OʼQUVCHILАRDА LINGVISTIK KOMPETENTSIYALАRNI
RIVOJLАNTIRISHDА ONА TILI FАNI MАVZULАRINI HАYOTGА
BOGʼLАB TUSHUNTIRISHNING АHАMIYATI
Muhayyo KENJAYEVA
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti
“Boshlangʼich taʼlim fanlari” kafedrasi oʼqituvchisi
Аnnotatsiya: Ushbu maqolada oʼquvchilarning ona tili fanidan mustaqil va
ijodiy fikrlashlari, past oʼzlashtiruvchi va iqtidorli oʼquvchilar bilan ishlash,
tilshunoslik fanining morfologiya boʼlimidagi mavzularni hayotga bogʼlab
tushuntirishning ahamiyati toʼgʼrisida fikr yuritilgan.
Kalit soʼzlar: Kompetentsiya, morfologiya, mustaqil va yordamchi soʼzlar,
hayotga bogʼliq misollar
Jamiyat taraqqiyotida barcha fanlarning, ayniqsa, ona tili fanining ahamiyati
beqiyos. Ona tili fanida oʼquvchilarga mustaqil va ijodiy fikrlash, nutqni oʼstirish,
vaziyatga mos ravishda ogʼzaki va yozma shakllarda toʼgʼri, ravon va aniq ifodalash
koʼnikmalari rivojlantiriladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktyabrdagi
“Mamlakatimizda oʼzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini
takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PF-6084-sonli Farmonda ham
oʼzbek tiliga boʼlgan eʼtibor kuchaytirilishi alohida taʼkidlangan.
Barchamizga maʼlumki, bir necha bosqichli taʼlim tizimini joriy etishga qaratilgan
“Taʼlim toʼgʼrisida”gi qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hujjatlari
taʼlim tizimini keng isloh qilish, uzluksiz taʼlim tizimini barpo etish, taʼlim
283
mazmunini tubdan yangilash va taʼlim-tarbiya jarayonining sifatini oshirishda
muhim ahamiyat kasb etadi. Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2017-yil 6 apreldagi 187-sonli qarori bilan “Umumiy oʼrta, oʼrta maxsus, kasb-
hunar taʼlimining davlat taʼlim standartlari” tasdiqlandi.Ushbu qaror boʼyicha
umumiy oʼrta taʼlimning davlat dasturi ishlab chiqildi. Dasturda barcha fanlarga
tegishli tayanch kompetentsiya va xar bir fanlarga doir kompetentsiyalarni
shakllantirish berilgan.
Bugungi kunda ona tili taʼlim jarayoniga kompetentlik tushunchasining
kiritilishi nazariy bilim bilan amaliyotda foydalanishning ahamiyatli jihatlarini
bilish nazarda tutilgan.Oʼquvchi nazariy bilimga ega boʼlgan holda, muammoli
vaziyatlarni, qiynalish holatlarini bartaraf qiladi. Darhaqiqat, fanda hal etilgan
muammolar kelajak avlodga yetkazish uchun bevosita taʼlim jarayoniga
qoʼchiriladi. Umumiy oʼrta taʼlim muassasalarda oʼquvchi shaxsini rivojlantirish,
kelajak hayotga tayyorlashda ona tili fanini mukammal oʼrgatish, ogʼzaki va yozma
nutqini shakllantirish asosiy oʼrinda turadi.
K.D.Ushinskiy oʼquv predmetlari tizimida ona tiliga katta ahamiyat berib,
shunday taʼriflaydi: “Аjoyib oʼqituvchi boʼlgan ona tili bolaga koʼp narsani
oʼrgatadi....Bola ikki – uch yil ichida shuncha koʼp narsani oʼrganadiki, koʼp narsa
bilib oladiki, yigirma yil qunt bilan va usul jihatdan juda toʼgʼri oʼqiganda ham
uning yarmicha oʼrgana olmaydi. Ona tilining ulugʼ pedagogligi ham ana
shundadir”.
Ona tilini yaxshi bilgan oʼquvchi tarbiya vositalardan biri boʼlgan yuksak
gʼoyaviy va badiiy adabiyotlarni oʼqish imkoniyatiga ega boʼladi. Shu bois
oʼqituvchi ona tili fanidan berilgan mavzularni hayotga bogʼlagan holda, hayotiy
misollar orqali dars jarayonida, darsdan tashqari toʼgaraklarda tushuntirishi,
izohlashi kerak.
