘risida buyruq bermadi1.
SHunda qirolichaning ishonchli xizmatkorlaridan bo‘lgan Davinson hal qiluvchi harakatni boshladi. U 1587 yilda Mariya Styuartni Fateringey qal’asida qatl qildi. Ayrim tarixchilar Mariya Styuartning qatl etilishi Angliya uchun zaruriyat edi, degan fikrni olg‘a suradi, sababi deb tushuntiradi ular, o‘sha vaqtda progressiv bo‘lgan Angliya absolyutizmiga qarshi borgan kuchlar Mariya atrofida to‘planishgan edi. Mariya Styuart hayotligida Angliya Ispaniyaga qarshi kurashda zarur bo‘lgan ichki birlikka erisha olmas edi. Uning o‘limi to‘g‘risidagi xabar ingliz dvoryanlari va burjuaziya doiralarida xursandlik bilan kutib olindi. Londonda shaharliklar Angliyada katolikni qayta tiklash xavfidan ozod bo‘lganliklarini ko‘chalarda mash’allar yoqib va barcha qo‘ng‘iroqparni jaranglatib bayram qildilar. Elizaveta esa soxtakorlik bilan hukmni amalga oshirishga buyruq bermaganligini va Davinson hatti-harakatidan g‘azablanganligini bildirdi. Qirolicha buyrug‘i bilan Davinson sudga berildi va undan katta jarima undirildi. Qirolicha Mariya Styuartga motam e’lon qildi va uning o‘g‘li YAkov I ga kechirim so‘rab maktub yubordi. Bularning barchasi, albatta, javobgarlikdan o‘zini olib qochish edi.
XVI asrning 60 yillarida Angliyada puritanlar (lotincha «purus» «toza» so‘zidan olingan) harakati deb nomlangan diniy, siyosiy oqim vujudga keldi. Bu oqim mustahkamlangan burjua tabaqasining absolyutizm siyosatidan noroziligini aks ettiruvchi kuch edi. Dastlab puritanlar deb, anglikan cherkovining tarafdorlarini, ya’ni ularning bu cherkovni katolik sarqitlaridan tozalash uchun kurashib kelgan qismini aytishgan. Puritanlik harakati Angliyaga chetdan kirgan diniy ta’limot bo‘lib, u SHveysariyadagi kalvinizm harakatiga to‘g‘ri keladi. Ular cherkovni davlatdan alohida qilmoqchi edilar.
Tez orada ularning soni ko‘payib ketdi. Puritanlarning asosiy qismi tug‘ilib kelayotgan burjuaziya vakillari edilar va ularning ko‘pchiligi faoliyat doirasi yuzasidan kalvinizm g‘oyalari keng tarqalgan shahar va mamlakatlarda bo‘lishib, shu g‘oya ta’siriga tushgan kishilar edilar. Astasekin ular o‘zlarining anglikan cherkovidan alohida cherkov jamoalarini tuza boshladilar, ya’ni ular din sohasida o‘zlarini mustaqil qilishga kirishdilar.
Tug‘ilib kelayotgan burjuaziya cherkovni kalvinlashtirish tarafdori edi. Ular kalvinizmni Angliya parlamenti va davlatida tan oldirishga urindi.
1559 yildagi parlament majlisida cherkovga tegishli maxsus qaror qabul qilindi. Unga muvofiq Angliya cherkov ruhoniylari davlat xizmatchilari qatori qirolichaga bo‘ysunishi kerak edi. Bundan foydalangan Elizaveta I cherkovni islohot qilishga intilayotgan protestantdar va kalvinistlarga qarshi maxsus komissiya tuzdi. Komissiya cherkovlarni tekshirish bilan shug‘ullandi. Komissiya a’zolari ko‘p joylarda o‘z vakolatlarini kuchaytirib yuborganliklari sababli ko‘plab obro‘li va mashhur ruhoniylar o‘z unvonlaridan voz kechishib yangi diniy oqimni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanuvchi odsiy ruhoniylik bilan chegaralandilar1.
Elizaveta tomonidan qo‘zg‘olonni bostirish uchun 22 ming kishilik armiya bilan Irlandiyaga yuborilgan Esseks grafining ish tutishi (U qo‘zg‘olonchilar bilan yarashish to‘g‘risida muzokara olib borgan edi) qirolicha saroyini qanoatlantirmadi. Esseks grafining qirolicha buyrug‘iga zid ravishda qo‘zg‘olon rahbarlaridan bo‘lgan Tiron grafi bilan tuzgan sulhi qirolicha va saroy tomonidan davlat xoinligi deb baholandi. 1601 yilda Esseks grafi o‘lim jazosiga hukm qilindi va qatl etildi2. SHu yilning oxirida irlandlar milliy ozodlik kurashi qonga botirildi.
SHunday qilib, XII asrda boshlangan Irlandiya erlarining inglizlar tomonidan mustamlaka qilinishi XVI asrga kelib yangidan boshlandi va XVII asr boshida Irlandiya hududining Angliya tarkibiga batamom qo‘shib olinishi bilan tugadi. Irlandlar mag‘lubiyatining asosiy sababi kuchlar o‘rtasidagi muvozanatning inglizlar tomonda ekanligi va irlandlar qabilaviy yo‘lboshchilari orasidagi ichki nizolarning kuchliligida edi. Ichki nizolar uzoq vaqtlar ingliz kolonizatorlariga nisbatan irland xalqining birgalikdagi kurashiga to‘siq bo‘lib turdi va uni qiyinlashtirdi. Irlandiya erlarining Angliya tomonidan shafqatsizlik va berahmlik bilan bosib olinishi va zabt etilgan erlarda xalkdarning tarixiy an’analari, madaniyati va diniy e’tiqodining toptalishi bu erda qarshilik ko‘rsatish va milliy ozodlik harakatlarining uzoq davom etishiga olib keldi.

