99
yodgorliklari hamda qadriyatlarini har tomonlama o’rganish va xalqimizga
yetkazish borasida ham juda katta kuch sarfladilar. Ular Abu Ali ibn Sinoning besh
tomlik «Tib qonunlari»ni, buyuk faylasuf olim Abu Nasr Forobiyning «Ilmlarning
kelib chiqishi to’g’risida», «Fozil odamlar shahri», Abu Rayhon Beruniyning
«O’tmish avlodlardan qolgan yodgorliklar», «Hindiston», «Geodeziya», «Qonuni
Mas’udiy» asarlari, Narshaxiy, Bayhaqiy va boshqa mutafakkirlarning asarlarini
o’rganish, o’zbek tiliga tarjima qilishda faol ishtirok etdilar.
Xullas, o’zbekistonlik faylasuf olimlarning tazyiqu-dashnomlarga qaramay,
olib borgan chuqur ilmiy-tadqiqotlari natijasida Sharqda, xususan, O’rta Osiyoda
ijtimoiy-falsafiy fikr o’zining uzoq tarixiga ega ekanligi, donishmand bobomiz
Amir Temur va temuriylar davrida o’lkamizda ilm-fan, falsafa, diniy, axloqiy
qadriyatlar, madaniyat, ma’naviyat, ma’rifat gullab-yashnaganligi, Sharq
G’arbdagi uyg’onish davri uchun ilmiy zamin yaratib berganligini inkor etib
bo’lmaydigan dalillar asosida isbot qilindi.
Tobelik va qaramlikka asoslangan totalitar-buyruqbozlik tuzumi tugab,
O’zbekistonda davlat mustaqilligiga erishilgandan keyin, falsafa fani
taraqqiyoti uchun ilgari bo’lmagan yangi imkoniyat va shart-sharoitlar yuzaga
keldi. Falsafa fanini siyosiy mafkuralardan holi fan sifatida o’rganish, falsafiy
muammolarni haqiqiy, xolis va odilona tadqiq etish, sinfiylik va partiyaviylik
illatlaridan batamom qutilib, umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligiga asoslanib,
rivojlantirish imkoniyatlari tug’ildi.
Yangi tarixiy sharoitda falsafa fanining nazariy asoslarini yangilash, yangi
g’oyalar bilan boyitish zaruriyati kun tartibida paydo bo’ldi. Davlatimiz
rahbarlari asarlarida ijtimoiy fanlar vakillari, faylasuf olimlar oldida turgan
ulkan vazifalar belgilab berildi. Boy ma’naviy merosimiz, xalqimizning tarixiy,
axloqiy, falsafiy qadriyatlarini, dono fikrlarini o’rganish, asrash, ulardan ijodiy,
oqilona foydalanish buyuk aql sohiblarining merosiy asarlarini sinchiklab
o’rganish, nashrga tayyorlash, yosh avlodlar ongiga singdirish olimlar, birinchi
navbatda, faylasuflarning vazifasidir.
|