F.Kenening nazariy merosida uning sof mahsulot (hozir uni milliy daromad deb atashadi) to’g’risidagi ta’limoti muhim o’rin egallaydi. Uning fikriga ko’ra, sof mahsulotning manbai yer va unga sarflangan qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishida band bo’lgan kishilarning mehnati hisoblanadi. Demak, boylikning (sof mahsulot) ko’payishi qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi bilan bog’liq bo’lgan «yer in’omidir». Shu bois, davlat sanoatni emas, balki qishloq xo’jaligini rag’batlantirish to’g’risida g’amxo’rlik qilishi kerak. F.Kene: «Dehqonlar kambag’al bo’lsa, qirollik kambag’al bo’ladi, qirollik kambag’al bo’lsa qirol kambag’al bo’ladi», deb hukumatni ishontirishga harakat qilgan. Savdo va sanoat boylik yaratmaydi, negaki savdogar va hunarmandlar qishloq xo’jaligida yaratilgan boylikni faqat bir joydan ikkinchi bir joyga etkazish va o’zgartirish bilan shug’ullanadi. Shuning uchun savdo va sanoat «unumsiz» hisoblanadi.
Kapital nazariyasi. Iqtisodiy fikrlar tarixida kapital to’g’risidagi birinchi chuqur nazariy tushunchani F.Kene ilgari surdi.
U «avanslar» tushunchasini qo’lladi.
U iqtisodiy tafakkur tarixida birinchi marta kapitalning moddiy shaklini tahlil qilib, uning tarkibiy qismlarini ajratib ko'rsatdi..
Bundan tashqari, u aylanma kapital bilan birga asosiy kapital ham harakatda bo’lishini ishonarli tarzda isbotlab berdi.
Uning atamasi bo’yicha qishloq xo’jaligi qurollari, qurilishlari, mollari, hayvonlari va dehqonchilikda bir necha ishlab chiqarish tsikllarida foydalaniladigan barcha narsalar «dastlabki avanslar» deyiladi (Hozirgi zamon atamasi bo’yicha – asosiy kapital). Bir ishlab chiqarish tsiklida ishlatiladigan urug’lik, yem-xashak, ishchilarning mehnat haqi va boshqalarni u «har yilgi avanslar»ga kiritdi (Hozirgi zamon atamasi bo’yicha – aylanma kapital). Ammo F.Kenening xizmati faqat kapitalni ishlab chiqarishdagi mavqeiga ko’ra asosiy va aylanma kapitallarga bo’lishdangina iborat emas.