191 tarixi bilan jamiyat tarixida dialektik birlikda, ta’sir va aks ta’sirdadir. Ularni bir-
biridan ajratish mumkin emas. Alohida inson ham, umuman jamiyat va insoniyat
dunyosi ham nazariy, jismoniy, amaliy jihatdan tabiat bilan uzviy aloqadorlikda
yashaydi.
Tabiat-tabiiy resurslar manbaidir. Tabiiy resurslar ya’ni, nafas olinadigan
havo, ichiladigan suv, har xil xom ashyolar bo’lmasa inson, jamiyat yashay
olmaydi, san’at, qishloq xo’jaligi va madaniyatni yuksaltirib bo’lmaydi. Tabiat
biz uchun moddiy ne’matlarning birinchi manbai sifatida ham sog’liq, shodlik,
hayot qiziqishining va har bir kishidagi ma’naviy boyliklarning bitmas-tuganmas
manbai sifatida ham o’zining g’oyat zo’r ahamiyatini hech qachon yo’qotmaydi.
Tabiatning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri bo’lgan yer insonlarning
oziq-ovqat manbai, uning dastlabki mehnat vositalarining xazinasidir. yer
insonni boqadi, ingliz olimi Vilyam Petti aytganidek, mehnat boylikning “otasi”
bo’lsa, yer uning “onasi”dir. Odamlar bir necha ming yillar davomida uning issiq
bag’rida undi, voyaga yetdi. Insonning kundalik hayoti va sevinchlari ham yer
tufaylidir. Shunday ekan, inson uchun g’oyat darajada muhim va zarur bo’lgan
yerni e’zozlamaslik mumkin emas.
Kishilarning moddiy ne’matlar ishlab chiqarishi uchun muayyan tabiiy
sharoitlar talab qilinadi. Tabiatning jamiyat bilan yaqindan aloqa bog’laydigan,
uning taraqqiyotiga ma’lum darajada ta’sir ko’rsatadigan qismi tabiiy muhit deb
ataladi. yer va yer osti boyliklari, daryolar, iqlim va boshqa shu kabilar tabiiy
muhitni tashkil etadi.
Tabiiy muhit jamiyat taraqqiyotiga ta’sir etuvchi omil sifatida ikki katta
turkumga bo’linadi. Ulardan biri tirikchilik vositalaridan iborat tabiiy boyliklar,
ya’ni yerning hosildorligi, o’rmonlarda hayvonlar, suvda baliqlarning ko’pligidan
iborat bo’lsa, ikkinchisi mehnat vositalari (mavjud sharoitlar, kema qatnaydigan
daryolar, daraxtlar, ko’mir, neft, gaz va boshqalar)dir. Kishilik jamiyatining
boshlang’ich davrida tashqi tabiiy sharoitlarning birinchi xil, jamiyat
taraqqiyotining yuqori bosqichida ikkinchi xili hal qiluvchi ahamiyatga egadir.