97
hokimiyat tepasida turgan kuchlar va «birinchi darajali oliy rahbarlarning
maqsadlari», manfaatlariga muvofiqligiga qarab baho berilgan.
O’tgan asrning 70 yili mobaynida marksizm qoidalari, aqidalari barcha
ijtimoiy fanlarga, jumladan, falsafaga asosiy poydevor qilib olingandi. U belgilab
bergan «ilmiy yo’ldan» chiqishga, boshqacha o’ylash va fikrlashga na biron-bir
olim va ziyolining, na biron-bir faylasufning haqqi yo’q edi. Rasmiy tafakkurdan,
ta’limotdan chetga chiqish, ularga zid yo’ldan borib, erkin fikr yuritmoqchi
bo’lgan olim va ziyolilarni partiyaviy jazolash, partiyaviylik, g’oyaviylikdan
chekinishda, sinfiy xususiyatlarni yo’qotishda va boshqa kamchiliklarda ayblash
odatga aylanib qolgan edi. Bunday vaziyat, albatta, ijtimoiy fanlarning, birinchi
navbatda falsafa fanining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatdi va ijodiy
fikrlashga imkoniyat bermadi.
O’rta Osiyo mutafakkirlarining falsafiy ta’limotlari kommunistik mafkura
tomonidan kamsitilib, g’ayri-ilmiy deb baholandi, Sharq falsafasiga yetarli
e’tibor berilmadi. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, Islom dini bilan bog’liq
bo’lgan mukammal falsafiy asarlar va ta’limotlar o’qib-o’rganilmay yaroqsiz bir
meros sifatida qoralandi. Shu sababli O’rta Osiyo xalqlarining falsafiy merosini
chuqur o’rganish imkoniyatlari ham deyarli yo’qqa chiqarildi. Bahouddin
Naqshband, imom Ismoil Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Iso Termiziy, Xoja Ahror va
shunga o’xshash allomalar keskin tanqid qilindi.
O’sha zamonlarda Navoiy, Bobur, Mashrabdan va qator shoiru adiblardan
zo’r berib dahriylik, ateistik g’oyalar izlana boshlandi. Agar «topilgudek» bo’lsa,
uni yolg’on-yashiriqlarga o’rab bo’rttirib va ko’paytirib xalqqa yetkazildi. Qaysi
bir shoiru adibdan dahriylikni topishmasa, ularni tarkidunyochi, ezuvchi sinf
himoyachisi, deb haqoratlandi. Eng achinarlisi shundan iborat bo’ldiki, Qur’oni
Karim va hadisi sharif, So’fi Ollayor, Sulaymon Boqirg’oniy, Huvaydo, Yusuf
Saryomiy, Cho’lpon, Fitrat, Behbudiy, Usmon Nosir singari buyuk alloma va
adiblarning asarlari «diniy g’oyalar bilan sug’orilganligi», «millatchilik ruhida
bo’lganligi» uchun foydalanishga ruxsat etilmadi.
|