Xulosa
Angliya o‘z sanoatining taraqqiyoti natijasida juda ko‘p tovar mahsulotlar ishlab chiqarishga ega bo‘lib, XVI asr davomida tashqi savdo – sotiq ishlarini keng ko‘lamda rivojlantirib yubordi. Evropaning turli bozorlarini, shuningdek, mustamlakalarini ham movut bilan ta’minlashni ingliz savdogarlari o‘z qo‘llariga oldilar. Angliyada kemasozlik ham juda tez sur’atlar bilan o‘sdi.
Angliya absolyutizmining qaror topishida bir asrdan ortiqroq xukmronlik qilgan (1485 – 1603 yy.) Tyudorlar sulolasi katta rol o‘ynadi. Qirollar shakllanayotgan yangi ijtimoiy kuchlar madadidan foydalanib, tashqi va ichki dushmanlarga qarshi kurash olib bordi. Katolik cherkovini qayta tiklash maqsadida yuborilgan Ispaniya floti - «Engilmas armada» ni tor – mor qildi. Bu g‘alaba esa o‘z navbatida Angliyaning jahon bozoriga chiqishi va mustamlakalarni qo‘lga kiritishiga imkoniyat yaratdi.
XVI asrda va XVII asrning birinchi yarmida Tyudorlar davri uzoq ijtimoiy munosabatlar keskinlashgan davrni boshdan kechirdi. Bu davrdagi eng yirik ijtimoiy-siyosiy va diniy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zgarish cherkovning yuqoridan turib islohot qilinishi va uning milliy, ya’ni anglikan cherkovga aylanishi bo‘ldi.
Elizaveta I ning cherkovga munosabatida Mariya Styuartning qatl qilinishi alohida masala hisoblanadi.. Ispaniya bilan dengiz hukmronligi uchun kurash, aytib o‘tganimizdek, Angliyada reaksion feodal elementlar bilan absolyut hukumat o‘rtasidagi ichki kurashlar bilan ham bog‘lanib ketdi. Feodal muxolifat katolik cherkoviga sadoqatini namoyon qilib cherkov islohotlarini tan olmadi. Elizaveta mamlakatda protestantizmni uning mo‘‘tadil anglikan ko‘rinishida tikladi. Uning davridagi ingliz jamiyatidagi muhim ijobiy siljishlaridan biri selebat (ruhoniylarning uylanmasligi)ning bekor qilinishi va ruhoniylarga uylanishga ruxsat berilishi bo‘ldi. Elizaveta anglikan cherkovi ruhoniylarini juda tez va qo‘pol usullar bilan o‘ziga bo‘ysundiradi. Qirolichaning ularga munosabati uslublarini uning xatlari orqali bilish mumkin.
Elizaveta mamlakatda protestantizmni uning mo‘‘tadil anglikan ko‘rinishida tikladi. Uning davridagi ingliz jamiyatidagi muhim ijobiy siljishlaridan biri selebat (ruhoniylarning uylanmasligi)ning bekor qilinishi va ruhoniylarga uylanishga ruxsat berilishi bo‘ldi. Elizaveta anglikan cherkovi ruhoniylarini juda tez va qo‘pol usullar bilan o‘ziga bo‘ysundiradi.
XVI asrda Angliyada o‘tkazilgan cherkov islohotidan keyin ingliz cherkovi katolik cherkovi bilan protestantlik cherkovi o‘rtasidagi vaziyatni egalladi.
Reformatsiya natijasida cherkov erlarining musodara qilinishi g‘oyat katta ijtimoiy oqibatlarni keltirib chiqardi. O‘rta darajadagi harbiylar, puldor dvoryanlar va qisman tug‘ilib kelayotgan burjuaziyadan iborat yangi mulkdorlar sekulyarizatsiyalashtirilgan mulklardan juda boyib ketdilar.
Tyudorlar xonadonininghokimiyatga kelishi bilan bog‘liq yana bir ijobiy jarayon bu Angliyada feodal tarqoqlikka xotima berilishi bo‘ldi. Bu xonadonning dastlabki vakili Genrix VII taxtga o‘tirishi bilan tug‘ilib kelayotgan ishbilarmon tadbirkor toifaga (tarixiy adabiyotlarda ular ko‘proq «burjuaziya» nomi bilan uchraydi) tayanib, markazlashgan hokimiyat o‘rnatdi. Genrix VIII esa Angliyani Rim papasiga qaramlikdan qutqardi.
XVI asr boshidagi pauperizm va daydilikning ko‘payishi Angliyada dehqonlarning zo‘rlik yo‘li bilan qashshoqlashishi natijasida yuz berdi.
XII asrda boshlangan Irlandiya erlarining inglizlar tomonidan mustamlaka qilinishi XVI asrga kelib yangidan boshlandi va XVII asr boshida Irlandiya hududining Angliya tarkibiga batamom qo‘shib olinishi bilan tugadi.

Yüklə 202,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin