14
Dunyoqarash
esa, kishilarning olam va uning o’zgarishi, rivojlanishi haqidagi
ilmiy, falsafiy, siyosiy, huquqiy, axloqiy, estetik, diniy va hokazo qarashlari va
tasavvurlari majmuasidan iborat. Demak, dunyoqarash - olam haqidagi yaxlit
umumiylashtirilgan bilimlar to’plamidir. Kishilar tevarak atrofdagi narsa va
hodisalar to’g’risida qancha ma’lumotlarga, bilimga ega bo’lsa, ularning
dunyoqarashi ham shu darajada mukammal va puxta bo’ladi.
Dunyoqarashning yana bir muhim tomoni shundan iboratki, u insonni
qurshab turgan voqelikni anglash, tushunish bilan bir qatorda uni baholashi hamdir.
Ilmiy bilimlar dunyoqarash tarkibiga qo’shilib baholangach, insonning
tevarak-atrofdagi ijtimoiy va tabiiy reallikda bevosita amaliy yo’l tutish maqsadiga
xizmat qiladi. Bundan kurinib turibdiki, dunyoqarash insonning dunyodagi o’z o’rni
va rolini belgilab beradigan, ongli ravishda to’plangan, izohlangan va baholangan
bilimlar majmuidir.
Dunyoqarash tarkibiga kishilarning olamni bilish va baholashga oid bo’lgan
ishonch va e’tiqodlari, maqsadlari, ideallari, orzu-umidlari, ular faoliyatiga ma’lum
yo’nalish beruvchi barcha qadriyatlar ham kiradi.
Dunyoqarashning sub’ektini ayrim kishilar, ijtimoiy guruhlar, sinflar, siyosiy
partiyalar, jamiyatni harakatlantiruvchi turli ommaviy kuchlar, davlatlar tashkil
etadi. Ular o’z manfaatlaridan kelib chiqib, voqelikdagi jarayonlarga turlicha
yondashadi, baholaydi va ta’sir ko’rsatadi.
Shunday qilib, dunyoqarash kishilarda olam haqida yaxlit umumlashtirilgan
bilimlar, g’oyalar turkumini hosil qiladigan, ularni o’z orzu-umidlari, ideallari
maqsadidan kelib chiqib baholaydigan va shunga qarab hayotdagi o’z o’rnini, amaliy
faoliyat yo’nalishlarini, maqsadlarini aniqlab olishga imkoniyat beradigan ko’p
qirrali va sermazmun tushunchadir.
Dunyoqarash tushunchasi, «dunyoni his qilish», «dunyoni tushunish»
iboralari bilan uzviy bog’liqdir. Bu bejiz emas, albatta. Olamdagi narsa va hodisalar
bizning hissiy organlarimiz orqali kishilarda turli-tuman hissiyotlarni, kayfiyatlarni
yuzaga keltiradi. Ular bizning tafakkurimiz yordamida mujassamlashtiriladi va
|