192 Tabiiy sharoit jamiyat taraqqiyotiga ikki xil ta’sir ko’rsatadi. Ma’lumki,
tirikchilik vositalari va tabiiy manbalarga boy bo’lgan mamlakatlarda yashovchi
xalqlar o’z tirikchiliklari uchun zarur bo’lgan mahsulotlarni tayyorlashda mablag’
va kuchni bunday tabiiy qulayliklarga ega bo’lmagan xalqlarga qaraganda ancha
kam sarflaydilar. Qulay tabiiy sharoitlar jamiyat taraqqiyotiga ma’lum darajada
yordam beradi. Qondirilishi mutlaq zarur bo’lgan tabiiy ehtiyojlarning miqdori
naqadar kam bo’lsa, yerning tabiiy hosildorligi naqadar ko’p bo’lsa va iqlim
naqadar qulay bo’lsa, ishlab chiqaruvchi hayotning saqlanish va takror qilinishi
uchun zarur bo’lgan ish vaqti shuncha kam bo’ladi. Demak, uning boshqalarga
ketadigan ortiqcha mehnati uning o’ziga ketadigan mehnatga nisbatan shuncha
ko’p bo’lishi mumkin. Aksincha, tabiiy sharoit noqulay bo’lib, kishilarning asosiy
vaqti, mablag’ va mehnati tirikchilik vositalarini yaratishga ko’proq sarf
bo’lsa, u holda jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlari nisbatan sekinroq
rivojlanadi. Noqulay tabiiy sharoit jamiyat taraqqiyotiga birmuncha salbiy ta’sir
ko’rsatadi.
Agar odamlar tabiiy sharoitlar bilan cheklanib, barcha tirikchilik vositalarini
tabiatdan tayyor holda olganlarida (bunday bo’lishi mumkin emas, albatta) jamiyat
taraqqiyoti juda sekin rivojlangan bo’lardi, odamlarda taraqqiyotga intilish,
mehnat qurollarini rivojlantirish, tabiiy kuchlarga qarshi kurashish zaruriyati ham
bo’lmasdi.
Turli tarixiy sharoitlarda tabiiy sharoitlarning jamiyat taraqqiyotiga ta’siri
aynan bir xil bo’lgan emas. Ibtidoiy jamoa tuzumida odamlar o’zlarini qurshab
olgan tabiatga butunlay qaram bo’lganlar. Ular tabiatni emas, balki tabiat ularni
o’ziga butunlay bo’ysundirgan. Chunki hali bu davrda fan, texnika o’smagan,
madaniyat rivojlanmagan, mehnat qurollari oddiy bo’lgan. SHuning uchun ham
odamlarning hayoti tabiiy sharoitlar qulayligiga ko’p jihatdan bog’liq edi.
Boshlang’ich davrda odamlar shuning uchun ham daryo bo’ylarida, tog’
yonboshlarida, tuprog’i serhosil joylarda, o’rmonlari va hayvonot dunyosi serob
bo’lgan joylarda yashashga harakat qilganlar.