CHILI DAVLATINING IQTISODIY-GEOGRAFIK O‘RNI, TABIIY RESURSLARI, AHOLISI VA XO‘JALIGI Chili, Chili Respublikasi (isp. República
de Chile) — Janubiy Amerikaning janubi-
gʻarbida joylashgan davlat. Maydoni 756,9
ming km². Aholisi 15,824 mln. kishi (2003).
Poytaxti – Santyago shahri. Maʼmuriy jihatdan
13 viloyat (region), jumladan, Santyago
poytaxt viloyatiga boʻlinadi. Chili shimolidan
janubiga Tinch okean sohili boʻylab 4300 km
ga choʻzilgan, hududining katta qismini And
togʻlari (balandligi 6880 m gacha), shimolini Atakama choʻli egallagan. Aholisining
90% chililar. Mamlakatning tub aholisi araukan, kechua va aymara indeyslaridir.
Rasmiy til – ispan tili. Dindorlarning aksariyati katoliklar. Shahar aholisi 86%. Yirik
shaharlari – Santyago, Valparaiso, VinyadelMar. Chili Lotin Amerikasidagi
iktisodiy jihatdan nisbatan rivojlangan mamlakatlardan biri. Yalpi ichki mahsulotda
qishloq xoʻjaligi va baliq ovlash ulushi 6,4%, sanoatniki 38,8%, xizmat koʻrsatish
tarmogʻiniki 54,8% ni tashkil etadi. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi
dehqonchilik. Bugʻdoy, arpa, makkajoʻxori, kartoshka, dukkakli don ekinlari
ekiladi. Bogdorchilik (olma, sitrus mevalar, shaftoli) va tokchilik rivojlangan. Qand
lavlagi, zigir, tamaki, zaytun yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, qoʻy, echki,
choʻchqa, yilqi boqiladi. Yirik shaharlar atrofida sut chorvachiligi rivojlangan.
Dengizdan baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi. Oʻrmonda yogʻoch tayyorlanadi.
Chili mis qazib olish boʻyicha dunyoda oldingi oʻrinlarda turadi (yiliga oʻrtacha
2488 ming t). Shuningdek, tabiiy selitra, molibden, neft, temir rudasi, oltin, kumush,
tabiiy gaz, toshkoʻmir qazib olinadi. Yiliga oʻrtacha 25,2 mlrd. kVtsoat elektr
energiyasi hosil qilinadi. Sanoatning oziq-ovqat va yengil sanoat tarmogʻi
rivojlangan. Mashinasozlik, qora va rangli metallurgiya, kimyo, neftni qayta ishlash,
neft kimyosi, sellyulozaqogʻoz sanoati rivojlanmoqda. Chili hududida mis, tabiiy
selitra, molibden, sof oltingugurt, temir rudasi, marganets, qoʻrgʻoshin, oltin,
kumush, toshkoʻmir, rux, barit, neft, gaz konlari bor
.
Mamlakat ichkarisida yuk tashishda avtomobil transporti yetakchi oʻrinda.
Avtomobil yoʻllari uz. 79,8 ming km. Transport yoʻlining uzunligi 6,6 ming km.
Tashqi savdo aylanmasining asosiy qismi dengiz transportiga toʻgʻri keladi. Muhim
dengiz portlari: Uasko, Valparaiso, Tokopilya. Santyago shahrida xalqaro aeroport
bor. Chili chetga mis, baliq va dengiz mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari,
selitra, qogʻoz, yod chiqaradi; chetdan neft, kimyo buyumlari, elektron va mashina
jihozlari oladi. Tashqi savdoda AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Argentina,
Braziliya, Yaponiya,Meksika bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi – chili pesosi.