1989 yil Intel kompaniyasi navbatdagi 80486 rusumli mikroprosessorlarini sotuvga chiqardi. Ularning DX va SX variantlaridan tashqari, yana SLC varianti ham ishlab chiqarila boshlandi. Yangi mikroprosessorning bu varianti elektr quvvatini kam sarflashi bilan ajralib turardi va akkumlyator batareyasidan foydalanadigan noutbuklarda ishlatish uchun mo’ljallangan edi.
Bundan tashqari, bu mikroprosessorlarda birinchi marta mikroprosessor korpusiga joylashgan va kesh (cashe – naqd yoki yashirilgan) xotira qo’llanila boshlandi. Bu xotira hajmi kompyuterning tezkor xotirasiga nisbatan juda kichik bo’lsa-da, kesh xotira bir necha barobar tez ishlardi va mikroprosessor ishini bir qadar tezlashishiga olib keldi. 80486 da kesh xotira hajmi bor-yo’g’i 8 kilobayt bo’lgan bo’lsa, zamonaviy mikroprosessorda ularning hajmi 12 Megabaytgacha bo’lishi va mikroprosessordagi tranzistorlarning va mikroprosessor narxining 90% gacha qismi bu xotira ulushiga to’g’ri kelishi mumkin.
1993 yildan Intel kompaniyasi navbatdagi, o’zining eng mashhur savdo belgilaridan biri bo’lgan Pentium (lotin tilida beshlik degan ma’noni anglatadi) deb nom olgan mikroprosessorlarini ishlab chiqara boshladi. Kompyuter jurnallari va texnik adabiyotlarda bu mikroprosessorlar an’anaviy ravishda 80586, keyingilari 80686 deb atalishiga qaramay, Intel kompaniyasi bunday nomlashdan voz kechdi. Bunga sabab, ba’zi mamlakatlarda kompaniya o’z mahsulotlarini patentlay olmaganligidir, chunki bu mamlakatlarning qonunchiligida savdo belgisi faqat raqamlardan iborat bo’lishi mumkin emasligi belgilab qo’yilgan edi. Bundan foydalanib, ba’zi kompaniyalar o’z mikroprosessorlarini 80486 deb belgilay boshladilar.
Pentium mikroprosessorlari va ular asosida yaratilgan Pentium shaxsiy kompyuterlari dunyodagi shaxsiy kompyuterlar parkining yangilanishiga olib keldi. Bu savdo belgisi shu qadar mashhur edi-ki, Intel kompaniyasi 2000 yilgacha ishlab chiqargan o’zining yettita mikroprosessor- larini shu nom bilan atadi.
1994 yil Pentium Pro (Professional), 1996 yil Pentium MMX (MultiMedia eXtansion – multimedia kengaytmali), 1997 yil Pentium II, 1998 yil Pentium Celeron, 1999 yil Pentium III, 2000 yil Pentium 4rusumidagi mikroprosessorlari sotuvga chiqarildi.
Mavjud texnologiyalardan oxirigacha foydalanish bilan birga, paydo bo’lgan muammolarni hal qilishning yangi yo’llari ham qidirila boshlandi. AMD kompaniyasi 2003 yili bozorga birinchi 64 razryadli mikroprosessorni chiqarib, bu muammoni qisman bo’lsa-da hal qildi. Bunga javoban Intel kompaniyasi 2004 yil avval virtual (dasturiy) ikki yadrodan iborat Pentium Prescort, keyin 2005 yil haqiqiy ikki yadroli Pentium D (dual – qo’sh) mikroprosessorlarini sotuvga chiqardi. Lekin bu urinishlar Pentium prosessorlarining obro’sini qayta tiklay olmadi. Intel kompaniyasi yana bir marta o’zining mashhur savdo belgisidan voz kechishga majbur bo’ldi. Navbatdagi prosessorlar ularning ikki yadroli ekanligiga urg’u bergan holda DualCore va Core2Duo deb atala boshlandi. Ulardan keyin 2007 yil to’rt yadroli Core Quad mikroprosessorlari ham sotuvga chiqarildi. Kuchli raqobat tufayli Intel 64 razryadli mikroprosessorlarni, AMD esa ko’p yadrolilarini chiqarishga majbur bo’ldi.
2009 yildan boshlab Intel kompaniyasi Core i3, Core i5 va Core i7 rusumidagi mikroprosessorlarni sotuvga chiqardi. Ulardan birinchisi noutbuklar uchun, ikkinchisi arzon, uchinchisi qimmat kompyuter modellari uchun tavsiya qilingan bo’lsa ham kompyuter ishlab chiquvchi kompaniyalar har doim ham bu tavsiyalarga rioya qila bermaydilar. Bu prosessorlarning eng tezlarida ajraladigan issiqlik miqdori bir necha yuz vatt bo’lib, ularni samarali ravishda sovutish uchun 1156 va 1366 oyoqli yangi slotlardan foydalanila boshlandi. Solishtirish uchun 8086 mikroprosessorida 40 oyoqcha bo’lganini aytib o’tish mumkin.
Dunyodagi bir qator mamlakatlarda beshinchi avlod kompyuterlari ustida ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Kvant fizikasidagi yutuqlar beshinchi avlod kompyuterlari kvant kompyuterlari bo’lishini belgilab berdi. Hozirgi kundayoq ularning quvvati zamonaviy kompyuterlardan bir necha tartibga yuqori bo’lishi aniq bo’lib qoldi. Bitta kislorod molekulasi O2 (unda 16 ta elektron bor)da yasaladigan kvant kompyuterining razryadlari soni 216=65536 ga teng bo’ladi. Bunday kompyuterlarni yaratish ishlari boshlab yuborilgan va 2020 yilga kelib birinchi kvant kompyuterlarini yaratish mo’ljallanayapti. Bu kompyuterlar yaqin o’n ming yilda qilina olinmaydi, degan masalalarni tezda hal qilinishiga olib keladi.
Hozirgi kunda neyron kompyuterlari ustida ham ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ularning ishlash prinsipi inson miyasining faoliyatiga o’xshab ketadi, lekin undan bir necha ming marta tezroq ishlaydi. Neyron kompyuterlarning yaratilishi kompyuterlar bugungi kunda hal qila olmayotgan bir qator muammolarni hal qilish imkonini beradi.
Yuqorida aytib o’tilganidek zamonaviy kompyuterlarning barchasi Fon Neyman tamoyillari asosida yaratilgan, ya’ni ularning barchasi bir xil funksional tuzilmaga ega.