Birga-bir bog‘lanish eng ko‘p uchraydigan bog‘lanish bo‘lib, unga misollar
ko‘p. Masalan, jadvaldagi har bir o‘quvchi uchun uning sinfini bir qiymatli qilib
aniqlash mumkin (o‘quvchi aniq bir sinfda o‘qiydi). Shunga o‘xshash, har bir o‘quvchi
uchun uning manzili, bo‘yining uzunligi, og‘irligi, tug‘ilgan sanasi yagonadir.
Bularning hammasi birga-bir bog‘lanishga misol bo‘la oladi.
Birga-ko‘p bog‘lanishda har bir ob’ektga bir nechta boshqa ob’ekt mos keladi.
Masalan, bir otaga bir nechta farzandlar to‘g‘ri keladi. Bunday bog‘lanishga
kompyuterning fayllar tizimi ham misol bo‘ladi. Har bir faylga faqat bitta u
joylashgan katalog mos keladi, lekin bitta katalogda bir nechta fayllar joylasha
oladi. "Kutubxona" ma’lumotlar omborida ham bunday bog‘lanish mavjud: har bir
o‘quvchi bir nechta darslik olishi mumkin.
Ko‘pga-bir bog‘lanish birga-ko‘p bog‘lanishning aksi bo‘lib, bir turdagi bir
necha ob’ektlarga ikkinchi turdagi bir ob’ekt mos keladi. Birga-ko‘p bog‘lanishga
buva-buvi va nabiralar misol bo‘lsa, buva-buvilar va nabira ko‘pga-bir bog‘lanishga
misol bo‘ladi: chunki har bir nabiraning, odatda, buva-buvisi bo‘ladi. "Kutubxona"
ma’lumotlar omborida ko‘pga-bir bog‘lanish sifatida bir necha o‘quvchilarning bir
turdagi darslikdan, masalan, 8-sinf informatika darsligidan foydalanishlarini
keltirish mumkin.
Ko‘pga-ko‘pbog‘lanishga misol sifatida 9-a sinf o‘quvchilari to‘plami bilan
ular foydalanayotgan darsliklar to‘plami orasidagi bog‘lanishni keltirish mumkin.
Odatda sinf o‘quvchilarining hammasi kerakli barcha darsliklar bilan
ta’minlangan bo‘ladi va ular orasidagi bog‘lanishlar har bir darslikning
o‘quvchilar bilan bog‘lanishlari to‘plamidir, ya’ni bu bog‘lanishlarning o‘zini
ko‘pga-bir va birga-ko‘p bog‘lanishlar orqali ifodalash mumkin. O‘z navbatida bu
yerdagi ko‘pga-bir va birga-ko‘p bog‘lanishlarni ham soddalashtirib, birga-bir
bog‘lanish ko‘rinishiga keltirish mumkin. Bu esa quyidagicha bajariladi: ikki
ustunli jadval tuzamiz, birinchi ustunga o‘quvchining familiyasini, ikkinchi
ustunga o‘quvchi olgan darslikni yozamiz. Agar o‘quvchi bir necha darslikdan
foydalanayotgan bo‘lsa, jadvalda shuncha satrning birinchi ustuniga o‘quvchi
familiyasi, ikkinchi ustunga esa u foydalanayotgan darsliklarni ketma-ket yozamiz.
Bu amalni sinfdagi barcha o‘quvchilar uchun bajarib, birga-bir bog‘lanishlardan
iborat bo‘lgan jadvalni hosil qilamiz.
Umuman olganda, har qanday bog‘lanishlarni birga-bir bog‘lanishlar to‘plami
ko‘rinishiga keltirish mumkin. Bu narsa isbot qilingan bo‘lib, informatikada
undan keng foydalaniladi va natijada har qanday ma’lumotlar to‘plami va ular
orasidagi bog‘lanishlar jadval ko‘rinishidagi ma’lumotlar omboriga keltiriladi.