LOTIN AMERIKASINING TABIIY RESURSLARI VA UNING IQTISODIY
RIVOJLANISHGA TA’SIRI
Dunyoning yirik siyosiy-geografik mintaqalaridan biri – Lotin Amerikasi –
Yerning G‘arbiy yarimsharida joylashgan bo‘lib, Amerika qit’asidagi AQSH,
Kanada davlatlari va Grenlandiya orolidan tashqari barcha mamlakatlarni o‘z ichiga
oladi. Aholisining aksariyat qismi qadimgi lotin tili negizida vujudga kelgan ispan
va portugal tillarida so‘zlashayotganligi bois bu mintaqa Lotin Amerikasi deb
ataladi. Lotin Amerikasining siyosiy xaritasida hozirgi kunda 33 ta mustaqil davlat
hamda qator mustamlakalar mavjud. Uning hududida bir necha kichikroq
mintaqalar ham ajratiladi. Jumladan, Shimoliy Amerika materigining AQSHdan
janubdagi qismi va Karib dengizidagi orollarda joylashgan davlatlar O‘rta Amerika
(Mezoamerika) mintaqasini tashkil etadi. Bu regiondagi davlatlar orasida hududi,
aholisi va iqtisodiy salohiyati bilan Meksika alohida ajralib turadi. O‘rta
Amerikaning Meksikadan boshqa davlatlari Karib dengizi akvatoriyasi, uning tabiiy
resurslari va transport yo‘llari bilan tarixan chambarchas bog‘liqligi sababli, Karib
havzasi davlatlari deb ham yuritiladi. Materikda, Meksikadan janubi-sharqqa tomon
joylashgan 7 ta davlat (Beliz, Gvatemala, Salvador, Gonduras, Nikaragua, Kosta-
Rika, Panama) Markaziy Amerika deb nomlanadi. Karib dengizidagi 13 ta orol
mamlakatlar,o‘z navbatida, Vest-Indiya umumiy nomi ostida birlashtiriladi. Janubiy
Amerika materigida esa 12 ta mustaqil davlat va 1 ta mustamlaka (Fransiya
Gvianasi) joylashgan. Janubiy Amerikada Lotin Amerikasidagi okeanga chiqish
imkoniyati bo‘lmagan 2 ta davlat joylashgan bo‘lib, bular Boliviya va Paragvaydir.
Lotin Amerikasining ba’zi davlatlari turli foydali qazilmalarining jahon
xo‘jaligi miqyosida ahamiyatli zaxiralariga ega. Jumladan, neft-gaz resurslariga
Venesuela, Meksika, temir rudalariga Braziliya, Kuba, Venesuela, boksit
(alyuminiy) rudalariga Yamayka, Braziliya,Venesuela, Gayana, Surinam, misga
Chili, Peru, nikelga Kuba, litiy, qalay va mineral tuzlariga Boliviya, tabiiy selitraga
Chili, qimmatbaho toshlarga Kolumbiya boy hisoblanadi. Hududi asosan issiq iqlim
mintaqalarida joylashganligi bois Lotin Amerikasi agroiqlim resurslariga boy,
dehqonchilik ishlari esa bu yerda yil bo‘yi davom etadi. Lekin O‘rta Amerikada
tropik to‘fonlar tez-tez sodir bo‘lib, aholi va xo‘jalikka katta ziyon yetkazadi. Iqlimi
sernamligi hisobiga Lotin Amerikasi suv va gidroenergiya resurslari bilan yaxshi
ta’minlangan. Mintaqadagi qator davlatlar o‘rmon resurslariga juda boy, bu borada
Braziliya, Kolumbiya, Venesuela yetakchi hisoblanadi. Kofe eksporti bo‘yicha
jahonda Braziliya yetakchilik qiladi. Braziliya yassitog‘ligining janubi-sharqiy
yonbag‘irlarida kofe plantatsiyalari katta maydon egallaydi. Meksika qo‘ltig‘i va
Karib dengiziga ro‘para bo‘lib turgan Meksika, Markaziy Amerika davlatlari va
Kolumbiyaning tog‘ oldi (500–1500m) hududlarida ham kofe yetishtirishga
ixtisoslashgan yirik qishloq xo‘jalik rayonlari shakllantirilgan.
|