U.Petti ishchining daromadi sifatidagi ish haqini mehnatning bahosi deb hisobladi va uning darajasini ishchining yashashi uchun zarur bo’lgan vositalar minimumi bilan ifodaladi. U.Petti, har bir ishchi «yashash, mehnat qilish va ko’payishi uchun» kerakli narsani olsa bas, degan xulosaga keldi. Buni u nazariy jihatdan isbotlab bermoqchi bo’ldi: agar ishchiga ko’rsatilgan minimumdan ikki baravar ko’p haq to’lansa, u chog’da ishchi ikki marta kamroq ishlaydi. bu esa jamiyat uchun shuncha miqdordagi mehnat boy berilganini bildiradi. U.Pettining ish haqi to’g’risidagi mazkur qoidasi «klassik maktabning» ko’pchilik vakillari nazariy tadqiqotlarining asosini tashkil etdi. Masalan, U.Pettidan keyin, D.Rikardo va T.Maltus ish haqini ishchi mehnatining bahosi sifatida tavsiflab, uni ishchining va uning oilasining yashashi uchun zarur bo’lgan vositalar minimumi bilan bog’lab tushuntirganlar.