Bu jarayonda quyidagi maqsadlar koʼzda tutilgan:
- oʼquvchilarda ilmiy dunyoqarash qobiliyatlari rivojlantiriladi;
- mavzularni tabiatga, hayotga oid misollar orqali tushuntirish oʼquvchining esda
saqlash qobiliyatini shakllantiradi;
- taʼlim jarayonida ona tili faniga doir bilimlar izchilligini taʼminlash orqali
oʼquvchining muloqot madaniyati (kommunikativ kompetentsiya), ijtimoiy faol
fuqarolik va lingvistik kompetentsiyalari rivojlantiriladi.
Hozirda oʼqituvchilar oʼquvchilar bilan muntazam shugʼullanib, toʼgarak
mashgʼulotlarida “past oʼzlashtiruvchi” va “iqtidorli oʼquvchilar” bilan muntazam
ish olib borishmoqda. Bu esa oʼquvchilarning bilim samaradorligini oshirishda
yaxshi natija bermoqda. Shu sababli ona tili fanidan berilgan mavzularni hayotga
bogʼlab tushuntirishning ahamiyati katta, chunki oʼquvchilarga toʼgarak
mashgʼulotlarda mavzular yanada soddalashtirib beriladi. Bunday hayotiy misollar
284
orqali mavzularni tushuntirishda oʼqituvchidan ijodkorlik, oʼquvchilarning yoshi va
shaxsiy-psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda yetkazib bera olishi,
oʼquvchilarni oʼylashga, izlanishga yoʼnaltirishni talab etadi.
Maʼlumki, morfologiya grammatikaning bir qismi boʼlib, unda soʼzning shakllari,
hosil boʼlish yoʼllari va soʼzlarning maʼlum belgilar asosida guruhlarga, yaʼni soʼz
turkumlarga boʼlinishi oʼrganiladi. Morfologiya grekcha soʼz boʼlib, “morfos” soʼz,
“logos” taʼlimot maʼnolarini anglatadi.Yaʼni soʼz shakllari haqida maʼlumot
beruvchi boʼlim sanaladi. Oʼquvchilarga morfologiya boʼlimidagi mavzular dastlab
boshlangʼich sinflarda beriladi. Maktabda morfologiya oʼqitishning ham ilmiy, ham
amaliy ahamiyati bor. Mustaqil soʼz turkumlari va yordamchi soʼz turkumining
aksariyati boshlangʼich sinf ona tili fanida, hamda 5-6 sinf ona tili darsligida
oʼrganiladi.
Morfologiya boʼlimida oʼrganiluvchi “Mustaqil soʼzlar” va “Yordamchi
soʼzlar” mavzusining berilishi quyidagicha:
-
Аtash maʼnosiga ega boʼlgan, maʼlum soʼroqlarga javob boʼluvchi, gap boʼlagi
vazifasida keladigan soʼzlarga mustaqil soʼzlar deyiladi.
-
Аtash maʼnosiga ega boʼlmagan, maʼlum soʼroqlarga javob boʼlmaydigan gap
boʼlagi vazifasida kela olmaydigan soʼzlarga yordamchi soʼzlar deyiladi.Yordamchi
soʼzlar mustaqil soʼzlarni bogʼlashda, tobelantirishda xizmat qiladi
Ushbu mavzularni 5-sinf oʼquvchilariga tushuntirishda hayotga bogʼlagan
holda misollar orqali yoritilsa yanada yaxshi boʼladi. Mavzuning qoidalaridan kelib
chiqqan holda misollarni taqqoslash oʼquvchilar uchun qiziqish uygʼotadi
Masalan, ota-onani mustaqil soʼz deb olsak, ular mustaqil ishlay oladi,
mustaqil tarbiyalaydi, farzandlariga masʼul boʼluvchi shaxslardir.
Yordamchi soʼzlar bu-farzandlar, yaʼni mustaqil ishlay olmaydi, mustaqil
tarbiyalamaydi, faqat ota – onaga yordam beruvchilardir.
Mustaqil soʼzlar: ot,sifat,son,olmosh,ravish, feʼl soʼz turkumlaridir.
Yordamchi soʼzlar: bogʼlovchi , koʼmakchi , yuklamalardir.
Masalan: bola , inson, tikuvchi, kitob, bayroq kim? nima?
Yashil, sariq, shirin, odobli, qanday?
Oʼnta, uchinchi, beshinchi, nechta? nechanchi?
bordi, yugurdi, aytdi, nima qildi ?
oz, koʼp, ancha, kecha, bugun, tez, qachon? qancha? qanday?
men, sen, biz, siz, ular, oʼsha, bu, kim?, qaysi?... mustaqil soʼzlar
Masalan: va , bilan,ham, ammo, biroq , balki, lekin , goh-goh, yo-yo, -u,-yu,-da, -ku,
-mi, -chi, -a ,-ya ,faqat, chunki kabi, sari, sayin, orqali, uchun yordamchi soʼzlar
hisoblanadi.
Bogʼlovchi – Uyushiq boʼlaklarni va qoʼshma gap tarkibidagi sodda gaplarni bir-
biriga bogʼlash uchun xizmat qiladigan yordamchi soʼzlar bogʼlovchi sanaladi.
285
Bogʼlovchi gap boʼlagi vazifasida kelmaydi. Ular quyidagilar: va, bilan, ham,
ammo, lekin, biroq, balki, negaki, chunki, goh-goh, dam-dam, baʼzan-baʼzan, yo-yo.
Quvnoq va shoʼx kuylarga joydir, goʼzal Vatanim. (va –bogʼlovchi)
Tanalaridagi ozgina namlik bilan ularga hayot baxsh eta boshladi, ammo kunlar
oʼtgan sari bargchalar kattalashib,koʼproq suv,koʼproq oziq-ovqat soʼray boshlashdi.
(ammao- bogʼlovchi). Mustaqil soʼzlar bogʼlovchilar yordamida oʼzaro teng
bogʼlangan.
Bogʼlovchi mavzusining nomlanishiga eʼtiborni qaratamiz. Bogʼlovchi nima? U
nimani bogʼlaydi? Misollar orqali yoritganda, bogʼichni yaʼni oyoq kiyimni
mustahkam bogʼlovchi vosita deb olsak. Bogʼich oyoq kiyimning har ikkala
tomonini mustahkam va teng bogʼlaydi. Bogʼich har ikkala tomonni bogʼlash bilan
birga oyoqda mustahkam turishida xizmat qiladi. Mavzuga qiyoslaydigan boʼlsak,
bogʼlovchi mustaqil soʼzlarni bogʼlashda xizmat qilsa, bogʼich esa oyoq kiyimning
ikkala tomonini teng bogʼlashda xizmat qiladi.
Koʼmakchi - otlarning boshqa soʼzlarga tobe bogʼlanishi uchun xizmat
qiladigan yordamchi soʼzlarga koʼmakchilar deyiladi. Koʼmakchilar koʼpincha
otlarni feʼlga bogʼlab keladi. Koʼmakchilar: sari, sayin, orqali, kabi, uchun, tufayli,
soʼng, koʼra, tomon, boʼylab, haqida soʼzlari bilan ifodalanadi. Masalan: Shahar
tomon ketdi. Daryo boʼylab yurdi. (tomon, boʼylab – koʼmakchi)
Dastlab koʼmakchi soʼziga eʼtiborni qaratamiz.
Koʼmakchi soʼzi, koʼmak bermoq, koʼmaklashmoq, yordamlashmoq
maʼnosida keladi. Hayotiy misollar orqali tushuntirsak, ish va yumushlarda yordam
berish, koʼmaklashish nazarda tutiladi. Masalan: Odil doʼstiga koʼchatlarni ekish va
daraxtlarni oqlashda yordam berdi.
Demak bir inson ikkinchi insonga koʼmaklashgani singari koʼmakchilar ham
otni feʼlga, otni sifatga, otni ravishga tobelantirib bogʼlashda koʼmaklashadi. Ona
kabi mehribon - otni sifatga, mustaqillik haqida gaplashdik – otni feʼlga bogʼlashda
koʼmakchi ishtirok etayapti.
Ona tili fanidagi mavzularni darsdan tashqari toʼgaraklarda hayotga bogʼliq
misollar orqali tushuntirishning mohiyati shundaki, oʼquvchilarni fikrlashga
oʼrgatadi, aniq fikr va materiallarni oʼrganib, mulohaza yuritishni, fikr bildirishni
taʼminlaydi, oʼquvchilarni izlanishga, qidirib topishga va oʼzi mustaqil fikrga ega
boʼla olishini, taʼlim jarayonida boshqa ishtirokchilar bilan munosabat va
hamkorlikka faol kirishib ketishni oʼrgatadi.
Dostları ilə paylaş: |